Prezident qarori bilan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hamda OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tutash hududda «Zakovat intellektual o‘yinlari klubi» uchun alohida bino hamda «Intellektual o‘yinlar shaharchasi» barpo etiladi. Qolaversa, «Zakovat» stipendiyasi joriy etiladi.
Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. MBda o‘tgan yili inflyatsiyani yuzaga keltirgan asosiy omillar oziq-ovqat va energiya-yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada o‘sishi ekanligi ta’kidlandi. «Inflyatsion jarayonlar yil so‘ngida noaniqliklar va pandemik xatarlar fonida narxlarga uzoqroq muddat davomida bosim yaratishi mumkin», — deyiladi regulyator xabarida.
Hukumat qarori bilan IIV tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi, uning o‘rniga topilmalarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish bo‘yicha xizmatlar DXM tomonidan ko‘rsatiladi. Topilmalar 6 oygacha saqlanadi, agar bu vaqt ichida egasi aniqlanmasa, ashyo davlat mulkiga o‘tadi va auksionda sotib yuboriladi.
Hukumat bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht importi va sotuvida QQSning nol stavkasini 30 aprelgacha uzaytirishni rejalashtirmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar Jizzax Organic va Promeat chorvachilik va go‘sht yetishtirish sohasida ahvolning qanday kechayotgani, QQSdan ozod qilish qanday oqibatlar va xavf-xatarlarga olib kelishi, go‘sht narxi oshishining oldini olish uchun qanday muqobil yechim taklif qilishlari haqida so‘zladi.
Payshanba kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 200 ming so‘mlik banknotalarni ishlab chiqarish reja qilinayotganini ma’lum qildi. Yangi kupyuralar 2024 yildan muomalaga kiritilishi kutilmoqda.
“Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” serialidagi behayo epizodlarga nisbatan bildirilgan tanqidlardan so‘ng, telekanal rahbari Amira Rashidova munosabat bildirdi. “Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz”, — dedi u. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov esa serial “haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz” ekanligini tan oldi.
O‘tgan yili Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida xorijda vafot etgan 518 nafar fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, agentlik og‘ir ahvolga tushib qolgan 321 nafar fuqaroning vatanga qaytishiga ham yordam bergan.
Bunyod Abdullayev oradan qariyb 1 yil o‘tib, Ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimiga qayta tayinlandi. U 2021-yilning fevralida ishdan bo‘shatilgandi.
Prezident qaroriga asosan maktablardagi yoshlar yetakchilari shtat birliklari qisqartirilib, uning o‘rniga respublikadagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ularga mahalladagi xonadonlar soniga qarab, 4 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha maosh to‘lanadi. Har chorakda eng ilg‘or 100 nafar yetakchi esa bir oylik maoshga teng pul mukofoti hamda «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi o‘tgan yili xayriya, zakot, diniy tashkilotlar, aksiyalar, homiylar va hamkor tashkilotlardan kelib tushgan 69 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirdi. Shundan 36 mlrd so‘mdan ko‘prog‘i masjidlar va ziyoratgoh xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, qariyb 7 mlrd so‘mi nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga yordam berishga, yana 10 mlrd so‘mi pandemiya davrida diniy soha vakillarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.
Ketma-ket ikkinchi kun antirekord yangilandi, chorshanba kuni yana 1307 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Yana 4 nafar bemor virus asoratlari oqibatida vafot etdi.
«O‘zbekneftgaz» jamiyati tizimida 2021 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 717,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 91,9 mlrd so‘m kamomad va o‘zlashtirishlar, 57,8 mlrd so‘m jamiyatga zarar, 219,9 mlrd so‘m boshqa xato va kamchiliklarni tashkil qildi.
Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Abatbay Daniyarov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
«Siyosiy buyurtma» ga uchragan poytaxtlik deputat, qayta ko‘rib chiqiladigan Toshkent jamoat transporti konsepsiyasi, tanqidlar ostida qolgan «Sabriya» seriali, O‘zbekiston va Tojikiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmasligini aytgan Pentagon, mijozlarga magnitolasiz yetkazib beriladigan Lacetti va Cobalt, ishdan chetlatilayotgan emlanmagan ishchilar, Miraziz Bozorov ishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 19 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent jamoat transportidan foydalanish darajasi bor-yo‘g‘i — 21 foizni tashkil qiladi, tizimda qariyb 400 ta avtobus yetishmaydi. Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas, buning oqibatida YTHlar ko‘p sodir bo‘lmoqda, deya ta’kidlandi prezident ishtirokidagi taqdimotda. Shavkat Mirziyoyev yangi avtobus hamda elektrobuslar xarid qilish va umuman, jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Sud 20 yanvar kuni toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rishni boshlaydi. Jabrlanuvchilar 4 kishidan iborat bo‘lib, ular orasida bloger Shuxrat Musayev hamda Abror Muxtor Aliy ham bor.
O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 45−50 ming nafar fuqaro koronavirusni aniqlash maqsadida PZR-test topshirmoqda. Dekabrning so‘nggi haftasida ushbu ko‘rsatkich 15−20 mingtani tashkil qilgandi. Qolaversa, poytaxtning 12 ta tumanida 24 soat davomida kovidga bepul test topshirish mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxati e’lon qilindi.
Fransiya taraqqiyot agentligi 2022−2026 yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida 100 mln yevro qarz ajratadi. Loyihaning umumiy qiymati 147,7 mln yevro bo‘lib, u dastlab Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida, keyinchalik qolgan hududlarda amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qirg‘ovullar sonini ko‘paytirish maqsadida hududda 2 yil davomida ularni ovlashga taqiq e’lon qildi. Ekoqo‘mita va IIVga qirg‘ovullarni noqonuniy ovlanishning oldini olish va qoyidabuzarlarga nisbatan choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari Asilbek Ashurov Paxtakor tumani hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda 2018 yildan beri ishlab kelayotgan Shukrullo Boboyevning o‘rnini egalladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting