Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent jamoat transportida naqd pul bilan to‘lov narxini 3000 so‘mgacha oshirish rejasi borligini aytdi. Bunda naqdsiz to‘lovlar miqdori 1700 so‘m holida o‘zgarishsiz qoladi. “Elektron to‘lovga o‘tishga harakat qilyapmiz. Aholini shu narsaga qiziqtiryapmiz”, — dedi vazir.
Toshkent aeroportining uchib kelish zalida 1-apreldan boshlab Sixt Uzbekistan brendi ostidagi taksi xizmati faoliyat boshladi. Bu ushbu aeroportdagi Taxi Airport Tashkent`dan keyingi ikkinchi rasmiy taksi hisoblanadi.
3−8-aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sababli 9 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi yuzaga kelishi mumkin.
26-apreldan 12-mayga qadar Toshkentda VIII Xalqaro jaz festivali bo‘lib o‘tadi. Unda Germaniya, Isroil, Indoneziya, Polsha, Ruminiya, Ukraina, Fransiya va Shveysariyadan kelgan san’atkorlar chiqish qiladi.
Deputatlar Soliq kodeksining “qotil” nomini olgan 227−1-moddasini o‘zgartirish bo‘yicha qonunni qabul qildi. Bu modda yuzasidan jarima chorakdagi sof daromadning 100 foizidan 2 foizigacha kamayadi. Ma’lum bo‘lishicha, modda bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq tadbirkor jarimaga tortilgan va 700 mlrd so‘m jarima solingan.
Toshkentning deyarli barcha tumanlarida 15-aprel-20-may kunlari rejali profilaktika-ta’mirlash ishlari o‘tkazilishi sababli ichimlik suvi navbatma-navbat vaqtincha o‘chiriladi. Hududlarga maxsus texnikalarda suv yetkazib beriladi. Ro‘yxat.
Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga raketa hujumi uyushtirdi, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Tehron “keskin javob” bo‘lishini va’da qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga ularni “xorijiy vakillar” deb e’lon qilishga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni imzoladi. U qonun “mamlakatga foyda keltirishi”ni aytdi va bunday tashkilotlar “ta’qib qilinmasligiga” va’da berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlarining 2023-yildagi ochiqlik indeksi natijalarini e’lon qildi. Statistika agentligi, OKMK, Markaziy bank, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi eng yaxshi natijalarni qayd etdi.
G‘azodagi havo hujumida World Central Kitchen oziq-ovqat tashkilotining yetti xodimi halok bo‘ldi. Tashkilot bunda Isroilni aybladi, ammo Isroil armiyasi zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. WCK sektordagi ishini to‘xtatmoqda. G‘azoning 300 mingga yaqin aholisi yaqin orada ochlikdan o‘lim topishi mumkin.
“Bunyodkor” Rivaldo va Denilson bilan yangi kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar sezilarli ko‘rinishda kamaytirildi. Qarz Denilsonga 2026-yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanadigan bo‘ldi. Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028-yilga qadar har yili bir martadan amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Xitoy jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun Toshkentda prezident va ichki ishlar vaziri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda jamoat xavfsizligini ta’minlash, kadrlar tayyorlash, zamonaviy texnologiyalar joriy etish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Poytaxtdagi O‘zbekiston davlat drama teatrida ta’mirlash ishlari sababli bir muddat tomoshalar o‘tkazilmaydi. Ijodiy jamoa ko‘chma spektakl va gastrol safarlarini davom ettiradi. Avvalroq “Gazeta.uz” sharoitidan ko‘ra nomi ko‘proq o‘zgargan mazkur tomoshagoh haqida maqola e’lon qilgandi.
Toshkent hayvonot bog‘iga kirish narxi 5000 so‘mga qimmatladi. Bog‘ ma’muriyati buni hayvonlarni parvarishlash xarajatlari va kommunal xizmatlar narxi ortgani bilan izohladi.
Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Xusen To‘xtayev Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Ichki ishlar vazirligi uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish ko‘zda tutilgan qaror loyihasini e’lon qildi. Braslet shaxslarning oyog‘iga taqiladi. Bu amaliyotni 2024-yilda bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Seshanba kuni ta’mirlash ishlari tufayli poytaxtning Sergeli (10:00 dan 18:00 gacha) va Yangihayot (14:00 dan 17:00 gacha) tumanlaridagi ayrim joylarda gaz yetkazib berish to‘xtatiladi.
Durdona Rahimova Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari lavozimiga qaytdi. U bunga qadar sport vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Rustam G‘afurov Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani hokimi bo‘ldi. U bunga qadar viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i edi.
O‘n minglab odamlar Tel-Aviv va Quddus ko‘chalariga chiqib, Isroilda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish va HAMAS garovidagilarni ozod qilishni talab qildi. Bu namoyishlar G‘azo urushi boshlanganidan beri mamlakatdagi eng yiriklari bo‘ldi. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlardan foydalandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting