Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan birinchi va 22 kishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud Buxoro viloyatida davom etmoqda. Bosh prokuratura yana 39 kishiga daxldor ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanayotganini ma’lum qildi.
AQSh O‘zbekistonni yangi savdo yo‘llarini yo‘lga qo‘yish, import va eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, iqlim inqiroziga qarshi kurashish va ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda ikkinchi strategik sheriklik muloqoti natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonotda aytildi.
10 oy davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 380 ta korrupsion holat aniqlandi, natijada 383 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. 200 taga yaqin holat ish haqi, rag‘batlantirish, qimmat narxlarda davlat xaridlarini amalga oshirish, qurilishga ajratilgan pullarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq.
Poytaxtning Uchtepa tumanidagi prezident borib ko‘rgan «Shirin» mahallasida ko‘chalarni muzdan tozalash ishlari boshlandi. Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev «Sizlar ishlamaganlaring uchun davlat yomonga chiqyapti», — deya tuman hokimi Farhod Abdullayevni tanqid qilgan edi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki yo‘lovchi tashuvchi avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki nafar yo‘lovchi tan jarohat oldi.
Qarshi davlat universiteti talabasi viloyat hokimi bilan uchrashuvda tanqidlarga javob qaytaruvchi blogerlar jamoasini tuzish taklifini berdi. Qashqadaryo rahbari Murotjon Azimov esa uning shu taklifi uchun hokimlikka ishga olinishini ma’lum qildi.
Tarmoqlarda Andijon viloyatida pul evaziga mijozlar gaz quyish shoxobchasiga navbatsiz kiritilayotgani aytilgan video tarqaldi. Viloyat IIB holat Oltinko‘l tumanida sodir bo‘lgani va 2 nafar shaxs 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.
Iordaniyaning Jordan Aviation aviakompaniyasi Amman-Toshkent-Amman yo‘nalishida yangi parvoz yo‘nalishini ochdi. Reyslar charter asosida ikki haftada bir marta Boeing-767 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Olmazor tumanida harakatlanib ketayotgan Matiz yonib ketdi. Mashinadagi qisqa tutashuv o‘t chiqishiga sabab bo‘ldi.
Yanvar-noyabr oylarida xorijiy davlatlardan 508 ming nafar, birgina Rossiyaning o‘zidan esa 317 mingdan ortiq migrant Vatanga qaytib kelgan. Mehnat vazirligi vakiliga ko‘ra, migrantlar qishni O‘zbekistonda o‘tkazib, bahorda yana qaytib ketadi, bu doimiy kuzatiladigan holat.
Markaziy bank 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy valyutadagi pul massasi 0,4 trln so‘mga ko‘payib, 125,1 trln so‘mga yetganini ma’lum qildi. Muomaladagi naqd pullar qoldig‘i esa 2,4 trln so‘mga qisqarib, 41,3 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Angor tumanida Lada Samara haydovchisi mast holda yo‘lda yotgan piyodani bosib ketdi. 46 yoshli fuqaro voqea joyida vafot etdi.
ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda o‘rtacha narxlar 15,8 foizga, xususan, poytaxtda 22,7 foizga ko‘tarildi. Shu bilan birga, uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat barqarorlashayotgani qayd etildi.
Hozirda 2 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xorij davlatlarida ishlamoqda, deya ma’lum qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov. Ularning 1,5 mln nafari Rossiyada, deyarli 200 ming ortiq migrant esa norasmiy faoliyat yuritmoqda.
Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari biroz oshdi. Respondentlar tomonidan valyuta kursining qadrsizlanishi, yoqilg‘i va energiya resurslari, shuningdek, import qilinadigan xom ashyo va butlovchi qismlar narxining qimmatlashuvi narxlarni oshiruvchi omillar sifatida qayd etildi.
Seshanba kuni respublikada yana 101 kishi kovidga chalindi (oldingi kun 58 kishi kasallik yuqtirgandi). Pandemiya boshlangan 2020 yilning mart oyidan beri rasman koronavirusga chalinganlar soni 248 mingdan ortdi.
Samarqand shahri, Oqdaryo, Toyloq, Jomboy va Samarqand tumanlaridagi ayrim maktab o‘quvchilari qishki ta’tildan ertaroq qaytadi. Ular sentabrda o‘tkazilgan SHHT sammiti sababli qoldirgan darslar o‘rnini qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan to‘ldiradi.
O‘zbekistonda efirga uzatiladigan xorijiy telekanallar ro‘yxati 50 tadan 192 taga kengaytirildi. AOKA bunday qaror fuqarolarning turli manbalardan to‘liq va xolis axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Tijorat banklari 14 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 250 — 11 310 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 340 so‘m.
Nukus voqealari bo‘yicha sudda fuqaroviy da’vogarlar va jabrlanuvchilar so‘zlashda davom etmoqda. Bu haftada Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiylari, IIV xodimlari va boshqalar so‘zlamoqda. Bir necha sudlanuvchi kechirim so‘ragach, ayrim harbiy xizmatchilar suddan ularni kechirishni so‘rashdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting