Qoraqalpog‘istonga tashrifini kutilganidan avval yakunlagan prezident, Polsha orqali evakuatsiya qilinadigan Ukrainadagi o‘zbekistonliklar, Navoiyda noqonuniy oltin qazishga uringan 54 fuqaro, O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini aytgan bosh vazir, Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan Shavkat Mirziyoyev va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 25 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina harbiylariga hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishni taklif qildi. «Sizlar bilan kelishuvga erishishimiz osonroq ko‘rinadi», — dedi u.
Yaqinda O‘zbekistonning «O‘zagroeksportbank» bankini sotib olgan va sanksiyalar ostida qolgan Rossiyaning «Sovkombank» banki valyuta ayirboshlash, xorijiy valyutadagi depozitlarni qabul qilish va valyuta o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, ushbu bank kartalaridan Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlarida foydalanib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari telefonda muloqot qilib, «Ukrainadagi demilitarizatsiya va denatsifikatsiya» vaziyatini muhokama qilishdi.
Yevroosiyo hukumatlararo kengashi O‘zbekistonning to‘rt yo‘nalishda, jumladan, temir yo‘l transportini raqamlashtirish, «Yevroosiyo Ekspress» loyihasi va boshqa yo‘nalishlarda YeOII ishidagi ishtirokini kengaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, bosh vazir Abdulla Aripov temir yo‘l va avtomobil transportida yo‘lovchi tashishni tiklashni taklif qildi.
Davlat xizmatlari agentligi eski haydovchilik guvohnomasini majburiy almashtirish muddati tugayotgani munosabati bilan DXMlarga kuniga 700 nafargacha fuqaro murojaat qilayotganini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqib, endi poytaxtning 10 ta tumanidagi DXMlar yangi guvohnomani berish uchun so‘nggi mijoz qolgunicha faoliyat ko‘rsatadi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori lavozimiga tayinlangan Roli Astxanani qabul qildi.
25 fevral kuni Yevrosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy RF prezidenti Vladimir Putinga muzokaralar stoli atrofida uchrashishni taklif etdi. Ukraina rahbari «odamlarning halok bo‘lishini to‘xtatish uchun muzokaralar stoliga o‘tirish kerakligini» ta’kidlagan. Putin muzokaralarga tayyorligini bildirgan.
ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov va Yevropa parlamentining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Devid Makallister O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi hamda «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimidan foydalanish doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,15 so‘mga ko‘tarilib, 10 860 so‘mni tashkil etdi. Yevro kursi pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev mart, iyun va iyul oylarida yana 4 mln doza Pfizer, 7,5 mln doza Moderna vaksinasi olib kelinishini ma’lum qildi. Qolaversa, O‘zbekistonda yana 10 mln doza o‘zbek-xitoy vaksinasi ham ishlab chiqarilgan.
Xalq ta’limi vazirligi 2021-yilda ta’lim muassasalari 91,1 mlrd so‘mlik moliyaviy xatoga yo‘l qo‘ygani, shundan 27,1 mlrd so‘mni talon-toroj qilganini aniqladi. Birgina Andijon shahrida xodimlarning daromad solig‘i budjetga o‘tkazilmasdan, 11,5 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan. Avvalroq, 2018−2020-yillarda Andijon shahar XTB rahbarlari 57 mlrd so‘m talon-toroj qilgani aytilgandi.
UEFA Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olgani tufayli bu yilgi Chempionlar ligasi finalini Sankt-Peterburgda emas, Parijda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi fuqarolarni Polsha orqali evakuatsiya qilishini xabar qildi. Lvovga kelgan o‘zbekistonliklardan diaspora vakili Maruf Saliyevga murojaat qilish so‘ralgan. Evakuatsiya vaqtida qariyalar, bolalik ayollar, talabalar va bolalar ustunlikka ega bo‘ladi.
Dam olish kunlari O‘zbekistonda qish fasliga hos bo‘lmagan juda iliq harorat bo‘lishi kutilmoqda. Bu Eron hududlaridan kirib keladigan havo hisobiga yuz beradi. Harorat kunduz kunlari +23…+25 darajagacha ko‘tariladi. Fevralning so‘nggi kunida esa Farg‘ona vodiysidan boshqa barcha hududda yomg‘ir yog‘adi.
Vladimir Zelenskiyning ofisi Ukraina Rossiya bilan neytrallik maqomi haqida muzokaralarga tayyorligini e’lon qildi. Ukraina mamlakat xavfsizligi bo‘yicha kafolatlar berilishi kerakligini ham ta’kidlagan.
Bloomberg nashri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida rossiyalik milliarderlar 39 mlrd yo‘qotganligini ma’lum qildi. «Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov 6,2 mlrd dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Alisher Usmonovning boyliklari 1,2 mlrd dollarga kamaygan.
Navoiy viloyatidagi Lolazor eski tilla konlarida Navoiy, Samarqand va Buxorodan kelgan 54 nafar fuqaro litsenziyasiz oltin qazib olayotgani vaqtida ushlandi. Ular qazib olgan, tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qum esa tekshiruv uchun Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yuborildi. Avvalroq, ayni shu hududda 4 kishini qum bosib qolgandi.
Payshanba kuni 156 kishining COVID-19`ga torshirgan test tahlili musbat natijani ko‘rsatdi, bir kun oldin ushbu ko‘rsatkich — 140 tani tashkil qilgandi. Qolaversa, 26 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting