Juma kuni O‘zbekiston bo‘ylab Kavkazdan kirib kelayotgan havo harakatini davom ettiradi va barcha joylarda issiq zaiflasha boshlaydi. Dam olish kunlari harorat +33…+38 daraja, faqat ayrim joylarda 39…+40 darajagacha issiq bo‘ladi.
Hukumat ish haqini natura shaklida to‘lash tartibi bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, xodimning yozma roziligi bilan o‘zi yoki oilasi iste’moli uchun oziq-ovqat mahsulotlari berish, uy xizmatchilari bilan esa oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish mumkin bo‘ladi.
Bosh prokuratura o‘rganishi davomida Toshkent shahrida joylashgan 18 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan Bo‘zsuv kanaliga yuqori konsentratsiyada ifloslangan kimyoviy moddalar oqizilgani aniqlandi va korxonalar ogohlantirildi.
Kanokpan Lao-Araya Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori bo‘ldi. Bungacha u bankning Qirg‘izistondagi vakolatxonasini boshqargan.
Tailandda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida 22 yoshli Farida Soliyeva yugurish bahslarida 2-o‘rinni, balandlikka sakrash sektorida Svetlana Radzivil 3-o‘rinni oldi. Avvalroq bosqon uloqtirish bahsida Suhrob Xodjayev kumush medalga ega chiqqandi.
Tijorat banklari 14-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 525−11 590 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 630−11 640 so‘m.
Yevroparlament deputatlari ko‘pchilik ovoz bilan Qirg‘izistonda so‘z erkinligiga bosim to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda mamlakat rasmiylari bir qator munozarali qonun loyihalarini qaytarib olishga va qator jurnalistlarga nisbatan ayblovlarni olib tashlashga chaqirilgan.
Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari va Avtoyo‘l rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Jamshid Tursunov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi bo‘ldi. U avvalroq ishdan bo‘shatilgan, sohaga 20 yildan ortiq rahbarlik qilgan Abdurahmon Abduvaliyevning o‘rnini egalladi.
G‘azalkentda qotillikda gumonlangan shaxslar ushlangani, Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi, O‘zbekiston avtomobil bozoridagi pasayish, Namanganda nashida sabab aka-singilga sud hukmi o‘qilgani, Asakadagi zavodni to‘liq qayta ishga tushiradigan UzAuto Motors va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
O‘zbekiston “odam savdosiga barham berish bo‘yicha minimal standartlarga to‘liq rioya etayotgani yo‘q, ammo buning uchun jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda”, deyiladi AQSh Davlat departamentining dunyodagi odam savdosi bo‘yicha yangi hisobotida.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida fuqaro uyida to‘qqizta bo‘z echkiemar va beshta O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasini qonunga xilof ravishda saqlayotgani, ulardan biri nobud bo‘lgani aniqlandi. Shuningdek, u ikki ilonni o‘ldirib, hovlisiga osib qo‘ygan. Tabiatga yetkazilgan zarar salkam 51,5 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Ipakchilik qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipovni sudga berdi. Saytda uning ipakchilik sohasidagi kompaniyalar bilan aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida maqola chop etilgan. Davlat xizmatchisi raddiya e’lon qilish, uzr so‘rash va 1 mlrd so‘m tovon puli to‘lashni talab qilmoqda.
Toshkent shahridagi Olmazor, Yashnobod va Chilonzor tumanlarining ayrim hududlarida 14-iyul kuni soat 09:00 dan 17:00 gacha elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi.
Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Suhrob Xodjayev Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bandixon prokuroriga mahalla raislarini haqoratlagani uchun intizomiy chora qo‘llanildi. Lekin prokuror Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddaci bilan ham javobgarlikka tortilishi kerak edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi 14-iyul, juma kuni bo‘lib o‘tadi.
Prezident qarori bilan 2024-yil Xivada “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiri, Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan “Strongmen” xalqaro bahodirlar musobaqasi va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida bir yigit itni oqimi kuchli bo‘lgan kanalga tashladi, boshqasi jarayonni videoga oldi. Ularning ikkisi ham hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. It omon qolgan.
UzAuto Motors`ning Asakadagi zavodi 17-iyuldan to‘liq qayta ishga tushadi. Kompaniya matbuot xizmati hozirda liniyalar bosqichma-bosqich ishga tushirilayotganini ma’lum qildi. Oy boshida zavod faoliyati modernizatsiya ishlari sabab vaqtincha to‘xtatilgandi.
Namanganda “aqidaparastlik materiallari, shu jumladan nashidalar”ni tarqatgani uchun 23 yoshli yigitga 5 yilga qamoq, uning 19 yoshli singlisiga 2 yilga “uy qamog‘i” jazosi tayinlandi. Singil videolarni akasi tarqatgani, bu ishga uni aloqasi yo‘qligini aytgan, biroq keyin aybiga iqror bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting