Futbol bo‘yicha Pro ligada ishtirok etuvchi «Yangiyer» hamda «Sho‘rtan» futbol klublarining ayrim vakillari haq evaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi va totalizator o‘ynaydiganlarga yordam berganligi uchun 6 oydan 1 yilgacha futboldan chetlatildi. Klublarning aynan qaysi futbolchilari jazolangani haqida xabar berilmagan. O‘FA yuristi «Gazeta.uz»ga ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish faqatgina Etika qo‘mitasining vakolati doirasida ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda batafsil Og‘abek Samisov maqolasida.
Dollarning rasmiy kursi 12 so‘mga pasaydi va jami 10 568 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl esa biroz ko‘tarildi.
Senatorlar Jinoyat kodeksiga hayvonlarga shafqatsiz munosabat haqidagi moddani kiritishni ma’qulladilar. Qiynoq jonivorlarning mayib bo‘lishi yoki o‘limiga olib kelsa, BHMning 25 dan 50 baravarigacha jarima, jamoat yoki axloq tuzatish ishlari, shuningdek, 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash yoki qamoq jazolari qo‘llaniladi.
Curiosity marsoxodi Marsdagi bulutlarning rasmlarini e’lon qildi. «Erta» bulutlar deb nomlanuvchi mazkur bulutlar tarkibiy jihatdan Qizil sayyora uchun odatiy bulutlardan farq qiladi va quyosh botishida ko‘plab ranglar bilan porlaydi.
Texnopark zavodidagi press-formalar xorijiy uskunalarda ishlab chiqariladi, bu esa ishlab chiqarish vaqtini tezlashtiradi. Buyurtma beruvchilar jarayonni kuzatishlari mumkin.
O‘zbekistonda quruq va issiq ob-havo hafta oxirigacha davom etadi. Iyun oyining boshida ba’zi joylarda shamol kuchayishi mumkin.
Senat O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladi. 2005 yilgacha O‘zbekistonga kelgan fuqaroligi bo‘lmaganlar va kamida 15 yil mamlakat hududida yashagan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini olishlari mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2021 yilga qoldirilgan uchinchi maslahat uchrashuvi vaqti hozircha ma’lum emas, biroq O‘zbekiston uning yuzma-yuz ko‘rinishda bo‘lib o‘tishini kutmoqda. «Onlayn format ko‘zda tutilayotgani yo‘q», — dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Italiyadagi Jahon kubogida Sabina Tashkenbayeva badiiy gimnastika bo‘yicha Tokio olimpiadasiga yo‘llanma beradigan litsenziyani qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshirildi. Unga ko‘ra, bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlari 440 ming so‘mni tashkil etadi. Bunda, jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar hisobga olingan.
Toyloq tumanidagi maktablardan birida 9-sinf o‘quvchisi sheriklari bilan maktab direktor o‘rinbosarini kaltakladi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Uzbekistan Airports O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar bilan boshqaruv shartnomalarini imzoladi. Shu tariqa, aeroportlarni yagona markazdan rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratildi, dedi kompaniya rahbari Ra’no Jo‘rayeva.
Bosh prokuratura Andijonda ketmon bilan urib o‘ldirilgan ayolni sobiq kelini emas, balki u bilan turmush qurgan erkak o‘ldirganligini ma’lum qildi. Hozirda u qo‘lga olingan va holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
1 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga boradi. Viloyatda davlat raxbari ikki kun mobaynida bo‘lishi rejalashtirilgan.
2021 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan jami 1 trln 268,2 mlrd so‘mlik, nodavlat mulkchilikdagi tashkilotlar tomonidan 28 trln 271,8 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.
Yakshanba kuni Nigeriyaning Tegina shahridagi maktabga jangarilar hujum qildi. 200 nafar maktab o‘quvchilari o‘g‘irlab ketildi, ikki kishi jarohatlandi.
Andijonda kelin o‘z qaynonasini joynamoz ustida ketmon bilan chopib o‘ldirganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda so‘nggi kun ichida 211 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Shuningdek 257 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
Senatorlar qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq yangi javobgarlik choralarini ko‘zda tutgan qonunni rad etdilar. Bu hal qilish zarur bo‘lgan tizimli muammolar mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lib, ular hal qilinganidan keyin javobgarlik choralari o‘rnatilishi lozim, deya ma’lum qildi senator Farhod Boqiyev. U “turli salbiy oqibatlar"ga olib kelishi mumkin bo‘lgan qator omillarni sanar ekan, Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishmani misol qilib keltirdi.
«VKontakte», Twitter va WeChat ijtimoiy tarmoqlari o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlarini qonunga zid ravishda qayta ishlamoqda, deya ma’lum qildi «O‘zkomnazorat». Inspeksiya ijtimoiy tarmoqlarga egalik qilayotgan Mail.ru Group, Twitter va Tencent kompaniyalariga «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonunning 271-moddasi talablariga amal qilish, ya’ni serverlarini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting