2020−2022 yillarda Orolbo‘yida umumiy qiymati 12 trln 300 mlrd so‘m bo‘lgan investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shundan 523 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va qariyb 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
20 noyabrdan 30 noyabrgacha kollej va texnikumlarga kirish imtihonlari o‘tkaziladi. 195 mingdan ortiq abituriyent uchun test sinovlari, 50 ming nafar abituriyent uchun esa yozma imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda «Zamin» xalqaro jamoat jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat o‘z ichiga aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va inklyuziv ta’limni rivojlantirish kabi masalalarni oldi.
Yangihayot tumani Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Hayot Inog‘omov Yangihayot tumani hokimligiga tasdiqlandi. Shuningdek, Yangihayot tumani prokurori lavozimini Azamat Azimov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavomini esa Murat Raimov egalladi.
Prezident suv xo‘jaligini vaziri Shavkat Xamrayevni Qashqadaryodagi irrigatsiya va melioratsiya ishlari holati uchun tanqid qildi. Shavkat Mirziyoyev unga viloyat suv xo‘jaligi rahbarlarini ishdan olish va ishlaydigan odamlarni qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ham davlat rahbaridan tanbeh eshitdi.
Forbes vafot etgan yulduzlar orasida eng ko‘p daromad topayotganlar reytingini e’lon qildi. O‘tgan yilga nisbatan reytingga ikkita yangi ishtirokchi qo‘shildi. 2020 yilda 48 mln dollar daromad topgan marhum yulduz Maykl Jekson ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi.
Peruning yangi prezidenti Manuel Merino iste’foga chiqdi. Bunga bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari sabab bo‘ldi.
Toshkentdagi «G‘afur G‘ulom» nomli istirohat bog‘i o‘rniga turar-joy majmuasi qurilishi haqidagi xabarlar rad etildi. Madaniyat vazirligi hozirda bog‘ hududida rekonstruksiya ishlari olib borilayotganini, jumladan, yengil konstruksiyali inshootlar buzilayotganini ma’lum qildi. Eskirgan attraksionlar ham demontaj qilinadi.
Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimining yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi o‘tkaziladi. Oilaviy shifokor, terapiya va pediatriya bo‘yicha yordamchilar, hamshira va doyadan iborat guruhlar tuziladi. Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
18−20 noyabrda barcha joylarda harorat kechalari 8−13 darajagacha va shimolda 10−15 darajagacha sovuq bo‘ladi. Kunduz kunlari harorat 0−5 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Dollarning rasmiy kursi yana bir bor 12 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 390 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kursi ham biroz qimmatladi, yevro esa arzonladi.
Namangan viloyatida Alisher Usmonov ko‘magida Xalqaro biznes markazi quriladi. Mazkur markaz Kongress-xoll, biznes maktabi, mehmonxona, ekopark, sport-sog‘lomlashtirish inshootlaridan tashkil topadi. Qurilish ishlarini bahorda boshlash rejalashtirilgan.
Moldovaning sobiq bosh vaziri, «Harakat va birdamlik» muxolif partiyasi rahbari Mayya Sandu Moldova prezidenti saylovlarining ikkinchi bosqichidan so‘ng umumiy natijalarga ko‘ra yetakchilik qilmoqda. Saylovlar 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi va unda saylovchilar qatnashuvi 52,76 foizni tashkil qildi.
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi to‘rt astronavtni XKSga yetkazib beradi. Bu Crew Dragon ning ikkinchi parvozi va birinchi doimiy missiyasi hisoblanadi.
Xalq ta’limi vaziri hududlarda ta’limni yaxshilash uchun eng yaxshi tandem — fidoyi xalq ta’limi boshqarmasi rahbari va uni doim qo‘llab-quvvatlovchi hokim ekanini ma’lum qildi. «Hokim tomonidan e’tibor berilmasa yoki xalq ta’limi rahbari muammolarni to‘g‘ri tushuntira olmasa, ijobiy o‘zgarish juda qiyin bo‘lishi mumkin», — dedi Sherzod Shermatov.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga yana bir gumanitar yordam jo‘natdi. Jo‘natilgan yordam tarkibiga bir martalik qo‘lqoplar, niqoblar, himoya kombinezonlari, COVID-19 testlari, remdisevir va boshqalar kiritilgan.
«Janobi Ro‘ziyev sharmanda qilgan ekan, endi bilinayapti hammasi. Qashqadaryo zo‘r, gazi bor, deb yuravergan ekanmiz. Viloyat respublika gazining 63 foizini beradi. Ammo odamlarda gaz yo‘q, suv yo‘q. Qani adolat?», — dedi Shavkat Mirziyoyev viloyatning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev haqida.
Ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida bo‘lgan ingliz tili o‘qituvchilari English Speaking Nation: Secondary Teacher Training (ESN: STT) dasturiga 30 noyabr kuni soat 17:00 gacha ariza to‘ldirishlari mumkin. Bugungi kunga kelib, dastur uchun 1500 dan ortiq o‘qituvchi ariza topshirgan.
2023 yildan rahbar kadrlar o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lishi majburiy etib belgilanishi mumkin. Shuningdek, mansabdorlardan o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida malaka oshirishlari talab etiladi.
Antikorrupsiya agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida qurilayotgan uylarga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha pudratchilarni tanlashda qoidabuzilish holatlarini aniqladi. «Qishloq qurilish invest»ning pudratchi tashkilotlar bilan tuzgan qo‘shimcha kelishuvlari bekor qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting