Qashqadaryo viloyatida «VAZ 21−01» va Nexia avtomashina to‘qnashuvi oqibatida yetti kishi vafot etdi. Ulardan ikki nafari bir va to‘rt yoshli bola bo‘lgan. YTHga haydovchilarning yuqori tezlikda harakatlanishi bilan birga yo‘llarning nosozligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha viloyat hokimi Zoir Mirzayev yig‘ilish o‘tkazdi. «Barchaga bu holat ibrat bo‘lsin. Yo‘l erkalikni ko‘tarmaydi», — dedi u.
Texnik chigit narxining 31,2 foizga arzonlashuvi paxta yog‘ining birjadagi narxlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bunga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi birjada texnik chigit narxini sun’iy ravishda oshirganlik alomati bilan 24 ta paxta klasteriga qarshi ish qo‘zg‘atgani ham sabab bo‘ldi.
Avstriya kansleri va Buyuk Britaniya bosh vaziriga qarshi tergovlar, Germaniyada keyingi haftadan boshlab emlash pasportining joriy etilayotgani, Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Chorshanba kuni prezident qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 100 nafar fuqaroni afv etishga oid farmonni qabul qildi. Ular orasida chet el fuqarolari, 60 yoshdan oshgan erkaklar, ayollar hamda taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar bor.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi korxona direktori Alisher Xidirov Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Chorshanba kuni telefon orqali muloqotda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an bir-birlarini Ramazon hayiti bilan tabriklashdi. Qolaversa, ular Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston TIV Isroil-Falastin mojarosi ishtirokchilarini zo‘ravonlikka chek qo‘yish, Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini — status-kvoga rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyev Yaponiya bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi amaliy hamkorlikni muhokama qilishdi. Suhbat so‘ngida Shavkat Mirziyeyov Yosexide Sugani O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Prezident birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuxrat G‘aniyev va Jamshid Xodjayevga yanvar-aprel oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha bajarilmagan 169 mln dollar o‘rnini to‘liq qoplashi kerakligi aytildi. Mahalliy mahsulotlar eksportini oshirish uchun esa xalqaro standartlarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident videoselektorda go‘sht va o‘simlik yog‘ining narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini ta’kidladi. «Oziq-ovqatning uch oylik zaxirasi har bir hududda bo‘lishi shart», — dedi u. Qolaversa, hududlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari kamayishi ularning narxi oshishiga olib kelgani aytildi.
Dollarning rasmiy kursi 8 so‘mga qimmatladi va jami 10 550 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz pasaydi.
2021 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 1,99 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 663 mln dollarga oshdi.
Xorazmda 10-sinf o‘quvchisi Lacetti avtomashinasida qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, Damas rusumli avtomashinaga borib urilgan. Natijada uch kishi vafot etdi. Lacetti boshqargan o‘quvchining haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan.
O‘zbekiston muqaddas Ramazon Hayiti — Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan Afg‘onistonda uch kunlik sulh e’lon qilinganini olqishlaydi. Muborak kunlarda o‘t ochishning to‘xtalishi Afg‘onistonda siyosiy tinchlik jarayonini ilgari surish bo‘yicha zarur shart-sharoitlarni yaratishiga umid bildirildi.
Focus san’at maktabi kinooperator Umid Malikov badiiy rahbarligida kino-operatorlari ustaxonasiga qabul boshlanganini e’lon qildi.
Prezident respublikadagi maktablar sharoitining yomon ahvoldaligi masalasi dolzarbligicha qolayotganini ta’kidladi. «Maktabdagi ahvollarni ko‘rsa, odam tavba deb yuboradi. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib-ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman», — dedi u.
Telegram, Facebook, TikTok, Google va Yandex kabi ijtimoiy tarmoqlar va internet-kompaniyalar 16 apreldan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majbur. Tegishli xatlar allaqachon ularga yuborilgan, dedi Davlat personallashtirish markazi rahbari Ulug‘bek Toshxo‘jayev.
12 may kuni prezident videoselektorda 3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trln so‘mlik 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trln so‘mlik 2,6 mingta loyiha bo‘yicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanayotganini aytdi. «Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, „ko‘zbo‘yamachilik“ uchun amalga oshirilayapti degani emasmi?», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent shahridagi 1-sonli tug‘ruqxonada Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatda bo‘lgan homilador ayolni qabul qilishmadi. Vaziyat o‘rganilgach, poytaxt sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari va tug‘ruqxona kompleksining bosh shifokori ishdan bo‘shatildi.
DXX va prokuratura xodimlari Jizzax shahar moliya bo‘limi boshlig‘i, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Nurmatovni qo‘lga olishdi. U shahardagi ijtimoy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdolarini olib berish evaziga tadbirkordan 2000 dollar talab qilgani aytilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting