O‘zbekistonda haftaning birinchi yarmida havo harorati ko‘tarilib, 33−36 darajagacha, janubiy va cho‘l hududalardagi ayrim joylarda 38 darajagacha issiq bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat 25−30 darajagacha pasayadi.
Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi erkak xotini bilan uni sehr-jodu qilganlikda ayblab, janjallashgan. Janjal vaqtida erkak xonada turgan bolta bilan xotiniga 17 marotaba zarba bergan. Ayol voqea joyida vafot etgan. Sud erkakni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Sergey Shoygu 2012-yildan beri ishlab kelayotgan mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatilib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlandi. Putin, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Andrey Belousovni yangi mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif etdi.
Toshkentda fuqaroning bank kartasidan 11,7 mln so‘m pul o‘g‘irlandi. Aniqlanishicha, bu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgan. U boshqalarga Telegram orqali turli havolalar jo‘natib, ularning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va pul yechish bilan shug‘ullanib kelgan.
Yangi Namangan tumanida 68 yoshli erkakning 7 yoshli qizga nisbatan qilgan harakatlari qayta malakalandi va erkak jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish moddasi yuzasidan qamoqqa olindi. Uning yana boshqa bir qizga nisbatan ham shunday harakatlar qilgani haqidagi xabarlar o‘rganilmoqda.
2023-yilda O‘zbekistonda 3 mlrd dollarga yaqin Rossiya sarmoyasi o‘zlashtirildi, 2024-yilda buni 5 mlrd dollarga yetkazish kutilmoqda. “Vazifani bemalol bajarsa bo‘ladi… Loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishda nostandart yondashuvni ta’minlash topshirig‘i berildi”, — dedi ISSV rahbari Laziz Kudratov.
Afg‘oniston shimolida kuchli yomg‘irlar sababli suv toshqinlari yuz berib, kamida 150 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq odam jarohatlandi. Hodisadan eng ko‘p Bag‘lon viloyati zarar ko‘rdi. Uyidan ayrilgan oilalarga chodir, ko‘rpa-to‘shak va oziq-ovqat tarqatilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 20 yoshli yigit boshqaruvidagi Malibu 45 yoshli piyodani urib yubordi. Erkak hodisa joyida vafot etdi.
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtiriladi: himoya orderisiz ham ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatiladi, vaqtinchalik shelter va 24/7 ishlovchi birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi, zo‘ravonlik qilganlar reyestri yuritiladi. Batafsil.
Apple yangi iPad mahsulotiga ishlangan reklamasi uchun uzr so‘radi. Videoda gidravlik press madaniyat va san’atga oid narsalarni parchalab yuborgani, o‘rnida esa yangi iPad paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Internet foydalanuvchilari buni “insoniyat san’ati va tajribasining yo‘q qilinishi namoyishi” deya qabul qildi.
1992-yilda qabul qilingan “Toshkent aeroportini ko‘chirish haqida”gi hukumat qarori 1-sentabrda o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan bekor qilinayotgan 493 ta qarordan birida nazarda tutilgan. 32 yil avval qabul qilingan hujjatda aeroport poytaxtdan 45 km uzoqqa ko‘chirilishi belgilangandi.
Elchi Ashraf Xodjayev Qatar ta’lim vaziri Busaina bint Ali An-Nuaymiy bilan uchrashdi. Ular Qatar universitetlarida o‘zbekistonlik talabalar uchun kvotalar ajratish, ikki davlat maktab va OTMlari o‘rtasida almashinuv, qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish kabi masalalarni muhokama qildi.
Qibray tumanining Universitet va Salar ko‘chalari chorrahasidagi ustunga radar o‘rnatayotgan muhandisni tok urdi. 26 yoshli yigitning vafoti yuzasidan maxsus komissiya tuzildi.
Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyati shimolida mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga uringanini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, barcha hujumlar qaytarilgan, ammo janglar davom etmoqda. Chegaradagi qishloqlarda mahalliy aholini evakuatsiya qilish boshlandi.
O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan “Turkiston albomi (1871−1872)” va “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879−1937)” YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi.
Vengriyada O‘zbekistondan kelgan atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash boshlandi, dedi Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligi rahbari Peter Siyyarto. Shuningdek, u qo‘shma fond hajmini 50 milliondan 150 million yevrogacha oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Viloyatlarda yuz bergan toshqinlar, issiqxona xo‘jaliklari uchun imtiyozlar, ipak olishning Xitoy tajribasi, bog‘cha to‘lovi oshirilganining sabablari va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ikki viloyatida charm klasterlarini tashkil etish, zotli chorva mollarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, pillaning xarid narxini oshirish va charm sanoati hamda ipakchilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni ma’lum qildi.
Prezident O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va uning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha milliy dastur bilan tanishdi. Unda 1 mln gektar agroekologik landshaft va degradatsiyaga uchragan yaylovlar holatini yaxshilash, himoya o‘rmon zonalarini yaratish va boshqa chora-tadbirlar bor.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan kadastr xodimi kaltaklandi. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting