2022-yil yakuni qadar barcha davlat OTMlarining o‘quv adabiyotlari, davomat, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari to‘liq elektronlashtiriladi. Qolaversa, kelgusi yildan ta’lim muassasalari chet el fuqarolari o‘qishini xorijdan ko‘chirish, talabalar formasi va imtihon fanlarini o‘zi tasdiqlaydi.
Milliy bank protsessing markazi negizida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi ishlab chiqiladi. U pul o‘tkazmalarini «boshqa to‘lov tizimlari bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning iltimosi va ixtiyoriy tanloviga ko‘ra» amalga oshiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Latviya, Vengriya, Fransiya va Saudiya Arabistoni Podshohligining yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Qolaversa, uchrashuvda davlat rahbari O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishini aytib o‘tdi.
27 dekabrdan e’tiroban yangi namunadagi 50 ming va 100 ming so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarildi. Markaziy bank «Gazeta.uz»ga 50 ming so‘mlikdagi xatolik bartaraf etilganini ma’lum qildi (foto).
Afg‘oniston hukumati haydovchilarga mashinada musiqa yoqmaslik, shuningdek, ayollarni hijobsiz olib yurmaslik haqida yozma ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari, ayollarni uzoq masofaga hamrohsiz olib yurish ham taqiqlanadi.
O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat to‘liq onlayn ravishda amalga oshirildi. Videokonferensaloqa orqali voyaga yetmagan bolani xorijga olib chiqishga rozilik arizasi rasmiylashtirildi.
1-yanvardan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasiga moliyaviy mustaqillik beriladi. Endi ushbu muassasalar to‘lov-kontrakt miqdori va muddatini, mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish hamda o‘z hisobidan talabalarga stipendiya va grantlar ajratishni mustaqil belgilaydi. 2023 yildan esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu ro‘yxatni kengaytirish huquqi beriladi.
O‘zgidromet yil oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qildi. Ammo harorat me’yordagidan 5−7 daraja pastroq bo‘ladi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov 2028-yilgacha dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 mlrd dollardan oshirish asosiy maqsad sifatida belgilab olinganini ma’lum qildi.
Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev qorbobo kiyimida ehtiyojmand oilalar xonadoniga tashrif buyurib, bir martalik moddiy yordam pullari, prezident tabrigi va bayram sovg‘alarini ulashmoqda. Viloyatda jami 11 816 ta xonadonga moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan.
O‘zbekistonga 11 oy davomida qiymati 502,8 mln dollarga teng bo‘lgan 23 mingdan ziyod yengil avtomobil import qilindi. Xususan, xorijdan 13,8 mln dollarga 689 ta elektromobil keltirildi.
Xo‘jaobod tumanida kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagan korxonaning garovga qo‘yilgan uchta ko‘chmas mulki va Hyundai porter avtotransport vositasi xatlanib, 10 foiz arzonlashtirilgan narxda bank balansiga o‘tkazildi.
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 11 foiz yoki 3,7 mlrd dollarga o‘sib, 1-oktabr holatiga ko‘ra, 37,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda davlat qarzi 22,9 mlrd dollar, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 14,7 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Urganch shahridagi «Perinatal markazini qayta ta’mirlash» obyektini foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi almashtirildi. Bunga sabab qilib viloyat hokim o‘rinbosari, komissiyasi raisi B.Qurbanov va bosh pudratchi tashkilot rahbari o‘zaro affillanganligi aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat rahbari hokim o‘rinbosarining ukasi hisoblanadi.
Buxoroda fuqaro Milliy gvardiya xodimi xizmat vaqtida avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Safdorni urib ketganlikda gumon qilingan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olindi.
Andijon viloyati hokimining farmoyishi bilan hokim yordamchilarining uniformasi uchun 855 mln so‘m ajratildi.
20 yildan ortiq vaqt davomida aql janglari maydoni bo‘lib kelayotgan «Zakovat» ko‘plab bilimdonlarni xalqqa tanitdi. «Gazeta.uz» «Zakovat» yulduzlari bilan suhbat uyushtirib, ular klubga qanday kirib kelganligi, asosiy raqib sifatida kimni ko‘rishlari, nega o‘yinni tark etmasliklari va yangi avlodni qanday qilib jalb qilish mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi. Materialning uchinchi qismida bilimdonlar Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziza Ibragimova bilan suhbatlarni taqdim etamiz.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning uchta tumani hokimlarini jarimaga tortdi. Tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi reytingidan kelib chiqib, uch nafar hokimga esa ustama belgilandi.
26 dekabr kuni soat 11:00 dan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining «Taxtaqoracha» dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi. Bunga dovonda tinimsiz qor yog‘ishi sabab bo‘lgan.
Oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda akademik litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarining qishki ta’tillari 25 dekabr kuni belgilanganidan uch kun oldin boshlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting