“Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” serialidagi behayo epizodlarga nisbatan bildirilgan tanqidlardan so‘ng, telekanal rahbari Amira Rashidova munosabat bildirdi. “Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz”, — dedi u. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov esa serial “haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz” ekanligini tan oldi.
O‘tgan yili Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida xorijda vafot etgan 518 nafar fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, agentlik og‘ir ahvolga tushib qolgan 321 nafar fuqaroning vatanga qaytishiga ham yordam bergan.
Bunyod Abdullayev oradan qariyb 1 yil o‘tib, Ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimiga qayta tayinlandi. U 2021-yilning fevralida ishdan bo‘shatilgandi.
Prezident qaroriga asosan maktablardagi yoshlar yetakchilari shtat birliklari qisqartirilib, uning o‘rniga respublikadagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ularga mahalladagi xonadonlar soniga qarab, 4 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha maosh to‘lanadi. Har chorakda eng ilg‘or 100 nafar yetakchi esa bir oylik maoshga teng pul mukofoti hamda «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi o‘tgan yili xayriya, zakot, diniy tashkilotlar, aksiyalar, homiylar va hamkor tashkilotlardan kelib tushgan 69 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirdi. Shundan 36 mlrd so‘mdan ko‘prog‘i masjidlar va ziyoratgoh xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, qariyb 7 mlrd so‘mi nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga yordam berishga, yana 10 mlrd so‘mi pandemiya davrida diniy soha vakillarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.
Ketma-ket ikkinchi kun antirekord yangilandi, chorshanba kuni yana 1307 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Yana 4 nafar bemor virus asoratlari oqibatida vafot etdi.
«O‘zbekneftgaz» jamiyati tizimida 2021 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 717,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 91,9 mlrd so‘m kamomad va o‘zlashtirishlar, 57,8 mlrd so‘m jamiyatga zarar, 219,9 mlrd so‘m boshqa xato va kamchiliklarni tashkil qildi.
Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Abatbay Daniyarov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
«Siyosiy buyurtma» ga uchragan poytaxtlik deputat, qayta ko‘rib chiqiladigan Toshkent jamoat transporti konsepsiyasi, tanqidlar ostida qolgan «Sabriya» seriali, O‘zbekiston va Tojikiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmasligini aytgan Pentagon, mijozlarga magnitolasiz yetkazib beriladigan Lacetti va Cobalt, ishdan chetlatilayotgan emlanmagan ishchilar, Miraziz Bozorov ishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 19 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent jamoat transportidan foydalanish darajasi bor-yo‘g‘i — 21 foizni tashkil qiladi, tizimda qariyb 400 ta avtobus yetishmaydi. Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas, buning oqibatida YTHlar ko‘p sodir bo‘lmoqda, deya ta’kidlandi prezident ishtirokidagi taqdimotda. Shavkat Mirziyoyev yangi avtobus hamda elektrobuslar xarid qilish va umuman, jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Sud 20 yanvar kuni toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rishni boshlaydi. Jabrlanuvchilar 4 kishidan iborat bo‘lib, ular orasida bloger Shuxrat Musayev hamda Abror Muxtor Aliy ham bor.
O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 45−50 ming nafar fuqaro koronavirusni aniqlash maqsadida PZR-test topshirmoqda. Dekabrning so‘nggi haftasida ushbu ko‘rsatkich 15−20 mingtani tashkil qilgandi. Qolaversa, poytaxtning 12 ta tumanida 24 soat davomida kovidga bepul test topshirish mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxati e’lon qilindi.
Fransiya taraqqiyot agentligi 2022−2026 yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida 100 mln yevro qarz ajratadi. Loyihaning umumiy qiymati 147,7 mln yevro bo‘lib, u dastlab Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida, keyinchalik qolgan hududlarda amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qirg‘ovullar sonini ko‘paytirish maqsadida hududda 2 yil davomida ularni ovlashga taqiq e’lon qildi. Ekoqo‘mita va IIVga qirg‘ovullarni noqonuniy ovlanishning oldini olish va qoyidabuzarlarga nisbatan choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari Asilbek Ashurov Paxtakor tumani hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda 2018 yildan beri ishlab kelayotgan Shukrullo Boboyevning o‘rnini egalladi.
Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Tojikistondagi Afg‘onistonning harbiy samolyotlarini joylashtirish masalasi hamon ko‘rib chiqilmoqda. Biroq, u «samolyot va vertolyotlar „Tolibon“ foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmasligiga» ishonch bildirmoqda.
Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning so‘zlariga ko‘ra, «5 yanvardan keyin murojaat qilgan bemorlarning 90−95 foizida o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti». U davolanish muddati o‘rtacha 5 kunni tashkil qilayotgani va kasallik bemorlarda yengil kechayotganini ma’lum qildi.
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Sevimli telekanalidagi «Sabriya» seriali yuzasidan munosabat bildirib, «hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman», — deya ta’kidladi. Qolaversa, u serialdagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari va isnoddan qutulishning yagona «to‘g‘ri» yo‘li sifatida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatilgan epizodlar uchun ijodkorlarni tanqid qildi.
Toshkentning Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov «siyosiy buyurtma, provakatsiyalar va bosim» tufayli deputatlik faoliyatini yakunlashi mumkinligini ma’lum qildi. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u bular ortida «tuman va shahar hokimliklari bilan bog‘liq uch-to‘rtta deputat» turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Senat mazkur vaziyatni o‘rganmoqda.
Rossiyaga ishlash uchun borgan qashqadaryolik fuqaro internet orqali xalqaro terrorchi tuzilmalar ta’siriga tushib qolib, Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgani aytilmoqda. U O‘zbekiston DXX hamda Rossiya FXX tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting