Yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 3,49 mlrd dollarni (import — 2,09 mlrd, eksport — 1,399 mlrd dollar) tashkil etdi. Bunda oltin eksporti asosiy rolni o‘ynadi va 586,6 mln dollar hajmida sotildi. 2021 yilning yanvarida oltin eksport qilinmagan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida Pokistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Qolaversa, martdan Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.
Qonunchilik palatasi tomonidan migrantlarga oid yangi qonun ma’qullandi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Qonunda shuningdek, mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytganlarning reintegratsiyasi ko‘zda tutilgan.
Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisobraqamlarida 2004 yildan beri 5,8 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘lar bo‘lganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, deb xabar bermoqda tadbirkorning matbuot xizmati.
23−25 fevral kunlari Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim xududlarida sel kelishi xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlarning 18 nafarini xorij fuqarolari, shu jumladan 14 nafarini o‘zbekistonlik tashkil etmoqda, deb xabar berdi Qozog‘iston ombudsmani.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,27 so‘mga pasayib, 10 869,80 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Aviareys yo‘lovchilarini chalg‘itish bilan bog‘liq yana bir holat Qarshida sodir bo‘ldi. Moskvaga uchish uchun aeroportga 150 ga yaqin odam yetib keldi, biroq, uchib ketish joyi Navoiy bo‘lib chiqdi. Yo‘lovchilar jo‘nab ketish joyigacha taksida o‘z hisobidan borishiga to‘g‘ri keldi. Chiptalar onlayn xarid qilingandi.
O‘zbekistonda Global yashil o‘sish institutining vakolatxonasi ochildi. Institut Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda umumiy qiymati 5,65 mln dollarlik Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga qaratilgan loyihani amalga oshirishni boshlab yubordi.
Qozog‘iston prezidenti «harbiy-siyosiy va sanksiya qarama-qarshiligi natijasida xalqaro vaziyatning muqarrar yomonlashuvining salbiy oqibatlari»ga tezkorlik bilan ta’sir choralarini ko‘rish uchun inqirozga qarshi rejani ishlab chiqishni topshirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan DXR va LXRlarni tan olish haqidagi farmoni ortidan jahon bozorlari «quladi». Moskva birjasi 2008 yilning noyabridan beri eng shiddatli pastlashni boshdan kechirdi.
Prezident qarori bilan Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, IIV Tezkor-qidiruv departamentida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi. Yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlar xatlovdan o‘tkaziladi.
Yanvar oyida respublika bo‘yicha 69 198 nafar chaqaloq tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7 mingtaga ko‘p. Chaqaloqlarning yarmidan ko‘pini o‘g‘il bolalar tashkil etmoqda. Eng ko‘p tug‘ilishlar soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda, eng kam tug‘ilish esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.
Qashqadaryoda fuqaroni 4 ming dollar evaziga Milliy gvardiyaga noqonuniy tarzda ishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda. Buxorodagi holatda esa fuqaro boshqa bir fuqaroni ishga kirishida yuqori lavozimdagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, 1500 dollar olganlikda gumon qilinmoqda.
Prezident yil yakunigacha boshqaruv kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatishni Toshkentning barcha xizmat sifati past tumanlarida joriy etishni topshirdi. Xizmatlaridan aholi rozi bo‘lgan shirkatlar va uy-joyni bevosita boshqaruvchilar bundan mustasno. Boshqaruv kompaniyalari tajribasi ijobiy baholandi.
«Gazeta.uz» bojxona bojining pasaytirilishi O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillar narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini hisoblab chiqdi. Taqqoslash uchun jadval.
Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19,6 ming kv. metr yer maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Hokim bir vaqtning o‘zida deputat bo‘lganligi bois Andijon viloyati prokuraturasi uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Xalq depututlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritdi.
Dushanba kuni O‘zbekistonda 175 kishining koronavirusga topshirgan test tahlili musbat natijani ko‘rsatdi, bu bir kun oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 15 taga ko‘p. Shu kuni ikki fuqaro virus asoratlari oqibatida vafot etdi. 31 kishida esa pnevmoniya aniqlandi.
Odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzganligi uchun JIB Namangan shahar sudining raisi Baxtiyor Tavakkalov hamda Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Kamoliddin Xolmuxamedov muddatidan avval ishdan bo‘shatildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi qarori mamlakat hududiy yaxlitligini buzishini, biroq Ukraina provokatsiyalarga berilmasligini aytdi. «Biz hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Hozir 2014 yilning fevrali emas, 2022 yilning fevrali. Bu boshqa davlat. Boshqa armiya», — deb bayonot berdi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting