Senat qo‘mitasi OAV va blogerlar ishtirokida Qonunchilik palatasi qabul qilgan va yaqinda Senat ham ko‘rib chiqishi kutilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda tarqatganlik uchun jazo haqidagi normani muhokama qildi. Batafsil.
Singapur transport vaziri korrupsiyada ayblandi. Prokuratura u milliarderdan biznes-klassdagi reyslar, Angliya Premer-ligasi o‘yinlari va myuzikllarga chiptalar ko‘rinishida sovg‘alar olganini ta’kidlamoqda. Bu so‘nggi 40 yil ichida mamlakatdagi vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsion ish hisoblanadi.
Qalin tuman sabab yopilgan aeroport, prezidentning eksport masalasidagi tanqidiy yig‘ilishi, sotuvi 4 baravardan ko‘proqqa o‘sgan elektromobillar, xorijiy vakolatxonalarda o‘qitiladigan o‘zbek tili kurslari va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
O‘zbekiston futbolchilari Osiyo kubogi guruh bosqichining ikkinchi turida Hindiston ustidan g‘alabaga erishdi (statistika, video, foto). Uchala gol ham birinchi bo‘limda kiritildi.
Prezident eksport masalasini “hayot-mamotimiz” deb atadi. “Agar valyuta balansi, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak”, — dedi u.
O‘zbekistonning turistik manzillarida mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat turizm markazlari quriladi. U yerda brend do‘konlar va “duty free”, to‘y marosimlari uchun hudud, “oltin yo‘lak” bo‘ladi. Qurilish maydonlari bosh vazir boshchiligida aniqlanadi.
Bishkek sudi Qirg‘izistondagi bir qator mustaqil nashrlarning 11 nafar jurnalistini ikki oyga hibsga oldi. Ular ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblanmoqda, avvalroq ularni tintuv qilishgandi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari rasmiylarni OAVga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Andijon shahrida Gentra yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan 77 yoshli erkakni urib yubordi. Oqibatda piyoda shifoxonada vafot etdi.
Pokiston Tehronning hujumidan bir kun o‘tib Erondagi “terrorchilar boshpanalari”ga qator zarbalar berdi. Pokiston TIV Eron suverenitetini hurmat qilishini va zarbalardan maqsad mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘lganini ta’kidladi.
Koson tumanida 4 nafar mast erkak mashinada yo‘ldan o‘tib ketayotgan YPX xodimlarini haqoratlab videoga oldi va uni Telegram`da tarqatdi. Sud hukmi bilan ularning har biriga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Prezident yuk tashish uchun qo‘shimcha yig‘imlar, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi va boshqa masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vazirini ogohlantirdi. Davlat rahbari ayrim elchilar va savdo maslahatchilarini ham tanqid qildi.
Prezident mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni boshlash topshirig‘ini berdi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.
Madaniy meros obyektlari, vokzallar, jamoat transporti va poyezdlarda harakatlanish imkoniyati cheklangan kishilar uchun lift, pandus va tutqichlar o‘rnatiladi. 2027-yilgacha ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning sayohat xarajatlarining 50 foizini davlat qoplaydi. Mehmonxonalar uchun ham subsidiyalar beriladi.
Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirdi.
Prezident Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murat Mirzayevni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari tashkilot faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolganini tanqid qildi.
Prezident Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga eksportni kreditlashga va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotganini ta’kidladi. Imtiyozli shartlarda ajratilgan har 1 dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelmoqda.
2024-yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi ishga tushiriladi.
Prezident ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga mutasaddilar yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli ekani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari bor.
Kechasi va ertalab Toshkentning ayrim joylarini quyuq tuman qopladi. Tongga kelib, ba’zi hududlarda tuman tarqadi. “Gazeta.uz” muxbiri Iskandar Mirzahmedov bu paytda shahar qanday ko‘rinishda bo‘lganini suratga muhrladi.
O‘zbekistonda chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda. Hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora — bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting