Qonunchilik palatasi deputatlari 9 oyda ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m soliqni qaytarish masalasi bilan qiziqishdi. «Bir oyda 10 trln soliq tushumlari tushadi, ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m bu normal raqam», — dedi DSQ raisi Sherzod Qudbiyev. U, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliq tadbirkorlik sub’ekti murojaati yoki sudni qarori bilan qaytarilishini ma’lum qildi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev volontyorlar tomonidan tovar va pul olish, kimgadir nimalardir olib borish holatlari ko‘payib borayotganidan shubhaga tushayotganini ta’kidladi. «Hammasi sumka-sumka narsa olib borib tashash bilan ovora. Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak», — dedi u.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatida birorta ham bitiruvchisi OTMga kira olmagan 20 ta maktab direktorini o‘z lavozimidan chetlatdi. Yuqori natijalarga erishgan maktab direktorlari esa rag‘batlantirildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 9 oyda tabiiy gazni qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati esa 34,7 foizga tushgani, bu dunyo bozoridagi talab kamayishi tufayli kuzatilgani aytildi. Deputat Maqsuda Vorisova, — «Ichki bozorda talab kundan-kunga oshib borayapti, tadbirkorlarni ham qish oldidan gaz tarmog‘idan uzishga majbur bo‘layapmiz, bunga qanday izoh berasizlar», — deya savol berdi. Energetika vaziri o‘rinbosari qo‘shma korxonalar eksportni to‘xtatgani va ishlab chiqarish shuning hisobiga qisqarganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari ketma-ket uchinchi oy kamayishda davom etmoqda va umumiy 33,3 mlrd dollarni tashkil etmoqda.
30 noyabrdan elektron kundalik uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin. Obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxi kabi — 9 200 so‘m etib belgilandi. U orqali ota-onalar bir yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. O‘qituvchilar elektron jurnaldan bepul foydalana oladi.
Turkiyada karantin choralari kuchaytirilmoqda. Savdo markazlari, bozorlar va sartaroshxonalar ish vaqtiga cheklovlar qo‘yildi. Bar va restoranlar faqat olib ketish xizmati orqali ishlaydi. Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiladi, maktab o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tadi. Dam olish kunlari ko‘chaga soat 20:00 dan 10:00 gacha chiqish taqiqlanadi.
Uzauto Motors kompaniyasi 2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida davlat byudjetiga 582,6 mlrd so‘m yig‘imni to‘lamagan. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab joriy qilingan ushbu yig‘im avtomashinalar narxiga kiritilgan, natijada ushbu yig‘im xaridorlar hisobidan undiriladi.
Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida voyaga yetmagan qiz (nogiron, 2004 yilda tug‘ilgan) 65 yoshli qo‘shnisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchradi. Huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2018 yildan beri qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.
«O‘zyo‘linspeksiya» O‘zbekistondagi 26 ta ayanchli holatga kelib qolgani, ularni saqlashga mas’ul bo‘lgan korxonalar ham zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmaganini ma’lum qildi. Ayrim ko‘priklarga yaqin o‘zanlarda karerlar faoliyati hanuz tugatilmagan.
Ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, SSP va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risida murojaat qilish huquqi berilmoqda.
Davlat rahbari bugun o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalarni optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, prezident matbuot xizmati COVID-19 shifoxonalarida 6570 nafar bemor davolanayotganini qayd etdi. SSV esa 17 noyabr holatiga mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori borligini ma’lum qilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalardagi bemorlar soni va davolanayotgan koronavirus bemorlari ko‘rsatkichlardagi farqlarga izoh berdi. Unga ko‘ra, rasmiy statistikaga faqatgina maxsus laborator tekshiruvlarda koronavirus tasdiqlanganlar kiritiladi. Shifoxonalar statistikasida esa kasallik belgilari mavjud yoki pnevmoniya bo‘lganlar, lekin infeksiya tasdiqlanmagan bemorlar ham kiritilgan bo‘ladi.
Fransisko Sagastining vaqtinchalik Peru prezidenti etib saylanishi, Daniya hukumati parranda grippi sababli 25 ming jo‘jani yo‘q qilish qaroriga kelgani, Rossiya birinchi sayyohlar guruhini XKSga yuborishi va boshqa yangiliklar — “Gazeta.uz"ning jahon yangiliklari dayjestida.
O‘zbekiston tashqi bozorda 10 yillik yevroobligatsiyalarni joylashtirish rejalarini e’lon qildi. Obligatsiyalar qiymati hozircha ma’lum qilinmadi.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarnining sotuvi yo‘lga qo‘yiladi va ularni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. 2021 yil iyunigacha aholining 60 foizi emlanishi rejalashtirilgan.
«So‘x voqealari» bo‘yicha 22 nafar shaxsga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Davlat ayblovchisi So‘x voqealarida bir qancha avtomashina va yashash xonadonlariga moddiy zarar yetganini aytdi. Ayblanuvchilarning bir qismi aybiga iqror bo‘lmagan, ayrimlari esa qisman iqrorligini ma’lum qilgan.
«Doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar soni to‘g‘risida ma’lumotnoma»ni [17 forma] elektron tarzda, bir necha daqiqalar ichida olish imkoniyati yaratildi.
Xitoy vaksinasini sinovdan o‘tkazishda qatnashmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilar qaysi mezonga ko‘ra tanlab olinadi? Ularga qanday sharoitlar yaratiladi? Ushbu savollarga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazining o‘rinbosari Alisher Abdullayev javob berdi.
To‘rtta astronavtni fazoga olib chiqqan SpaceX kompaniyasining Crew Dragon kemasi Xalqaro kosmik stansiyasiga qo‘shildi. Ekipaj olti oy davomida XKSda qoladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting