Toshkentda Oliy sud raisi Kozim Komilovga tegishli Malibu rusumli xizmat mashinasi YTHga uchradi. Hodisa yuz berganda rais mashinada bo‘lmagan. Avtomobil haydovchisi hozirda davolanmoqda.
O‘zgidromet tomonidan Toshkent shahrida kunduzi o‘tkazilgan qor namunalari tahlillari qordagi ifloslantiruvchi moddalarning miqdori sezilarli darajada emasligi va inson salomatligiga ziyon yetkazmasligini tasdiqladi. Shuningdek, yog‘inlar yoqqanda birinchi yarim soatda tashqarida bo‘lish tavsiya etilmasligi, chunki bu vaqtda asosiy ifloslanish miqdori atmosferadan yuvilishi aytildi.
Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontahur tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti uzilishlar kuzatilmoqda. Bunga Zangiota tumanidagi “Xaskovo” podstansiyasida qisqa tutashuv natijasida o‘chish sabab bo‘lgan.
Navoiy viloyati Konimex tumani Lolazor nomli cho‘l hududida bir guruh fuqarolar tuproq tarkibidan tilla qumlarini kavlab olish vaqtida 4 nafar fuqaro qum bosib qolishi oqibatida halok bo‘ldi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylanganidan keyingi ilk ikki tomonlama tashrifi 19-noyabr kuni Rossiyaga bo‘ladi.
«Toshkent suv ta’minoti» Olmaliq shahar filiali boshlig‘i va yetakchi mutaxassisi tadbirkordan savdo majmuasini qurishda sarflanayotgan suv bayonnomasini bazaga kiritmaslik uchun 2000 dollar talab qilgani aytilmoqda. Yetakchi mutaxassis pullarning bir qismini olganida qo‘lga tushgan.
Prezident farmoni bilan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati tartibga solinmoqda. Endilikda klasterlar maxsus komissiya xulosasi asosida Hukumat qarori bilan tashkil qilinadi va 30 yilga bitim tuziladi. Tomonlardan biri qarshi bo‘lsa, majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmasa yoki klasterga a’zo fermerlarning 66 foizi murojaat qilsagina bitim bekor qilinadi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,46 so‘mga ko‘tarilib, 10 755,26 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari esa pasaydi.
Afg‘onistonda 2021 yilda afyun yetishtirish hajmi 8 foizga o‘sib, 6,8 ming tonnaga yetdi. Bu esa 320 tonna sof geroin dunyo bo‘ylab bozorlarga kirishini anglatadi, deyiladi BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotida.
Qirg‘izistonda kuzatilgan zilzila O‘zbekiston hudularida ham sezildi. Jumladan, Xonobodda 3−4 ball, Qo‘rg‘ontepada 3 ball, Jalaquduqda 3 ball, Paxtaobodda 3 ball, Asakada, Norin, Marhamat va boshqa tumanlarda 2 ballik silkinishlar qayd etildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1 noyabr holatiga O‘zbekistonning oltin valyuta zaxirasi 35,21 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan oy bilan taqqoslaganda, zaxiralar 797,1 mln dollarga yoki 2,3 foizga o‘sgan. Bunga jahon bozorida oltin narxining ko‘tarilishi sabab bo‘lgan.
Qattiq qor va havo haroratining keskin tushishi sababli Toshkent aeroportida qator reyslar kechiktirildi. Dubayga uchgan HY-333 reysining samolyoti yo‘lovchining qarindoshi vafot etgani sababli uchishdan bosh tortgani sababli kechiktirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yil oxirigacha Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda Qozog‘iston davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqotda kelishuvga erishildi.
Rossiyaning yana sakkizta oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochish niyatida, ulardan uchtasi yaqin kunlarda o‘zbekistonlik talabalarni qabul qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumida muhokama qilindi.
Chorshanba kuni erta tongda poytaxtda iflos qor yog‘di. O‘zgidromet bunga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, bu inson salomatligiga ziyon yetkazmasligi aytilmoqda.
Buxoro viloyatining Kogon shahridagi suv quvuri yotqizilish vaqtida tuproq o‘pirilishidan 2 kishi halok bo‘lgan edi. Holat yuzasidan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov respublikadagi barcha mahallada hokim yordamchisi lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan o‘tkazilayotganiga izoh berar ekan, «bu noqonuniy», deya ta’kidladi. «Hech kimni majbur qilishga haqqi yo‘q… Tazyiqlar bo‘ladigan bo‘lsa murojaat qilishi mumkin», — dedi u. Vazir shuningdek, kasbni erkin tanlash konstitutsiyaviy huquq ekanligini eslatib o‘tdi.
Abdug‘affor Qirg‘izboyev Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi. Universitetning sobiq rektori Alisher Umarov lavozimidan ozod etildi.
17 noyabr kuni «Xalqaro talabalar kuni» nishonlanadi. Talabalik — oltin davr, deyishadi. Chindan ham bu davr «oltin»mi, talabalikning qanday qiyinchilik va mashaqqatlari bor? «Gazeta.uz» turli universitetlarda o‘qiydigan talabardan mazkur savollarga javob oldi.
Prezident farmoni bilan 2018 yildan beri xalq ta’limi vaziri sifatida ishlab kelayotgan Sherzod Shermatov AKT vaziri lavozimiga tayinlandi. Uning o‘rniga esa 2017 yildan beri O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan Baxtiyor Saidov vazir bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting