Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov to‘rtta bank ustav kapitalini o‘z vaqtida talab etilgan darajagacha oshirmaganini ma’lum qildi. “Poytaxt bank” sotuvga qo‘yilgani uchun unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanmagan, yana ikkita bankka esa majburiyat qo‘yilgan.
Tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Xorazm viloyati maktab ta’limi boshqarmasi voqeadan so‘ng o‘qituvchi ishdan olingani, bolalar ombudsmani esa o‘quvchining manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi.
Toshkent viloyati hokimligi viloyat SSB boshlig‘i tibbiyot xodimlarini “o‘zbekona qadriyatlarga hurmat va ona tabiatga e’tibor nuqtai nazaridan” hasharda qatnashishga chaqirgan, deb bayonot berdi. Avvalroq viloyat hokimi hasharda qatnashish tashabbusi ijtimoiy muassasa rahbarlarining o‘zidan chiqqanini ta’kidlagan.
Qozog‘iston FVV qutqaruvchilari Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida metan portlashi oqibatida halok bo‘lgan barcha konchilarning jasadlarini olib chiqdi. 46 nafar konchi halokat qurboni bo‘ldi.
Poytaxtda “Diqqat piyoda” tadbiri doirasida yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tgan 6000 nafardan ortiq piyoda jarimaga tortildi, dedi Toshkent YHXB boshlig‘i Rafiqjon Jalilov. 57 nafar haydovchiga esa piyodalarga yo‘l bermagani uchun chora ko‘rilgan. Joylarda 34 ta tugmachali svetofor o‘rnatilgan.
UzPost (“O‘zbekiston pochtasi”) respublika bo‘ylab jo‘natmalarni 24 soat ichida yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Xizmat narxi 1 kg uchun 15 ming so‘mdan boshlanadi, qo‘shimcha kilogramm uchun 3 ming so‘mdan to‘lanadi. Mijozlar saytda yetkazmaning borishini kuzatishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda noyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida harorat kechalari 0…+10 darajagacha, kunduzi +7…+20 darajagacha o‘zgarib turadi. Ba’zan -2 darajagacha tushishi mumkin. Yog‘ingarchilik me’yoriy, ba’zi joylarda ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
Buxoro shahri markazidagi binolar va stadion o‘rniga turistik markaz qurilishi loyihasi yil boshida e’tirozlar sabab to‘xtab qolgandi. Kun.uz`ning yozishicha, masala yana ko‘tarilgan, shahar hokimligi boshqa hududga ko‘chirilgan, shahar markazi “snos”ga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Hokimlik vakili buni rad etdi.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi O‘zbekiston harbiy prokurori bosh prokuror taqdimiga binoan prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID “Sildan xoli O‘zbekiston” 5 yillik tashabbusini boshladi. Silning oldini olish, aniqlash va davolash ishlari bo‘yicha loyihaga 18 mln dollar sarmoya kiritilmoqda.
“Inter Mayami” va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi o‘zining sakkizinchi “Oltin to‘p”ini qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida yilning eng yaxshi futbolchi deb esa “Barselona” yarim himoyachisi Aytana Bonmati topildi.
O‘zbekiston prezidenti Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tib, Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdagi qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Loyiha maslahatchisi ko‘prik sinovdan o‘tkazilgani va xavfsiz ekanini ta’kidladi.
Toshkent viloyati SSB boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev viloyat rahbarlari hududlarda reyd o‘tkazayotganini aytib, uyaltirib qo‘ymaslik uchun “o‘zini erkakman degan har bir shifokor”ga hasharda qatnashishni buyurdi. U topshirig‘ini xodimlarning shartnomasida ommaviy tadbirlarda qatnashishi ko‘rsatilgani bilan izohladi.
Tarmoqlarda Andijondagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida xodim bemorni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Viloyat prokuraturasi xodimning ishdan bo‘shatilgani va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Shu vaqtgacha faqat yigitlar qabul qilingan Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida endi qizlar ham o‘qishi mumkin. Avvalroq uni bitirganlarga OTMga kirishda imtiyoz berilishi turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Buning ortidan uning kvotalarini alohida qilish masalasi ko‘tarilgan.
Surxondaryoning sobiq hokimi To‘ra Bobolov ortidan 13 tuman hokimi qatorida ishdan olingan, 1 yil davomida Qiziriq tumaniga rahbarlik qilgan Rustam Pardayev 4ta jinoiy modda doirasida sud qilinmoqda. Unga o‘zlashtirish, firibgarlik, mansab soxtakorligi kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Azim Nazarov qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, Akmal Qosimov va Bunyod Oxunov vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yiliga 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi. “Tolibon”, shuningdek, Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun to‘lovlarni kamaytirishni so‘ragan.
Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan Lufthansa aviakompaniyasi samolyoti ikki yo‘lovchining janjali tufayli Toshkent aeroportiga qo‘ndi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting