Prezident qaroriga ko‘ra, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanadi. Kutubxona hodimlarining oyligi esa 1,2 baravarga oshiriladi. Qolaversa, 1 sentabrdan «Namunali maktab» reytingi joriy etiladi.
Samarqand viloyatida Nexia avtomobilining kanalga tushib ketishi oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi va 29 yoshli erkak halok bo‘ldi. Haydovchi va yana bir yo‘lovchi tirik qolgan, haydovchi voqea joyidan yashiringan.
Prezident inson a’zolari transplantatsiyasiga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish tibbiy xulosa asosida va bemorning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Murda a’zolarini olishga esa uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Qonun bilan shuningdek, inson a’zolarini va to‘qimalarini olish taqiqlangan holatlar ham belgilab berildi.
Prezidentning Farg‘onaga tashrifi arafasida fermer Iqboljon Meliboyev Buvayda tumani hokimi ustidan shikoyat qilib, videomurojaat yo‘lladi. Buni yoritgan farg‘onalik jurnalistga bosim o‘tkazilgani va ishdan bo‘shash haqida ariza so‘ralgani aytildi. Farg‘ona viloyati hokimligi vaziyatni o‘rganishni boshladi. Jamoatchilik faollari esa mazkur holatni keskin qoralab, «fermer va jurnalistdan qo‘llarni tortishni» talab qilmoqda.
2020 yilda boshlangan pandemiya davridan buyon Shimoliy Koreyada koronavirusning birinchi holati aniqlandi. Mamlakatda chegara nazorati kuchaytirildi, shaharlarda lokdaunlar joriy etilmoqda.
Prezident farmoni bilan Samarqand aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi.
Hukumat kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida O‘zbekistonda sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqladi. Mamlakat bo‘yicha limit 28,2 mlrd kub metr suvni tashkil etadi, bu o‘tgan yili olingan suvning taxminan 94,5 foiziga teng.
So‘x-Rishton avtomobil yo‘liga sel natijasida loy va toshlar oqib kelgani sababli transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatildi.
May oyining o‘rtalaridan «Nukus — Beyneu — Nukus» va «Olmaota — Toshkent — Olmaota» temir yo‘l qatnovlari qayta tiklanmoqda. Ularning yo‘lga qo‘yilishi oldinroq rejalashtirilgandi, biroq Qozog‘istondagi karantin cheklovlari tufayli keyinga qoldirilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan 12−13 may kunlari Farg‘onaga boradi. Tashrif davomida mahallalardagi bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirish, yig‘ilish o‘tkazish hamda korxonalar faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasida raisning transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, qurilish va transport hamda iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimga tayinlandi.
Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva — “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasining navbatdagi mehmoni. U AQShda IT-mutaxassisi sifatidagi ish tajribasi, g‘arbcha va o‘zbekona turmush tarzi o‘rtasidagi farq hamda Amerika mehnat bozorida ish beruvchilar tomonidan qadrlanadigan xodimlarning shaxsiy fazilatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
1 iyundan g‘allani sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilayotgani, Surxondaryodagi seldan keyin topilgan ikki kishining jasadi, suv toshqinlaridan himoyalanishni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan prezident, noqonuniy qurilish bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni, masofaviy to‘lovlar uchun ham keshbek qaytarilishi, kasallikdan vafot etgan Angren shahar hokimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 11 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonda bahor oylarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 9 nafar inson va 450 dan ortiq bosh chorva mollari halok bo‘ldi. 245 ta xonadon va 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi. Prezident tunu kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilishni kuchaytirish yuzasidan topshiriq berdi.
OTP Bank «Ipoteka-bank» ning davlat ulushini sotib olishni Rossiya va Ukrainadagi vaziyatga oydinlik kiritilgungacha kechiktirdi, deb xabar berdi bankning moliyaviy direktori Laslo Benchik. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyaning OTP banki kelishuvga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolmoqda, biroq O‘zbekiston tomoni ularni kutishga majbur emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Markaziy bank mazkur uzilishni naqd pulga talab ortishi va logistika muammolari bilan izohladi. Regulyator aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligiga ishontirmoqda.
O‘zbekistonda davlat hokimiyati iyerarxiyasi «juda vertikal» bo‘lib qolmoqda, bu «fuqarolar, fuqarolik jamiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga rivojlanish va jalb qilinishiga yetarli imkoniyatlar bermayapti», deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner.
Bundan keyin tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Prezident bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari buni shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi.
«Milliy tiklanish» fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar tomonidan uy sotib olishda va avtomobil oldi-sotdisida to‘lanadigan davlat boji toifalarini bekor qilish va umumiy narx belgilash muhokama qilindi.
Rossiyaliklarning telekanallarga bo‘lgan ishonchi oxirgi ikki oyda pasaygan, deyiladi GroupM xalqaro reklama guruhi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida. Ushbu vaqt davomida Rossiya aholisining Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ishonch ortdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting