Toshkent viloyatida g‘alladan bo‘shagan 11,6 gektar maydondagi somonpoya qoldiqlari yoqilgani sabab dala chetidagi daraxtlar shikastlandi. Tuproq unumdorligiga 24,6 mln so‘m, o‘simlik dunyosiga 16,8 mln so‘m zarar yetdi. Fermer jarimaga tortildi. Ekologiya vazirligi somonpoya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirmoqda.
Economist Intelligence Unit`ga ko‘ra, Toshkent yashash uchun qulay shaharlar reytingida 13 pog‘ona pastlab, 173 ta shahar ichida 157-o‘rinni egalladi. Ro‘yxatda Avstriyaning Vena shahri yetakchilik qilmoqda.
Hukumat qarori bilan chiroyli avtoraqamlar ro‘yxati va narxi yangilandi. 1-iyuldan auksion savdolari orqali sotilishi belgilanmagan, harflari bir xil kombinatsiyada bo‘lgan 680 juft davlat raqami boshlang‘ich narxda auksion savdolariga qo‘yiladi.
Samarqandda akvaparkdagi raqqosalardan OITS va OIV uchun qon tahlillari olinib, ular bilan suhbat uyushtirilgani aytilgandi. IIV holatni rad etib, buni “shoshma-shosharlik bilan tayyorlangan ma’lumot” deb atadi va viloyat IIB xodimlarining harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanganini bildirdi.
“Yoshlik” jurnali bosh muharriri, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishlagan Nodirjon Xolbo‘tayev Davlat tilini rivojlantirish departamentiga mudir etib tayinlandi.
Prezident farmoniga ko‘ra, koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan shifokor va boshqa xodimlarga ishlagan davri uchun beriladigan maxsus ustama to‘lovi 200 foizdan 50 foizga tushirildi.
Qonunchilikka narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilmoqda.
2023-yilning besh oyi davomida Toshkent metropoliteni 68,5 million yo‘lovchi tashdi. Eng ko‘p yo‘lovchi oqimi — 15,8 mln nafar yo‘lovchi may oyida qayd etildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda. “150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish — bu adolatdan emas”, — dedi Senat raisi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BAAga tashrifi chog‘ida yomg‘ir hosil qilish texnologiyasi bilan tanishdi va Jahon meteorologiya tashkiloti prezidenti Abdulloh Al Mandus bilan ushbu tajribani O‘zbekistonda, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasida joriy etish istiqbollarini muhokama qildi.
Qarshi shahrida 35 yoshli Obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi kanalga tushib ketib, halok bo‘ldi. Marhum tanasida tan jarohati aniqlanmagan, uning o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
2021-yilda 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘ini talon-toroj qilgani uchun ishdan olingan Navoiy shahri obodonlashtirish boshqarmasining sobiq boshlig‘i Yusuf Tursunov 3 oy sinov muddati bilan eski lavozimiga qaytdi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari sudlarga murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinadi.
Payshanba kuni Termizda chang-g‘ubor hodisasi kuzatildi. Soat 9:00 da havodagi mayda PM10 zarralari maksimal ruxsat etilgan konsentratsiyadan 14 barobar oshib ketdi. Soat 12:00 ga kelib, bu ko‘rsatkich 9 ga tushdi. Aholiga ochiq havoda bo‘lmaslik, tashqarida niqob va ko‘zoynak taqish tavsiya etildi.
Misrdan gepatit S kasalligiga qarshi “Daklatasvir” dorisining 12 ming donadan ortiq partiyasi O‘zbekistonga keltirildi. Bu yetkazilayotgan preparatlarning 8-partiyasidir. Ikki davlat o‘rtasida jami 4,8 mln dollarlik 800 ming dona dorini O‘zbekistonga bepul yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzilgan.
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi oldingi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi qaratilgan 11-sansiyalar paketi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ittifoq o‘z mahsulotlarining Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mamlakatlarga eksporti keskin ortgani va keyinchalik Rossiyaga yetib borishidan xavotir bildirdi.
25-iyun kuni O‘zbekiston bo‘ylab Yoshlar kuni va Olympic Day munosabati bilan Yangi Nafas yugurish musobaqasi o‘tkaziladi. Shuningdek, ilk bor Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan yuguruvchilar qatnashadi.
Senatda suv resurslaridan foydalanishda maqsadsiz va o‘ylovsiz ishlatilishi masalasi ko‘rib chiqildi. Senatorlar ushbu muammoga qarshi kurashish maqsadida chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Parij markazidagi turar joy binosida gaz portlashi oqibatida kamida 37 kishi jarohatlandi, ulardan 4 nafarining ahvoli og‘ir.
2023-yilning dastlabki 5 oyida AQSh O‘zbekistonning asosiy eksport hamkorlari orasida 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi. Mamlakatning Qo‘shma Shtatlarga eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravar (301,6 foizga) yuqoriladi, import deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Turkiyaga eksport kamaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting