Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan Jizzax viloyatida 220 kV kuchlanishli «Zafarobod» raqamli podstansiyasi quriladi. Podstansiya 2023 yilda foydalanishga topshiriladi. Uning qurilishida tenderda g‘olib bo‘lgan Xitoyning «Shanghai Electric Group Co.,Ltd» kompaniyasi ishtirok etadi.
Samarqand viloyatida 10 kunda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Yana 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, viloyatda oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7,68 so‘mga pasayib, 10 676 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tehron sammitidagi nutqida Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qolishi haqida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur.
Mehnat muhojirlariga yordam berish maqsadida “Unistream” banki kasallik yoki jarohat tufayli daromadini yo‘qotganlar uchun bepul sug‘urtali debet kartasini chiqardi.
2021 yilning yanvar-sentabr oylarida XTV tizimidagi ta’lim muassasalarida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 16 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad holatlari aniqlangan.
Oliy ta’lim vazirligi Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeani nazoratiga oldi. Vazirlik ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlanuvchi qizning salomatligini o‘z nazoratiga oldi.
Prezident tadbirkorlik subyektlarining valyuta xatarlarini kamaytirishga oid qarorni qabul qildi. Davlat jamg‘armasi xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganida kompensatsiya to‘lab beradi.
Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi faoliyat boshlaydi. Yangi xendling korxonasi aeroport kompleksidagi qator xizmatlarni taqdim etadi. Endilikda aviakompaniyalar o‘zlariga zarur xizmat paketini shakllantirib, keraksiz xizmatlardan voz kechishlari mumkin bo‘ladi.
Mirobod tumanida Matiz avtomashinasi yo‘l chetida turgan piyodalarni urib yuborib, ag‘darilib ketgan. Oqibatda 3 nafar piyoda tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yo‘l chetida turgan avtomobillarga ham zarar yetgan.
O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov Tehron sammiti doirasida Eron prezidenti Ibrohim Raisi bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Kamilov Eronning Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlashini ma’lum qildi. Raisi sammit doirasida afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yechim va qarashlar topilishiga umid qilishi haqida ta’kidladi.
Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari senatorlar rad etgan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullashni so‘rab, Senatga murojaat qilgan edi. Shundan so‘ng, senatorlar Odiljon Iminov va Erkin Gadoyev jamiyatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Ta’kidlanishicha, «uchrashuvda qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutmasligi tushuntirilgan». Qolaversa, hujjatni qayta ishlashda hamkorlik qilish taklif etilgan.
Yaponiya gumanitar ehtiyojlarning o‘sib borayotganligi sababli Afg‘oniston va qo‘shni mamlakatlarga 65 mln dollar miqdorida favqulotda grant ajratadi. Shundan 200 ming dollari O‘zbekistonga beriladi.
Aliment to‘lamaganligi sababli transport vositasini haydashga cheklovlar o‘rnatilishi mumkin. Boshqarish huquqi cheklangan fuqarolarning reyestrini shakllantirish va qarzdor tomonidan transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari Xalq deputatlari tuman kengashi majlislarini o‘tib ketgan kunga chaqirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishgan.
Respublika bo‘ylab hokimlarning faoliyati samaradorligini aks ettiruvchi reyting natijalari argos.uz portalida e’lon qilindi. «Viloyatlarning TOP tumanlari» umumiy reytingida Navoiy hamda Xorazm viloyatlari kichik farq bilan yetakchilik qilmoqda. Eng quyi pog‘onani esa Surxondaryo viloyati egallagan.
Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Forbes jurnali dunyoning eng boy odamlari reytingini tuzishni boshlagandan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Uning boyligi rekord darajadagi 271,3 mlrd dollarga yetgan.
Germaniya federal kansleri Angela Merkel vakolati rasman yakunlandi. Mamlakatda yangi hukumat tuzilgunga qadar Merkel mazkur vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Qiz qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng dekan muovini uni derazadan itarib yuboradi va qiz tushib ketadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dekan o‘rinbosari qo‘lga olindi.
Interpol Seulda firibgarlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan yana bir O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Avvalroq ikki erkak firibgarlikda ayblanib, Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting