KFCning O‘zbekistondagi vakillari barcha taomlarning “Halol” standartlariga muvofiqligi haqida xabar berdi.
Yunon-rum kurashchisi Sultonbek Elmuratovdan 2021 yil oktabr oyida musobaqadan tashqari davrda olingan doping sinamasidan taqiqlangan Furosemid moddasi aniqlangan. Sportchi 2025 yil 22 dekabrga qadar sportdan chetlatildi.
Kadastr agentligi direktori Fazliddin Umarov Samarqand shahar hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Boburmirzo Oblakulovning o‘rnini egalladi.
DXX Nukus davlat pedagogika instituti qurilishida pudratchi «Jayhun Universal Qurilish» va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» mansabdorlari 12,7 mlrd so‘mni o‘zlashtirganini ma’lum qildi. Boshqa bir holatda esa pudratchi kompaniyalar ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun budjetdan ajratilgan 17,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.
Germaniyaning Transfermarkt sayti Markaziy Osiyo mamlakatlari futbol terma jamoalari reytingida O‘zbekiston terma jamoasi 31,80 mln yevroga baholanib, mintaqa reytingida peshqadam bo‘ldi. Eldor Shomurodov (12 mln yevro) esa ushbu mintaqaning eng qimmat futbolchisi deya qayd etilgan. Reytingda oxirgi o‘rinni Turkmaniston jamoasi egallagan.
Markaziy Osiyo davlatlariga narkotrafikka qarshi kurash maqsadida chegara punktlari funksiyalarini kuchaytirish uchun uskunalar yetkazib beriladi. Miqdori taxminan 4,1 million dollarga teng beg‘araz yordam Yaponiya hukumati tomonidan ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi adliya vaziri va Toshkent bosh imom xatibi o‘rtasidagi odamlarning «do‘zaxga tushish-tushmasligi borasidagi tanlovi» borasidagi bahslar yuzasidan munosabat bildirdi. Idora Odob-axloq komissiyasi chaqirilgani, unda imom-xatiblarga ixtilofli mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik borasida tushuntirish berilganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonga COVAX global dasturi doirasida yana 2,8 milliondan ortiq Moderna vaksinasi keltirildi.
Yanvar oyida O‘zbekiston aholisi 506,1 mln dollar miqdorida transchegaraviy pul o‘tkazmalarini qabul qildi. Shuningdek, bu davrda aholi chet elga 127,6 mln dollar hajmida pul o‘tkazmalarini yubordi. Bu oyda aholi banklardan 613,6 mln dollar (2021 yilning mos davriga nisbatan 61 foizga ko‘proq) xorij valyutasi xarid qildi, tijorat banklari esa 464,2 mln dollar miqdorida valyuta sotib oldi.
Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida bog‘cha tarbiyachilari ko‘p qavatli uylar pod’ezdlarini tozalashga jalb etildi. Viloyat MTB ular o‘z ixtiyori bilan tozalash ishlarida qatnashganini ma’lum qildi. Shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi esa bu ishlarda nafaqat bog‘cha tarbiyachilari, balki aholi, barcha tashkilot va korxonalar xodimlari ham qatnashgani, bundan keyin ham shunday bo‘lishini ta’kidladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 11,33 so‘mga ko‘tarilib, 10 856,41 so‘mni tashkil qildi. Yevro va rubl kurslari esa pasaydi.
Shavkat Mirziyoyev payshanba kungi yig‘ilishda bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratilishini ma’lum qildi. Qolaversa, har yili uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar xodimga imtiyozli ipoteka krediti beriladi.
O‘zbekistonga yil boshidan beri 364 kg giyohvandlik vositasi hamda 181 mlrd so‘mlik tovarlar noqonuniy kirib kelishining oldi olingan. Shavkat Mirziyoyev kontrabandaga qarshi kurashish maqsadida 80 foiz tovar kirib keladigan 22 ta bojxona postini 3D-skaner, rentgen apparati, videokuzatuv kamerasi, transport tarozisi kabi uskunalar bilan jihozlashga ko‘rsatma berdi. Buning uchun esa 370 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi fermer xo‘jaligining uch yollanma ishchisi is gazidan vafot etdi. Ular qo‘lbola sandalga yoqilgan ko‘mirdan chiqqan is gazidan zaharlanishgan. Tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
Tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov Meltwater Chempionlar turida ilk o‘yinini o‘tkazadi. U birinchi bo‘lib gollandiyalik grossmeyster Anish Giriga qarshi o‘ynaydi, shuningdek, Magnus Karlsen, Din Lijen, Yan Nepomnyaiy, Levon Aronyan va boshqa shaxmatchilar bilan ham bellashadi.
Prezident payshanba kungi yig‘ilishda bojxonachilarning halol ishlashini ta’minlash maqsadida bitta postda 3 yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinishini aytdi. Qolaversa, tizimdagi xodimlar daromadi va mol-mulki deklaratsiya qilinadi, 1 martdan esa barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Prezident bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Bojxona boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerak», deya qayd etdi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 20 raqami tushirilgan namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki «Davlat belgisi» korxonasi tomonidan 2014 yilda chiqarilganligi ma’lum qilindi. U reklama mahsuloti sifatida chiqarilgan va hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emas.
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1,2 mln ga bo‘lgan «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i, Tomdi tumanida umumiy maydoni 40 ming ga bo‘lgan «Oqtog‘-Tomdi» davlat qo‘riqxonasi tashkil etilmoqda.
Xonqa tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi 720 mln so‘mlik soliq to‘lovini kamaytirib berish evaziga tadbirkordan 5 ming dollar pora olganida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Xorazmdagi boshqa bir holatda esa ikki nafar shaxs tadbirkorga noqonuniy yo‘l bilan 10 mlrd so‘m kredit olib berishga uringanlikda gumon qilinmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting