Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank”ning Toshkent shahri markazidagi ma’muriy binolarini sotish va Black Gold Industry News`ga 390 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha kelishuvlar bekor qilindi, deya ma’lum qildi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov.
Ekobloger “O‘rikguli” poytaxtdagi daraxtlar “pala-partish” sug‘orilib, suv “isrof qilinayotganini” tanqid qildi. “Gazeta.uz” bunga mas’ul tashkilot bilan bog‘landi. Boshqarma boshlig‘i buni tizimda xodim yetishmasligi, qolaversa ko‘plab yangi obyektlar boshqarma balansiga hali beri kiritilmagani bilan izohladi.
Chilonzordagi 230-sonli bolalar bog‘chasida direktorning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga, ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Bunga kamida 3−4 nafar bola guvoh bo‘lib qolgan. Direktor esa buni “tuhmat” deb atamoqda va qizchalarning o‘zini tarbiyasizga chiqardi. “Gazeta.uz” surishtiruvi.
Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraqalarni rasmiylashtirish, ya’ni bu ma’lumotlarni soliq organlariga o‘tkazish tartibiga Markaziy bank salbiy munosabatda, dedi Markaziy bank raisi. Mutaxassislarning aytishicha, bu norma bank siri to‘g‘risidagi qonun va Konstitutsiyaga zid.
Hukumat komissiyasi ijara to‘lovlarini xorijiy valyutaga bog‘lashga ruxsat berishi mumkin. Gap 200 mln dollardan ortiq sarmoya va 70 ming kvadrat metrdan ortiq ijara maydoniga ega yirik savdo va ko‘ngilochar markazlar haqida bormoqda. Toshkentda qurilayotgan birgina savdo markazi shunday talabga javob beradi.
“O‘zkimyosanoat” kompaniyasiga avval “O‘zkimyoimpeks” korxonasi direktori lavozimida ishlab kelgan Timur Muhamedjonov rahbar etib tayinlandi.
5−7-may kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan kuchli yomg‘irlar sababli 9 ta viloyatda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi, shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.
AQSh Global seysmik tarmog‘ining (dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq stansiyalarni o‘z ichiga oladi) bir qismi bo‘lgan stansiya Jizzax viloyatiga o‘rnatildi. Shuningdek, AQSh O‘zbekistonga seysmik xavflarni baholash va qurilish qoidalarini yaxshilashda yordam beradi.
O‘zbekiston bo‘ylab aprel oyida 225 ta holatda iste’molchilar tomonidan 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi. Ularning eng ko‘pi Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, iqtisodiyotdagi aksariyat ko‘rsatkichlar makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida ekanligini ta’kidladi. Yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozi 8,5−9,5 foiz darajasida saqlanib qoldi.
Surxondaryoning Vochax qishlog‘ida 30-aprel kuni referendum o‘tkazilmagani, qishloq ahliga byulleten ham berilmagani aytilgandi. MSK mazkur hudud uchun ko‘chma quti yuborilgani, biroq aksariyat fuqarolar chorva mollariga qarash uchun tog‘ga chiqib ketgani sababli yashash manzilida bo‘lmaganini ma’lum qildi.
“Mehribonlik korpusi” va MakGovern-Doul dasturi tomonidan Surxondaryo va Qoraqalpog‘istondagi 58 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kitob burchaklari ochildi. Ushbu muassasalarga to‘rt tilda salkam 5800 ta kitob hadya qilingan.
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Endilikda fuqarolar har ikki davlat chegarasidan pasport ko‘rsatmasdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ma’qulladi.
Qashqadaryoda ota o‘g‘lining nomidagi xususiy korxonaning 30 sotix yerini 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganda ushlandi. Samarqand va Sirdaryoda ham fuqarolar xo‘jalik yerini noqonuniy sotayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Hozirda holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
UzAuto Motors 2023-yilning birinchi choragida 258,76 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Biroq bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,8 foizga kam.
Tijorat banklari 4-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 400 — 11 450 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 465 — 11 515 so‘m.
Olmazor tumanida savdo qilish uchun joy talashgani aytilgan ayol ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi. U 35 foiz termik kuyish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shahar IIBB ayol bundan avval ham o‘zini yoqishga uringani, hozirda prokuratura ishni tekshirayotganini bildirdi.
Koreya Tashqi ishlar vazirligi va Seul meriyasi Toshkent shahridagi Seul bog‘ini rekonstruksiya qilish uchun salkam 500 ming dollar ajratadi. Bu haqda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kim Xi Sang poytaxt hokimi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi, jurnalist Irina Matviyenkoga qilingan tahdidlarni qoraladi. Tashkilot vaziyatni o‘rganishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat yo‘lladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting