“Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yil 1-mavsumi g‘oliblari e’lon qilindi. Respublika bo‘yicha jami 2 770 ta loyiha g‘olib deb topildi, endi ularni moliyalashtirishga 3,3 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu galgi ovoz berish jarayonlarida 11,7 mln kishi ishtirok etdi.
O‘zbekiston va YI o‘rtasida muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatini rivojlantirishga yordam beradi hamda YIga mis va molibden kabi foydali qazilmalarga yo‘l ochish imkoniyatini yaratadi.
Prezident qarori bilan o‘zini o‘zi band qilganlarga oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit jalb qilish imkoniyati berildi. Ayrim hollarda kreditlar naqd pul ko‘rinishida ajratilishi mumkin. Kredit muddati va imtiyozli davr ham oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Bundan tashqari, ular ikki davlat temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Qo‘shma korxona Transafg‘on yo‘nalishini rivojlantirishda ishtirok etadi.
Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston rahbari bilan muzokaralarda “Qozoq-o‘zbek tandemi hayotiy zarurat bo‘lib, faqat uyushibgina mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashimiz mumkin”, — deb ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev Xivada o‘tgan muzokaralarda transport va energetikada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish va boshqa masalalar bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, ular “Xiva gilamlari” kombinatini ko‘zdan kechirdi.
2023-yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 16 foizga — 2,6 mlrd dollardan 2,2 mlrd dollargacha qisqardi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YAIMga nisbati tarixiy maksimum — 8,6 foizga yetdi (7,8 mlrd dollar).
Tashkilot rahbarlarini Open Budget uchun ovoz yig‘ishga majburlagan Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov jarimaga tortildi. U ovoz yig‘olmagan rahbarlarni ishdan olish bilan qo‘rqitgan va ularni “noinsoflar” deya atagandi.
“Дыши” va yana oltita kinopremyera, ochiq osmon ostida kinonamoyishlar, teatrlardagi spektakllar, havo sharida ko‘tarilish, ko‘rgazmalar, ijodiy mahorat darslari va dam olish kunlaridagi boshqa tadbirlar — Afisha.uz jamlanmasida.
Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun yangi yo‘nalishlar, jumladan, HAMAS bilan urush boshlanganidan beri yopiq bo‘lgan anklav shimolidagi “Erez” nazorat-o‘tkazish punktini ochishini ma’lum qildi. BMT avvalroq G‘azoning shimoliy viloyatlarida ommaviy ocharchilik xavfidan ogohlantirgandi.
Toshkent viloyatida sinfdoshiga nisbatan bulling uyushtirgan, uni kaltaklab, haqoratlagan qizlarning ota-onalari javobgarlikka tortildi. Qizlar bilan maxsus psixologik korreksion ish olib borish uchun psixolog biriktirildi.
Toshkent shahri hokimligi prezidentning poytaxtdagi ikki tumanga tashrifi yakunlari bo‘yicha loyiha konsepsiyalarini ishlab chiqishga 825 mln so‘m ajratdi. “Chorsu” va “Eski jo‘va” bozorlari rekonstruksiyasi, “turizm halqasi”da yo‘laklar, mahallalarda mikro bog‘lar qurish va boshqalar shular jumlasidan.
Sergelida ochiq maydondagi qurilish chiqindilari yonib ketdi. Uni o‘chirish uchun 5 ta qutqaruv ekipaji chaqirildi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Urganch aeroportida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga tashrif buyurgan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayevni kutib oldi. Foto.
DXX Andijon, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida AQShga fuqarolarni noqonuniy yuborishni va’da qilganlarni qo‘lga oldi. Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga fuqarolardan 14 mingdan 19 ming dollargacha pul so‘ralgan.
Toshkentdagi Artdocfest Asia doirasida Ukrainadagi urush haqidagi “Sharqiy front” filmi namoyishi to‘xtatildi. Keyinroq festival direktori dasturning boshqa namoyishlari ham taqiqlanganini xabar qildi. Madaniyat vazirligi bunga tashkilotchilar belgilangan tartibda ruxsat olmagani sabab bo‘lganini bildirdi.
Shanba kuni aksariyat hududlarda yomg‘ir yog‘adi, shamol kuchayib, momaqaldiroq ham bo‘lishi mumkin. Havo harorati +15…+18 darajaga tushadi. Yakshanba kuni esa quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat yana +20…+23 darajagacha ko‘tariladi, kechalari +7…+12 daraja atrofida bo‘ladi.
Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan 10−13-aprel kunlari Samarqand−Toshkent−Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Xo‘jaobod tumanida Cobalt yo‘lning qarama-qarshi tarafiga chiqib ketishi sabab Damas bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida ikki mashina haydovchisi shifoxonada vafot etdi. Hodisada yana bir mashina — “Moskvich”ga ham zarar yetdi.
5−7-aprel kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayotgani sababli O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting