BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi birinchi sammitida qatnashish uchun Bokuga borgan Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara olib bordi. 2024-yilni mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili deb e’lon qilish taklif etildi.
Toshkentdagi Chirchiq daryosining muhofaza mintaqasida 57,8 ming kub metr qum-shag‘al noqonuniy qazilgani aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar 34,7 mlrd so‘mni tashkil etdi, biroq ekspertizadan so‘ng bu miqdor oshishi mumkin.
Toshkentning Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi ayrim hududlarida 24-noyabr kuni issiq suv va issiqlik ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Ta’minot 24-noyabr yarim tungacha tiklanishi aytilgan.
Ukraina O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi va uning egasi Akkermann Cement CA kompaniyasini, shuningdek, Alisher Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jayevlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Toshkentda 115-sonli avtobusning 32 yoshli konduktori 9 yoshli qizga shilqimlik qildi. U qizning qo‘lidan ushlab, bir o‘pishni so‘ragan. Sud erkakka nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Toshkent xalqaro aeroportiga Jasur Po‘latov direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U bunga qadar Buxoro aeroporti direktori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi bo‘lib ishlagan.
O‘zbekistonda dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat ko‘tarilib, shanba kuni +17…+20, yakshanba kuni +20…+23 darajagacha isiydi. Ba’zi joylarda shamol kuchayishi mumkin.
Budjetdan “Yashil makon” loyihasiga ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “Ochiq budjet” portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bunda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan.
Qonunchilik palatasida energetika vaziri deputatning Toshkentda ko‘p qavatli uylar qurilishining oshishi energetika tarmog‘iga qanday ta’sir qilayotgani haqidagi savoliga javob berdi. Uning aytishicha, hozirda yangi texnik shartlar joriy qilingan, avvalgidek yagona darcha orqali ruxsatnoma olish taqiqlangan.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida qariyb 1000 gektar maydonda tokzor barpo etilgan. Undan yer uchastkalarini olgan ayrim aholi suv muammosi va ko‘chatlar qurib ketayotganidan shikoyat qildi. Mas’ullar muammolarda fermerlarning o‘zlarini ayblamoqda.
Farg‘onaning Bag‘dod tumanida pedagogika kolleji direktorini 2024-yilgi gazeta va jurnallar obuna rejasini bajarolmagani uchun kaltaklagan hokim o‘rinbosariga hayfsan berildi. Avvalroq Oliy ta’lim vazirligi holatni qoralagandi. Prokuratura surishtiruv ishlarini boshlagan.
JSST Xitoy rasmiylaridan nafas olish yo‘llari kasalliklari va bolalarda pnevmoniya avj olayotgani haqida ma’lumot so‘radi. Xitoydagi vaziyat kovidga qarshi cheklovlar olib tashlanishi bilan izohlanmoqda.
Zomin tumani va Jizzax shahri o‘rtasida Howo yuk mashinasi temiryo‘l ko‘prigi ostidan o‘tayotganda uning bir qismini shikastladi. Ta’mirlash ishlari yakunlangunicha ko‘prik bir muddatga yopildi. Hozirda poyezdlar ushbu yo‘nalishda harakatini davom ettirmoqda.
Ta’mirlash ishlari sabab poytaxtdagi Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati qisman cheklandi. Bunda yo‘lning bir tarafi yopilib, ikkinchi qismida ikki tomonlama harakat yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori Muhammadolim Muhammadsiddiqov Musulmonlar idorasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Yangi lavozimda u egallab turgan vazifasidan ajralmagan holda faoliyat boshlaydi.
Toshkent shahrida yuqumli kasalliklar ko‘paygani haqidagi xabarlar ortidan SSV rahbari shifoxonalar yuklamasini tezda kamaytirish, “Zangiota-1” shifoxonasida bolalar uchun zaxira o‘rinlar sonini ko‘paytirish, qo‘shimcha transport ajratish, shuningdek, kasalxonaga yotqizishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Asl Baraka brendi kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy asbob-uskunalarda amalga oshirilishi hamda har bir assortimentga o‘zgacha yondashuvi haqida videorolikni taqdim etdi.
Oktabr oyida aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari biroz oshib, mos ravishda 13,7 va 14,4 foizni tashkil etdi. Markaziy bankning bu oydagi infografikasi hududlar, daromadlar va tadbirkorlik faoliyati kesimidagi ma’lumotlarsiz e’lon qilindi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan endi avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda my.gov.uz orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Asialuxe Travel milliy turoperatori Pxuketga turlar sotuvi boshlanganini e’lon qildi. Kompaniya 9 mln so‘mdan hamyonbop sayohatlarni taklif etmoqda, orolga birinchi reys esa 1-dekabrga rejalashtirilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting