2017-yilda joriy etilgan tibbiy texnika va retseptsiz beriladigan dorilarga nisbatan narx cheklovi bekor qilinadi. Hozir cheklangan ustama distribyutorlarga 15%, dorixonalarga 20% ni tashkil etadi, u faqat retsept bo‘yicha beriladigan dorilar uchun qoladi. Shuningdek, farmkorxonalar QQS to‘lovchiga aylanadi.
Sergeli tumanida o‘zaro tanish bo‘lgan fuqarolar og‘zaki kelishmovchilik sabab janjallashdi. Tarmoqlardagi videoda voqea ishtirokchilaridan biri avtomobilni odamlar ustiga haydagani aks etgan. Oqibatda 5 kishi jarohat oldi, holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ushlandi.
Buxoroda to‘yi bo‘lgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari jarimaga tortildi. Bolalar ombudsmani nikoh yoshi talabining buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy kamol topish huquqlariga mutlaqo zidligini aytdi. Yil boshidan buyon sudlar tomonidan bu bo‘yicha 125 ga yaqin ish ko‘rib chiqilgan.
Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitidagi nutqida “Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik” kodeksi, ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida hamkorlikning “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, savdoni soddalashtirish bitimini ishlab chiqishni taklif qildi. “SHHT-Afg‘oniston” muloqotini tiklash muhimligi ta’kidlandi.
Xo‘janddan Dushanbe shahri tomon harakatlangan Nexia 2 avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda uch nafar o‘zbekistonlik fuqaro — mashina haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi.
Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotining 10-to‘laqonli a’zosiga aylandi. Qaror SHHTning Ostonadagi sammitida ma’qullandi.
O‘zbekistonning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga boradigan tarkibidan 23 nafar futbolchi joy oldi, ularning soni bittaga kamayishi mumkin. Shuningdek, tarkibda 3 nafar 23 yoshdan katta futbolchi — Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulovlar bor.
Shavkat Mirziyoyev Hindistonda diniy yig‘indagi tiqilinch oqibatida 120 dan ortiq odam halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakat prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi.
Umra tadbirlarini tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravari miqdorida boj to‘lash kerak. Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonning seldan zarar ko‘rgan O‘sh viloyati uchun 95 tonnali insonparvarlik yordamini yubordi. Uning tarkibida un, o‘simlik moyi, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar bor. Sel oqibatida hududda bir necha kishi vafot etgandi.
“Davlat belgisi” DUK tomonidan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlarining tanlovi e’lon qilindi. Komissiya dizayn loyihalarini o‘rganib chiqib, 15 ta g‘olibni tanlab oladi. 1-o‘rin uchun 20 mln, 2-o‘rin uchun 15 mln, 3-o‘rin uchun 10 mln va 4−15 o‘rinlarga 3 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.
“Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi 6-iyuldan boshlanadi. Loyihalarni 26-iyulga qadar kiritish mumkin. Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezident farmoni bilan, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi. Uning tuzilmasidagi tashkilotlar va qo‘shimcha funksiyalar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi.
Andijon viloyati prokurori sifatida ishlab kelayotgan Marufxon Xodjayev “Hududgazta’minot” AJning yangi rahbari bo‘ldi. Kompaniya ochilganidan buyon unga Bahodir Eshmuratov raislik qilib kelayotgandi.
“O‘zbekneftgaz” UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodini Daniyar Kamilov kompaniyasiga 519 mlrd so‘mga (42,3 mln dollar) sotgan bo‘lishi mumkin. Davaktiv va “O‘zbekneftgaz” haligacha kelishuv tafsilotlari haqida ma’lumot bermadi.
Pokiston va Xitoy rahbarlari bilan uchrashgan Mirziyoyev, suv bosgan Yunusobod ko‘chalari, “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha o‘zgarishsiz qoldirilgan hukm, Ozodbek Nazarbekov ishtirokidagi reklama roligi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Jo Baydenning Donald Tramp bilan debatdagi muvaffaqiyatsiz chiqishi Demokratik partiya ichida vahima va uning nomzodini almashtirish haqidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris eng yaxshi alternativ hisoblanyapti, deb yozdi Reuters.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida suv quvuridagi avariyani bartaraf etish ishlari yakunlandi. Suv ta’minoti tiklandi. Yerto‘lalarda namlik borligi uchun elektr hozircha ulanmagan.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel-may oylarida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni sezilarli darajada qisqartirgan. Fevral-mart oylarida 23 tonna oltin eksport qilingan bo‘lsa, aprel-mayda ko‘rsatkich 1 tonnani tashkil etgan.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mahalliy kiyim brendini reklama qilgani yuzasidan o‘rganish ishlari boshlandi, dedi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi. Jamoatchilik vazirning reklama roligidagi ishtirokini qonunbuzilish holati sifatida baholamoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting