28-martdan 2-aprelgacha O‘zbekistonning 6 ta viloyatidagi ayrim hududlarda qor ko‘chishi xavfi mavjud. Shuningdek, 27−31-martda tog‘oldi va tog‘li joylarda sel-suv toshqini ham yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich to‘rt va undan yuqori tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylari, maktablar yaqini va boshqa joylarda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralarni o‘rnatish boshlanadi. Hukumat avtomatlashtirilgan tizimlarni o‘rnatish tartibi va talablarini tasdiqladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Istanbul aeroportida, asosan, 20−35 yoshdagi xorijliklar uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilgani haqida xabar berdi. Yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning 163 nafar fuqarosi Turkiyaga kiritilmagan, ulardan 54 nafariga mamlakatga kirish taqiqlangan bo‘lgan.
Toshkentdan Namangan, Farg‘ona va Andijon shaharlariga mikroavtobus qatnovi tashkil etiladi. Shu munosabat bilan Transport vazirligi ochiq tender o‘tkazilishini ma’lum qildi.
26−28-mart kunlari bo‘lib o‘tayotgan 23-xalqaro UzFood 2024 ko‘rgazmasida Made in Moscow stendi 16 ta oziq-ovqat sanoati ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini taqdim qilmoqda.
2024-yilning ilk ikki oyida O‘zbekistonga gaz importi 166,7 mln dollarni tashkil qildi. Bu davrda mamlakat 26,7 mln dollarlik gaz eksport qilgan bo‘lsa-da, Xitoy O‘zbekistondan 57,3 mln dollarlik gaz import qilganini bildirdi, bu O‘zbekiston tomoni bergan raqamlardan ikki baravar ko‘pdir.
“Rosatom” O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar “ancha muvaffaqiyatli” kechayotganini ta’kidladi. Korporatsiya rasmiysi mutaxassislar allaqachon AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonni batafsil o‘rganib chiqqani va eng maqbul texnologik yechimlarni aniqlaganini aytdi.
Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Moskva yaqinidagi “Krokus”da terakt sodir etishda ayblanayotgani fonida Rossiyada muhojirlarga qarshi choralar, xususan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarlik uchun deportatsiya qilish hamda patentlar bo‘yicha cheklovlar muhokamasi avj oldi.
Italiyada 16−17-aprel kunlari “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining ochilishi o‘tkaziladi. Ko‘rgazma ikki bo‘lim — Venetsiyada “Shakl va ramz” hamda Florensiyada “Nur va rang” nomi bilan bo‘lib o‘tadi. Ularda XX asr birinchi yarmiga oid 172 tadan ortiq rangtasvir asarlari taqdim qilinadi.
SNS Ratings agentligi tomonidan tuzilgan “O‘zbekiston tijorat banklari mobil ilovalarining yakuniy reytingi”da ANORBANK 96,09 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Andijon shahrida qiymati 8 mlrd 215 mln so‘m bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘li qurilishi reja qilinmoqda. Ayni paytda Xo‘jaobod tumanida ham 4,9 mlrd so‘mlik yerosti o‘tish yo‘li qurilyapti.
Migratsiya agentligi Moskvadagi terakt fonida Rossiyaga borayotgan va u yerda yashayotgan o‘zbekistonliklardan kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga amal qilishni so‘radi. Agentlik, shuningdek, “Gazeta.uz”ga “O‘zbekistonliklarga patent bermayapti, chiqarib yuboryapti, degan gaplarning ko‘pi rost emas”ligini bildirdi.
IIBB Uchtepa tumanida 26 nafar tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan ayolni aniqlandi. Ularning 13 nafar yosh farzandi ijtimoiy-huquqiy yordam markaziga joylashtirildi. Ayollarning ayrimlari pul topish uchun o‘zgalarning yosh farzandini ijaraga olgani aniqlandi. Fuqarolarga profilaktik tushuntirish berildi.
2020-yildan buyon Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ishlab kelgan Manish Prabxat mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunladi.
Dunyo bo‘ylab yoshlar saratonga chalinish ehtimoli ko‘paymoqda va 2030-yilga kelib erta onkologiya holatlari yana 30 foizga oshishi kutilmoqda. Olimlar bu tendensiyani hali tushuntirib bera olmaydi va eng ehtimoliy omillar — semirish va saraton kasalligining erta skriningi to‘liq tasvirni ochib berolmaydi.
17−19-aprel kunlari Ostonada Automechanika Astana xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda 20 ta mamlakatdan avtomobil komponentlari va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish mahsulotlari namoyish etiladi.
Uchta hududda arxeologik yodgorliklarga qariyb 30 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Xususan, V-VII asrlarga oid Kattatepa yodgorligi molxona qurish uchun buzilgan, Badaxshontepa obyekti ekin maydoniga aylantirilgan va Tolmozortepa texnika yordamida tekislab yuborilgan.
Buxoro viloyati teatriga ketayotib YTHga uchragan maktab o‘quvchilari avtobus haydovchisidan tezlikni oshirmaslikni bir necha bor so‘ragan. YTH oqibatida bir o‘quvchi voqea joyida, bir qiz esa shifoxonada vafot etgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bolalar nima bo‘lganini eslarkan, kuchli stressni boshdan kechirgan.
Toshkentda fuqarolardan 6,1 mlrd so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan avtosalon egalari 8−9 yilgacha qamaldi. Ular xaridorlarni qabul qilishda GM Uzbekistan bilan shartnoma tuzgani va mashinalarni 3 oyda avtosalondan chiqarib berishini aytgan.
“20 000 00 00” mobil raqami auksionda rekord darajadagi 1,07 milliard so‘mga (85 ming dollar) sotildi. Auksionda 10 nafar talabgor ishtirok etib, 87 ta taklif kiritdi, shu bois raqamning boshlang‘ich bahosi 5 barobarga oshdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting