Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan prezidentlikka qayta saylanishi, YeXHT va Yevropa parlamentining hamkorlikdagi missiyasi “ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar” kuzatilganini qayd etishi, dunyo davlatlari rahbarlarining Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigi — “Gazeta.uz"ning 25 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezidentlikka nomzod Narzulla Oblomurodov Ekopartiyaning davlat rahbari saylovida ilk bor ishtirok etishini «tarixiy g‘alaba» deb atadi. U Shavkat Mirziyoyevni g‘alabasi bilan tabriklab, «Partiya saylangan prezidentning barcha g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini» aytdi.
“Milliy tiklanish"dan nomzod Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U “xalqning farovonligi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda faoliyat ko‘rsatish lozimligini” ta’kidladi.
XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U «saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olishini» aytdi. «Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.
Turkiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni saylovda g‘alaba qozonib, qaytadan O‘zbekiston prezidentligiga saylangani bilan muborakbod etmoqda.
Prezidentlikka qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev unga ovoz bergan saylovchilarga minnatdorchilik bildirdi. «Xalqimizning 80 foizdan ko‘pi saylovda ishtirok etgani, ularning yangi O‘zbekistondagi ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
YeXHT va Yevropa parlamentining hamkorlikdagi missiyasi «ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar» kuzatilganini qayd etdi: ko‘plab saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, hujjatlarsiz saylov byulletenlari topshirilgan, boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bir qator saylov uchastkalarida kuzatuvchilar bir nechta byulletenlar tashlangan vaziyatlarga ham guvoh bo‘lishgan.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining vakillari saylovlar «yuqori siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tganini» ta’kidladi. Ular shuningdek, mazkur saylovlar «raqobatbardosh, erkin, ochiq va oshkora bo‘lganini, demokratik saylovlarning umumiy e’tirof etilgan tamoyillariga to‘la javob berganini» qayd etishdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan iliq tabrikladi.
Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 80,1% foiz ovozi bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi, deya xabar berdi MSK rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev. U saylovda nomzodlar o‘rtasida xalqaro standaortlarga mos haqiqiy raqobat bo‘lganligini ta’kidladi.
Dushanba kuni O‘zbekiston AQShdan 273 ming 780 doza Pfizer-BionNTech vaksinasini qabul qildi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan telefonda muloqot qilib, uni prezidentlik saylovlaridagi «ishonchli g‘alabasi» bilan tabrikladi.
Rossiyada COVID-19 ga chalinish holatlari ko‘paymoqda. Kuniga infeksiya aniqlanganlar soni 37 ming 930 taga oshdi, bu pandemiya boshlanganidan beri yangi maksimal ko‘rsatkich.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovidagi «ishonchli g‘alabasi» bilan tabrikladi.
2022 yildan 1 iyuldan sug‘urtaning barcha turlari elektron shaklda amalga oshirilsa, 2023 yildan majburiy sug‘urtaning barcha turlarini qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. 2022 yil 1 iyuldan esa inflyatsiyaga bog‘langan davlat qimmatli qog‘ozlari chiqariladi.
«Gazeta.uz» muxbiri «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov ovoz bergan Toshkentning Mirobod tumanida joylashgan 83-maktabdagi 116-saylov uchastkasida ovozlarni sanash jarayonini kuzatdi. O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev ushbu uchastkada 88% ovoz to‘pladi.
Bugun va ertaga O‘zbekistonda quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Hafta o‘rtasida ob-havo o‘zgarib, yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari +4…+9, kunduz kunlari +7…+12 daraja iliqgacha pasayadi.
O‘zbekiston qamoqxonalardagi mahkumlarning umumiy soni bo‘yicha reytingda 62-o‘rinni egalladi, hozir muassasalarda 22 867 nafar shaxs jazo o‘tamoqda. Mamlakatda har 100 ming kishiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri keladi va bu boradagi reytingda esa O‘zbekiston 179-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
«Tolibon» Afg‘onistonning O‘zbekistondan elektr energiyasi importi bo‘yicha barcha qarzlarini to‘liq to‘lab berish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni «bir soatga ham» to‘xtatmaganini qayd etgan.
Har bir nomzodga omad tilagan professor, munosib deb bilgan nomzodiga yettita belgi qo‘ygan saylovchi, “kelajakda tinchlik, arzonchilik, mo‘l-ko‘lchilik” bo‘lishini istaydigan otaxon va taklifnoma olmagan fuqaro — “Gazeta.uz” prezident saylovida ovoz bergan va saylovda qatnashmagan fuqarolar bilan suhbatda bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting