Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar ko‘payib, vagonga ortiqcha yuklama tushayotgani sabab ko‘p buzilish bo‘layotganini aytdi. Bunda to‘lib kelgan vagonga chiqmay, keyingisini kutish tavsiya qilindi. Tiqilinchni kamaytirish uchun yil oxirigacha “Chilonzor” yo‘liga ham 5 vagonli poyezdlarni sinov uchun qo‘yish reja qilinmoqda.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakat hududi va G‘azo sektorida majburan ushlab turilganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi. Shuningdek, Isroilda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan aloqaga chiqish so‘raldi.
Toshkentning Uchtepa tumanida uch nafar quruvchini tuproq bosib qolgani aytilmoqda. Ular FVBning 16 nafar qutqaruvchilari tomonidan 2 soatdan buyon qidirilmoqda.
“Chilonzor” qozonxonasi faoliyatini to‘xtatishi sabab Chilonzor va Uchtepa tumanlarining bir qancha hududlarida 12-oktabrda issiq suv ta’minoti o‘chiriladi.
O‘zbekiston SSR Qurilish vazirligi, Namangan va Samarqand viloyatlarini boshqargan Nazir Rajabov 84 yoshida vafot etdi.
Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘llar tizimi “Ramsar” konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududlari ro‘yxatiga kiritildi. Bungacha Dengizko‘l (2001), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008) hamda To‘dako‘l va Quymazor suv omborlari (2020) mazkur ro‘yxatdan joy olgan.
12−13-oktabr kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayotgani sababli O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahri aholisi 10−17-oktabr kunlari Yangihayot tumanidagi mavze va ko‘chalarni nomlash bo‘yicha takliflarini yo‘llashi mumkin. “Gazeta.uz” avvalroq poytaxtdagi 200 ga yaqin geografik obyektning nomi yo‘qligi haqida yozgandi.
Toshkentda 18 yoshli Equinox haydovchisi telefondan foydalanib ketayotganda, svetoforda turgan boshqa mashinaga katta tezlikda borib urildi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi jabrlangan.
Prezident “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha asosiy qarzini to‘lash muddatini foiz stavkalarini o‘zgartirmagan holda uzaytirishni ma’qulladi. Yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 150 mln dollar kredit ajratilmoqda.
HAMASning ikki yetakchisi halok bo‘ldi, Eron Isroilning harbiy va razvedka sohasidagi “tuzatib bo‘lmas mag‘lubiyatini” olqishladi, BMT komissiyasi HAMAS va Isroilning harakatlarini qoralamoqda, OAV Isroil elektr va suv yetkazib berishni to‘xtatgan mintaqada gumanitar falokat yuz berayotgani haqida yozmoqda.
Davlat-xususiy sheriklik doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “Navoiy-Uchquduq” uchastkasini elektrlashtirish, “Toshkent-Angren” ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasini qurish va boshqa loyihalar samaradorligini o‘rganish topshirildi.
Andijon davlat universitetida talabalarga ortiqcha stipendiya hisoblash, TTJdan tushgan pullarni o‘zlashtirish va talabalarga hisoblangan rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatmaslik yo‘li bilan jami 39,3 mlrd so‘m naqd pul talon-toroj qilingani aniqlandi.
Xitoydan avtomobil qismlari yuklangan 22 konteynerli poyezd dushanba kuni “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Afg‘oniston” transport yo‘li orqali Afg‘onistonga keldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ negizida yil oxiriga qadar infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish (tezyurar poyezdlar uchun alohida) hamda vokzal boshqaruvi bo‘yicha alohida kompaniyalar tashkil etiladi. Prezident kompaniyani xoldingga aylantirish rejasini sentabr oyida e’lon qilgandi.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish uchun 105 mln dollar qarz va 65 mln dollar grant yo‘naltiradi. Dasturda elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.
Chexiya O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Yevropa bozoriga chiqishida yagona “CE” (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlashda hamkorlik qilishi mumkin.
Andijonda yer maydonlarini jami 48 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganlar, Qoraqalpog‘istonda esa 85 mln so‘mga davlat yerini fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlandi.
Sentabrda O‘zbekistonda sezilgan inflyatsiya darajasi 13,3 foizgacha pasaydi. Daromadi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarning aksariyati non va un, 10−15 mln so‘m bo‘lganlar benzin va yoqilg‘i, 15 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlar esa meva va sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va Braziliyaning AQShdagi elchisi Mariya Viotti uchrashuvida Braziliya hukumati Toshkentda elchixona ochish masalasini o‘rganib chiqayotgani ma’lum qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting