Xo‘janddan Dushanbe shahri tomon harakatlangan Nexia 2 avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda uch nafar o‘zbekistonlik fuqaro — mashina haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi.
Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotining 10-to‘laqonli a’zosiga aylandi. Qaror SHHTning Ostonadagi sammitida ma’qullandi.
O‘zbekistonning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga boradigan tarkibidan 23 nafar futbolchi joy oldi, ularning soni bittaga kamayishi mumkin. Shuningdek, tarkibda 3 nafar 23 yoshdan katta futbolchi — Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulovlar bor.
Shavkat Mirziyoyev Hindistonda diniy yig‘indagi tiqilinch oqibatida 120 dan ortiq odam halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakat prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi.
Umra tadbirlarini tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravari miqdorida boj to‘lash kerak. Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonning seldan zarar ko‘rgan O‘sh viloyati uchun 95 tonnali insonparvarlik yordamini yubordi. Uning tarkibida un, o‘simlik moyi, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar bor. Sel oqibatida hududda bir necha kishi vafot etgandi.
“Davlat belgisi” DUK tomonidan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlarining tanlovi e’lon qilindi. Komissiya dizayn loyihalarini o‘rganib chiqib, 15 ta g‘olibni tanlab oladi. 1-o‘rin uchun 20 mln, 2-o‘rin uchun 15 mln, 3-o‘rin uchun 10 mln va 4−15 o‘rinlarga 3 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.
“Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi 6-iyuldan boshlanadi. Loyihalarni 26-iyulga qadar kiritish mumkin. Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezident farmoni bilan, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi. Uning tuzilmasidagi tashkilotlar va qo‘shimcha funksiyalar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi.
Andijon viloyati prokurori sifatida ishlab kelayotgan Marufxon Xodjayev “Hududgazta’minot” AJning yangi rahbari bo‘ldi. Kompaniya ochilganidan buyon unga Bahodir Eshmuratov raislik qilib kelayotgandi.
“O‘zbekneftgaz” UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodini Daniyar Kamilov kompaniyasiga 519 mlrd so‘mga (42,3 mln dollar) sotgan bo‘lishi mumkin. Davaktiv va “O‘zbekneftgaz” haligacha kelishuv tafsilotlari haqida ma’lumot bermadi.
Pokiston va Xitoy rahbarlari bilan uchrashgan Mirziyoyev, suv bosgan Yunusobod ko‘chalari, “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha o‘zgarishsiz qoldirilgan hukm, Ozodbek Nazarbekov ishtirokidagi reklama roligi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Jo Baydenning Donald Tramp bilan debatdagi muvaffaqiyatsiz chiqishi Demokratik partiya ichida vahima va uning nomzodini almashtirish haqidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris eng yaxshi alternativ hisoblanyapti, deb yozdi Reuters.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida suv quvuridagi avariyani bartaraf etish ishlari yakunlandi. Suv ta’minoti tiklandi. Yerto‘lalarda namlik borligi uchun elektr hozircha ulanmagan.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel-may oylarida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni sezilarli darajada qisqartirgan. Fevral-mart oylarida 23 tonna oltin eksport qilingan bo‘lsa, aprel-mayda ko‘rsatkich 1 tonnani tashkil etgan.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mahalliy kiyim brendini reklama qilgani yuzasidan o‘rganish ishlari boshlandi, dedi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi. Jamoatchilik vazirning reklama roligidagi ishtirokini qonunbuzilish holati sifatida baholamoqda.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo kabi tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish masalalarini muhokama qildi.
Hukumat qarori bilan qishloq xo‘jaligi subyektlariga ekinlar hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizi, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.
Qonunchilik palatasi sohadagi davlat siyosatini, taqiq va cheklovlarni belgilab beruvchi “Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Deputatlar O‘zbekistonning kosmosdan foydalanish bo‘yicha xalqaro shartnomaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bitimni ham ma’qulladi.
Ostona shahrida O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ikkinchi Hududlararo forumni o‘tkazish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini tez fursatda qurish masalalarini muhokama qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting