4 fevral kuni Belarus prezidenti Minsk shahrida missiyasini yakunlayotgan O‘zbekiston elchisini qabul qildi. U O‘zbekiston rejalari to‘g‘risida Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashganda «ba’zan cho‘chishini» tan oldi.
Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida Zayniddin Nizamxodjayev Markaziy saylov komissiyasi raisi etib saylandi. Uning o‘rinbosari lavozimiga esa Baxrom Kuchkarov saylandi.
Akbar Shukurov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘ldi. U bundan avval Jizzah shahri xokimi vazifasida faoliyat yuritib, yanvar oyida lavozimdan ozod etilgan.
O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yaqin ikki yil ichida 2,5 mlrd dollar jalb etiladi, deya ma’lum qildi bosh vazir Abdulla Aripov Olmaota shahridagi forumda. Ushbu mablag‘lar mobil aloqani modernizatsiya qilish, elektron hukumatni rivojlantirish va boshqa vazifalarga sarflanadi.
Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida 2020 yilgi davlat dasturi ijrosi bo‘yicha tanqidiy fikrlar bildirildi. «Kechirib bo‘lmaydigan har xil bahonalar qilgansizlar. Bahonalar ketmaydi bu yerda» — dedi Tanzila Narbayeva.
Navoiy viloyatida «GAZ» rusumli yuk mashinasi «Matiz» ga urilib, YTHga sodir etdi. Hodisa oqibatida «Matiz» haydovchisi tan jarohatlaridan vafot etdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarini ushbu mamlakatdagi ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.
Sentyabr oyidan buyon Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi bo‘lgan Xayrullo Bozorov, viloyat hokimi lavozimiga tayinlandi. «Juda tajribali, hozirgi zamonga munosib, xalqparvar, kamtar inson», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishida.
Farg‘ona viloyati Xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripov faoliyati haqida fikr bildirdi. «Samarqandda hokim bo‘lganimda bitta shu vazir oldimga kelib, muammolarni so‘ragan. Boshqa birorta vazir kelmagan», — dedi davlat rahbari.
Prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriy muddati 2021 yil yakunigacha uzaytirildi. Bundan tashqari, noqonuniy kesilgan har tup daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekish va ularni 3 yil parvarishlash majburiyati yuklatiladi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Quva tumanining hokimi, prokurori, IIB va soliq inspeksiyasi boshliqlarini ishdan oldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Yozyovon tumanlarining sektor rahbarlari ham vazifasidan chetlatildi.
AQSH prezident Jo Bayden tashqi siyosat masalalari bo‘yicha qilgan nutqida Rossiya hukumatidan Navalniyni ozod etishni talab qildi. Jo Baydenning ta’kidlashicha, Navalniy «korrupsiyani fosh qilayotgani uchun o‘ljaga aylangan».
Senatorlar Inson huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga Feruza Eshmatova nomzodini tasdiqlashdi. U mazkur lavozimda Ulug‘bek Muhammadiyev o‘rnini egalladi. Bundan tashqari, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisligiga esa Malika Kadirxanova saylandi.
Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashi yig‘ilishida deputatlar ijro hokimiyatidan yetarlicha talab qilmayotganligini ta’kidladi. «Ijro hokimiyatidan farg‘onacha emas, sal achchiqroq talab qilishlaringiz zarur», dedi davlat rahbari.
Buxoro viloyatida bir necha fuqarolar AJ rahbari va bosh hisobchining turli video yozuvlarini internetga joylab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish bilan qo‘rqitgan. Harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.
Prezident Farg‘ona viloyatidagi safari davomida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning faoliyatiga to‘xtalib, «u halol odam, toza odam, halovati yo‘q odam. Farg‘ona xalqini og‘ir sinov kunlarida nisbatan juda katta ish qildi, men undan roziman» dedi. Prezident Buxoroga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasini uni qoniqtirmayotganligini, tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmas, G‘aniyevni ishdan bo‘shatishini aytgan edi.
Senatorlar Xalilillo To‘raxo‘jayevni Oliy sudi raisining o‘rinbosari — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tasdiqladi. U bunga qadar Kadastr agentligi direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga tasdiqlandi. U bunga qadar qariyb 16 yil davomida Markaziy saylov komissiyani boshqargan.
4 fevral kuni Olma Ota shahrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Hukumat rahbarlari prezident Shavkat Mirziyoyevning mart-aprel oylarida Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan rasmiy tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qilishdi.
Prezident qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi. Jamg‘arma Alisher Navoiy hayoti, g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting