10 iyundan boshlab seshanba va payshanba kunlari Toshkentdan Moskvaga yana ikkita muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shimcha reyslar seshanba kuni Uzbekistan Airways tomonidan va payshanba kuni «Aeroflot» tomonidan amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 31 dekabrgacha e’lon qilingan tashqi reklama obyektlarini joylashtirish, o‘rnatish, o‘zgartirish va pasportlarining berilishiga moratoriyni bekor qildi. Kengash 4 iyunda avvalgi qaroriga o‘zgartirishlar kiritgan, ammo bu haqda hali e’lon qilinmagan.
Iyun oyi boshida Toshkent shahrida kuzatilgan maksimal havo harorati deyarli o‘tgan asr boshlari va XIX asr oxirlarida ushbu kunlarda qayd etilgan maksimumlarni yangiladi.
Dollarning rasmiy kursi 16 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 571 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz ko‘tarildi.
Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi g‘isht zavodlaridan birida mehnat qilayotgan mahbuslarga mart-may oylari uchun ish haqlari to‘lab berilmagani aniqlandi. Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) aralashuvi bilan mahkumlarning oylik maoshlari to‘lab berilishiga erishildi.
Quacquarelli Symonds tomonidan e’lon qilingan World University Rankings 2022 reytingida Massachusets texnologiya instituti birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, kuchli uchlikni Oksford va Stenford universitetlari to‘ldirib turishibdi.
Toshkentda ehtiyotsizligi tufayli Damashi kanaliga tushib, cho‘kib ketgan o‘spirinning jasadi qidirilmoqda. Bundan tashqari, poytaxtning Bo‘zsu kanalida cho‘kib ketayotgan qizni qutqarib, ammo o‘zi suvdan chiqolmagan fuqaroni qidirish ishlari ham davom etmoqda.
Birinchi O‘zbekiston — Tojikiston investitsiyaviy forumi Boxtarda bo‘lib o‘tdi. Unda 50 mln dollarlik ustav kapitaliga ega O‘zbekiston — Tojikiston jamg‘armasi tashkil etilgani ma’lum qilindi. Forum yakunida avtomobil va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha bitimlar ham imzolandi.
Boysun GQIZ tovarbop gaz uzatish quvuri va tashqi suv ta’minotining asosiy manbasini loyihalash ishlari yakunlandi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekjonov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori etib tayinlandi. Teatrning sobiq direktori Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etgan edi.
Yangi Zelandiyaning Oklend shahri The Economist Intelligence Unit talqiniga ko‘ra, yashash uchun eng qulay bo‘lgan shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Damashq esa eng noqulay shahar deb topildi.
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari Spark avtomobili ustiga demontaj qilinayotgan reklama banneri qulaganligi holati yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha vaziyatga huquqiy baho beriladi.
Chiroqchi tumani «Ayratom» qishlog‘i aholisi elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi sabab poyezd yo‘lini to‘sib qo‘ydi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» bunga tuman hokimi ushbu muammoni hal qilish uchun qishloq aholisi bilan uchrashmaganligi sabab bo‘lganligini ta’kidladi. Tuman hoqimligi esa temiryo‘l to‘sib qo‘yilgan paytda hokim boshqa mahallaga ketayotgani va voqeadan xabar topgach, hududga borganini aytmoqda.
Salvador bitcoin kriptovalyutasini qonuniy to‘lov vositasi deb tan olgan ilk mamlakatga aylandi. Mamlakat prezidenti bu boradagi qonun hujjatini imzolashi bilan Salvadorda bitcoin kriptovalyutasini to‘lov uchun qabul qilishni majburiy qilib qo‘yiladi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi yig‘ilishda Muborak tumani hokimi Ulug‘bek Ernazarov lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rnini Qarshi tumani hokimining o‘rinbosari Akram Aripov egalladi.
Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasiga Turkiston — Toshkent — Turkiston va Olmaota — Samarqand — Olmaota yo‘nalishlarida O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi.
2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-toroj bo‘lgan yoki hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilgani ma’lum qilindi. Yerga oid qonunchilik bo‘yicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prezidentning yer munosabatlarini tartibga solishga oid farmoniga ko‘ra xorijiy investorlarga yer maydonlari ijaraga berilishi haqidagi muhokamalarga adliya vaziri Ruslanbek Davletov munosabat bildirdi. «Nimaga yer berilmasligi kerak?», — dedi u. Qolaversa, vazir chet elliklarga faqat noqishloq maydonlardan yer berilishi ko‘zda tutilganini qayd etdi. Biroq, u aytgan tartib farmonda mavjud emas.
O‘zbekistonda 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning kontrakt pullari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasasi hisobidan to‘lab beriladi.
Samarqanddagi AGTKSda gaz ballonli Nexia portladi, jabrlanganlar yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting