“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovda o‘ziga bitta Shavkat Mirziyoyevni raqib sifatida ko‘rishini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bir yarim yil davomida Tojikiston prezidenti bilan qiyin muzokaralardan so‘ng, o‘zbek-tojik chegarasidagi minalar tozalangan.
Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatda 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish eng ustuvor vazifa ekanligini aytdi. U Narpay tumani misolida viloyatda ishsizlik va kambag‘allikka barham berish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi. Tumanning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 12 ta mahallada quruvchi, chilangar, qandolatchilik, tikuvchilik, IT-soha kasblari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiligi aytildi.
Freedom House`ning internet erkinligi darajasini aniqlovchi Freedom on the Net 2021 hisobotida O‘zbekiston 100 balldan 28 ball to‘pladi. Mamlakat erkin internetga ega bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida iliq havo saqlanib turadi. Dushanba kuni salqin havo O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Kunduz kuni havo harorati +23…+27 daraja atrofida bo‘ladi.
23 sentabr kuni O‘zbekistonda 216 ming 853 doza koronavirusga qarshi vaksina qo‘llanildi. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 4 mln 007 ming 732 nafarni yoki O‘zbekiston aholisining 11,43 foizini tashkil qilmoqda.
Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 1 avgustgacha xususiy sektorga o‘tkazish tavsiya etilgan davlat funksiyalari ro‘yxati tuziladi. Ularning yagona reyestrini shakllantirish va yuritib borishga qaratilgan elektron maydoncha yaratiladi.
Qoraqalpog‘istonda 83 ming dollar evaziga o‘qishga kira olmagan abituriyentlarning ballarini kirish ballariga tenglashtirib, 29 nafar abituriyentni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Kecha kun davomida O‘zbekistonda 560 kishida koronavirus infeksiya qayd etildi. 5 nafar COVID-19 bemori vafot etdi. Shuningdek, payshanba kuni 134 kishida pnevmoniya qayd etildi, 1 nafar pnevmoniya bemori vafot etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh iqlim inqirozini yengish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Unda aytilishicha, iqlim o‘zgarishi mintaqada suv mavjudligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, cho‘llanish va tuproq degradatsiyasini tezlashtirmoqda.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2 milliard dollarga oshib, 35,9 mlrd dollarga yetdi. Umumiy tashqi qarzning YAIMga nisbati esa 57 foizni tashkil qildi.
Toshkentning Yunusobod tumanidagi xususiy uylardan birida besh talabaning is gazidan zaharlanib vafot etgani to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Ijaraga bergan ayolga uch yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining prezident saylovlari bo‘yicha so‘rovi, “Olmazor” — “Sergeli” metro yo‘nalishida poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtatilishi, akademik litseylar uchun mandat e’lon qilinishi — “Gazeta.uz"ning 23 sentabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov MIR21YOYEV yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan suratlari e’lon qilindi. MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, qonunchilikda nima kiyish belgilanmagan va bu bo‘yicha e’tiroz bildirish noo‘rin. MSK doimiy a’zosi Xudoyor Mamatov futbolka «tashviqot materiali» sanalmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, MSK raisi o‘rinbosari amaldagi prezidentlik bilan nomzodlik o‘rtasidagi chegara hech qaysi davlatda aniq belgilanmaganligini qayd etdi.
Jazoirning Marokash uchun o‘z havo makonini yopgani, AQShga evakuatsiya qilingan afg‘on qochqinlarining yomon sharoitlarda yashayotgani, Ukrainada oligarxlar to‘g‘risida qonun qabul qilingani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Fransiyaning Veolia kompaniyasi 30 yil davomida Toshkentning issiqlik ta’minoti tizimini boshqaradi. Kompaniya poytaxtning ikki tumanida sinov loyihasini amalga oshirmoqda. Tariflar isitish tizimini modernizatsiya va rekonstrutsiya qilish xarajatlarini hisobga olgan holda tuziladi va har yili 1 maygacha kengash tomonidan tasdiqlanadi. Pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yetkazilgan zararlar mahalliy budjet subsidiyalari hisobidan qoplanadi.
OTBning 2021 yilgi yangilangan prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 5 foiz, 2022 yilda esa 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. OTB 2021 va 2022 yillar uchun inflyatsiya prognozlarini mos ravishda 10 va 9 foiz darajasida saqlab qoldi. Shuningdek, joriy hisob defitsiti bo‘yicha prognozlarini oshirganini ma’lum qildi.
IKEA kompaniyasi O‘zbekistonda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza yubordi. Kompaniyaning arizasi Intellektual mulk agentligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida homilador ayol o‘zini zo‘rlamoqchi bo‘lgan qo‘shni erkakni pichoqlab o‘ldirdi. Ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Avvalroq erkakning yaqinlari prokuror bilan uchrashish uchun g‘alayon ko‘targan edi.
Prezident 1 oktabrgacha «Ochiq budjet» axborot portalidagi takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 2022 yildan ichki yo‘llarni ta’mirlashga ajratiladigan 50 foiz mablag‘ «Ochiq budjet» axborot portalida aholi ko‘p ovoz bergan hududlarga yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting