O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14−15 oktabr kunlari YeOII va MDHning videoaloqa shaklidagi sammitlarida nutq so‘zlaydi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosi rekonstruksiyasi tenderida Discover Invest kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Loyiha qiymati 35,4 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Google LLC va Microsoft Ireland Operations Limited kompaniyalari O‘zbekistonda soliq to‘lovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Endi xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda 15 foiz QQSni hisobga olish talab etiladi.
Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi 13 yoshdan 14 yoshga oshirilishga doir qonun loyihasi qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2021 yilda O‘zbekiston YAIMining o‘sish suratlari bo‘yicha prognozini yaxshilab, ushbu ko‘rsatkich joriy yilda 6,1%ni tashkil etishini ta’kidladi. Jamg‘arma mutaxassislari 2022 yilda mamlakat YAIM 5,4%ga o‘sishini kutishmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 16,02 so‘mga ko‘tarilib, 10 700,03 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va amaldagi vazifasi bo‘yicha faoliyati aralashib ketmayotganligi haqida fikr bildirar ekan: «Qonun buzilishi kuzatilmayapti», — deya ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, MSK zarur holatda o‘zining fikrlarini bildirayapti va nomzodlarning shtablari bilan ish olib bormoqda.
KXDR rahbari Kim Chen In harbiy ko‘rgazmaga tashrif buyurib, qurollar va tanklarni ko‘zdan kechirdi hamda harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qildi.
Prezident saylovini onlayn kuzatish maqsadida 207 ta tuman va shaharlardagi saylov uchastkalarida jami 414 ta kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Ushbu uchastkalardagi ovoz berish jarayoni saylov21.uz portali, MSK binosi va matbuot markazida, shuningdek «O‘zbekiston24» telekanalida onlayn translyatsiya qilinadi.
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yog‘ochdan ko‘prik yasab, odamlarni soydan pul evaziga o‘tkazgan shaxs 7 sutkaga qamaldi. Ko‘prik iyul oyida tabiiy ofat sabab avariya holatiga kelgan. Hozirda qurilish va ta’mirlash ishlari boshlangan.
BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi O‘zbekistonga afg‘on xalqi uchun gumanitar yordam ortilgan uchta samolyot yuborishni rejalashtirmoqda. Gumanitar yuk Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga yetkaziladi. Bunday samolyotlarning birinchisi oktabr o‘rtasida O‘zbekistonga yetib keladi. Shuningdek, agentlik Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda logistik markazlarni tashkil etishni ko‘zlagan.
Jurabek Laboratories tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining ikkinchi partiyasi 1 mln 219 ming 510 dozada SES xizmati vakillariga topshirildi.
Toshkent viloyati hokimligi Architects Engineers Planners Advisors kompaniyasi bilan poytaxt va Toshkent dengizi o‘rtasida 6,9 mlrd so‘mlik tezyurar avtobus tranziti qurilishining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish to‘g‘risida shartnoma imzoladi.
JSST ekspertlari immuniteti zaiflashgan kishilarni koronavirusga qarshi vaksinalarning qo‘shimcha dozasi bilan emlashni tavsiya qildi. Chunki ushbu shaxslar uchun birlamchi emlash yetarli bo‘lmasligi mumkin va ularda COVID-19 og‘ir kechishi xavfi yuqori.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Malayziya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Malayziya termasini 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan O‘zbekiston terma jamoasi, Iordaniyaga 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Koreya Respublikasi hukumati 2021 yilda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kurashish bo‘yicha kompleks dasturni amalga oshirish uchun 5 mln dollar ajratdi. Dastur KOICA agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari akademik erkinlikka erishdimi, ular xalqaro agentliklarning reytingiga kira oldimi, O‘zbekistonning Bolonya jarayoniga qo‘shilish rejalari haqida nimalar ma’lum? Kolumnistimiz Komil Jalilov oliy ta’lim boshqaruvi sohasidagi islohotlarning ba’zi natijalarini tahlil qiladi.
Andijon tibbiyot instituti xodimlari shanbalik uchun maoshidan pul ushlab qolinishiga o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lgani haqidagi xabarlar institut tomonidan “feyk xabar” deya aytilgan edi. Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan holat o‘rganish natijasida 150 mln so‘m pul mablag‘lari institut xodimlariga to‘liq qaytarildi.
Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi 2017 yil dekabrda tahminan 413,5 mlrd so‘mga baholangan edi. Bugungi kunga kelib qurilish ishlari bahosi 4 baravar — 1,7 trln so‘mgacha ($161,8 mln) oshib ketdi. Loyiha «Trest-12» tomonidan amalga oshirilmoqda.
13 oktabr kuni O‘zbekistonga 200 ming doza Sinovac vaksinasi, shuningdek, 20 ming quti “Favipiravir” dori preparati olib kelindi. Shunday qilib, O‘zbekistonga emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 28 mln 673 ming 528 dozani tashkil qilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting