XDP va “Adolat” SDPdan O‘zbekiston prezidentligiga tasdiqlangan nomzodlar, Rosatom" bilan AES qurish masalasi muhokamasida davom etayotgan O‘zbekiston, mamlakatga keladigan benzin narxlari, bog‘chada bolalar tanasiga uxlamagani uchun igna sanchgan amaliyotchi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati chegarada yana uchta o‘tkazish punktini ochishni rejalashtirmoqda. Tarmoqlarda O‘zbekiston tomoni 2010-yilda faoliyati to‘xtatilgan “Bekobod-Xonobod” NO‘P yaqinidagi devorni buzayotgani aks etgan video tarqaldi. “Qorasuv” va “Kara-Bagish” NO‘Plarning ham ochilishi kutilmoqda.
Jizzaxda 2500 talabaga mo‘ljallangan institut binosi qurilishida ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi va quyilgan poydevor demontaj qilindi.
Yangiyo‘l tumanida 3 nafar 6-sinf o‘quvchisi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasi”ga o‘rnatilgan byustlardan biriga nisbatan noo‘rin harakatlar qilib, so‘kingan va holat videosini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Ularning ota-onalari jarimaga tortildi.
Surxondaryo viloyatida Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Ramazon Abdullayev Haj safari uchun jamg‘argan mablag‘i hisobidan Gumatak qishlog‘ida ko‘prik qurib berdi. Tuman hokimi deputatni tashakkurnoma bilan taqdirladi.
“Adolat” SDPdan prezidentlik saylovi uchun Robaxon Mahmudova nomzod sifatida tasdiqlandi. Uning saylovoldi dasturida “Ijtimoiy davlat-2030” dasturini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va boshqalar ko‘zda tutilgan.
Sankt-Peterburgdan Toshkentga uchib kelayotgan samolyotda mast holda janjal ko‘targan erkakka 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Yunusobod tumanida 6 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hech kimga tan jarohati yetmagani ma’lum qilindi.
Eron-Afg‘oniston chegarasida sodir bo‘lgan otishmada kamida 3 kishi halok bo‘ldi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyat Hilmand daryosi suvidan foydalanishdagi nizo sababli keskinlashgan.
2023-yilda O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshdi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etdi. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi.
Ulug‘bek Inoyatov prezidentlik saylovlarida XDPdan nomzod sifatida tasdiqlandi. Partiya qurultoyida nomzodning qimmat mol-mulk uchun soliq joriy etish, sudlov hay’ati institutini tashkil qilish va boshqalarni nazarda tutuvchi dasturi ham tasdiqlandi.
Oq uy va Respublikachilar partiyasi AQSh davlat qarzi chegarasini oshirish bo‘yicha kelishib oldi, bu esa jahon iqtisodiyotiga tahdid soladigan defoltning oldini olishi kutilmoqda.
2023-yilning yanvar-aprel oylarida respublikada 2144 ta yo‘l transport hodisasi oqibatida 499 kishi vafot etdi.
Xonqa tumanidagi maktabning 61 yoshli o‘qituvchisiga nisbatan 2 nafar 3-sinf o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Nemolchi.uz loyihasi ishni qayta kvalifikatsiyalashni talab qilib, pedagog o‘z qilmishi uchun to‘liq jazolanishini so‘radi.
Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha eng nufuzli turnirlardan biri — Norway Chess musobaqasida ishtirok etadi, unda Magnus Karlsen, Aliriza Firuzja va dunyoning boshqa kuchli shaxmatchilari qatnashadi.
Kogon shahrida er xotinini rashk sabab pichoqlab o‘ldirdi. Janjalni ajratmoqchi bo‘lgan erkakning onasi ham jarohat oldi.
Yangihayot tumanidagi 122-sonli bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun kelgan kollej o‘quvchisi uxlamagan bolalarning tanasiga igna tiqib olgani aniqlandi. U amaliyotdan chetlatildi, holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda va parallel ravishda kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganmoqda. “AES qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir. Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Mo‘ynoq, Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubida 25−28-may kunlari IV xalqaro Rally Muynak — 2023 ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tdi va g‘oliblar aniqlandi.
Marhamat tumanida 20 yoshli yigit kanalga tushib ketgan qizni qutqarmoqchi bo‘lib, o‘zi cho‘kib ketdi. Qiz boshqa odamlar tomonidan qutqarildi, yigitning jasadi oradan 3 kun o‘tib topildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting