Qozog‘istonda YTHga uchrab, vafot etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi Surxondaryo viloyatiga olib kelindi va yashagan manzillariga yuborildi. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentiga jarayonda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Juma tongida Qozog‘istonda, Toshkentdan 20 km shimoli-g‘arbda 3,2 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Uning kuchi Toshkent shahri va viloyati aholisiga 2 balli darajada sezildi.
Farg‘ona viloyati Quva tumani tibbiyot birlashmasida bir kunlik chaqaloq polisintetik xaltada yerga tashlab qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. SSVning qayd etishicha, chaqaloq muddatidan avval tug‘ilgani sabab vafot etgan. Uning onasi dispanser nazoratida turmagan va homilani yashirib yurgan. Holat nazoratga olindi.
Chilonzor tumanidagi Abdulqosim Eshon madrasasi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurilishi oqibatida yodgorlikka 65,6 mln so‘m zarar yetkazilgan. Bu kabi holatlar Namangan va Andijon viloyatlarida ham sodir bo‘lgan. Bosh prokuratura ushbu faktlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
15 ta mashina ishtirokidagi YTH, Toshkent planetariysini ta’mirlashga 1,4 mlrd so‘m, FIFA reytingidagi o‘rnini yaxshilagan O‘zbekiston, “Toshkent bahori” opera va balet festivali va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Markaziy Osiyoning to‘rtta davlati va Ozarbayjon iyul oyida Qozog‘iston hududida keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Uzbekistan Airways Rossiyaga jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilarga mamlakatda isiriq giyohvand moddalarni o‘z ichiga olgan va nazorat qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilganini eslatdi. Aviakompaniya fuqarolardan o‘zlari bilan bu o‘simlikni olmaslikni so‘radi.
Oq uy AQShning NASA kosmik agentligiga Oy va boshqa samoviy jismlar uchun yagona vaqt standarti ishlab chiqishni topshirdi. Bu Oy atrofidagi kosmik kemalar va sun’iy yo‘ldoshlar uchun vaqt etaloni bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli bolalar shoiri Raim Farhodiy 82 yoshida vafot etdi. U bolalar uchun 50 dan ortiq she’riy va nasriy kitoblar yozgan. Vafotigacha Yozuvchilar uyushmasi Rusiyzabon adabiyot kengashi raisi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi.
Bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyati Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ma’muriyati murojaat yo‘llab, muassasada faol davolanishga muhtoj bo‘lmagan qiz borligi, ammo onasi uni olib ketmayotganini bildirdi. Oilaning ijtimoiy vaziyati o‘rganilib, onasi bilan uchrashildi va qiz yashash manziliga qaytarildi.
3-aprel kuni Tayvanda so‘nggi 25 yilda eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Orolning zilzilalarga moyilligi bor, ammo ularning 23 mln nafar aholiga ta’sirini zilzilalarga ko‘rilgan tayyorgarlik sabab kamaytirish imkoni topilgan. Tayvan buni qanday uddaladi — Reuters, AP va National Post hikoyalari.
Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev 5-aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. U Xiva shahrida ikki davlat o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi. Asosiy mavzular — o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish, hamkorlikni rivojlantirish.
7−28-aprel kunlari Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatrida “Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali bo‘lib o‘tadi. Unda o‘zbekistonlik san’atkorlar, Italiya, Germaniya, Qozog‘iston va Rossiyadan taklif etilgan solistlar ishtirok etadi.
Prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov budjet taqchilligi bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun fiskal qoidalarni kengaytirish va takomillashtirish, shuningdek, yangi qoidalarni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini aytdi. “Bu yilgi asosiy masala — makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash”, — dedi u.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida 2 pog‘ona yuqorilab, 64-o‘rinni egalladi. Osiyoda esa 8-o‘rinni qayd etdi. Reytingni Argentina, Fransiya va Belgiya terma jamoalari boshqarib bormoqda.
Mart oyida Turkiyada o‘zbekistonlik fuqaro ISHIDga aloqadorlikda gumonlanib, qo‘lga olingandi. Biroq ayblov tasdiqlanmagach, u qo‘yib yuborildi. Turkiyadagi bosh konsulxona ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik kanallarga kirmaslik, mutaassiblik ruhidagi nashida va ma’ruzalarni saqlamaslikni tavsiya qildi.
Prezident poytaxtning qadimiy qismida joylashgan, sayyohlik ko‘chasi barpo etilgan Gulbozor mahallasida bo‘ldi. Hudud kechayu kunduz faoliyat yuritishi va Shayxontohur tumanida tashkil etilayotgan “turizm halqasi”ning bir qismi bo‘lishi mumkin.
Yunusobod tumanida 14 ta davlat tashkiloti 24,5 gektarni egallab turibdi. Bosh vazir va Toshkent hokimiga yirik developerlar uchun ularning o‘rnida savdo obyektlari qurish taklifini berish topshirildi. Shuningdek, Yevro-5 standartidagi mashinalar xarid qilishning yangi mexanizmlari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Abdurauf Abduqayumov Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Odiljon Toxirov esa o‘rinbosar etib tayinlandi. Shuningdek, Azamat Abduraxmanov agentlikning texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshliq bo‘ldi.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov qator rahbarlarga Open Budget uchun ovoz yig‘ishda sustkashlik qilganini aytib, ularni “noinsof” deb atadi. “Kechgacha 50 tadan ovoz yig‘masang, hammangni yo‘qotaman”, deya ta’kidlagan Istamovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting