JCH-2022ning yana bir kunida E va F guruhidan joy olgan Ispaniya — Kosta-Rika va Belgiya — Kanada bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi bahsda ispaniyaliklar total ustunlik qilib, 7 gol urib rekord hisobni qayd etishgan bo‘lishsa, ikkinchi bahsda aslida Belgiyadan kuchliroq o‘yin ko‘rsatgan Kanada 0:1 hisobida yutqazdi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Nexia-2 ag‘darilib, piyodalar yo‘lakchasida ketayotgan ikki nafar bolani urib yubordi. Oqibatda bolalardan biri tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. YTH yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Banklarda 24 noyabr kuni 1 AQSh dollari 11 180 — 11 260 so‘mdan sotib olinmoqda, sotish kursi esa 11 280 so‘mgacha ko‘tarildi.
Moliya vaziri quyi palata sessiyasida 2022 yildagi davlat budjeti hisobidan XTVga qo‘shimcha 922 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shundan 106 mlrd so‘m Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1−4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish uchun, 400 mlrd so‘m esa darslik ijarasini budjetdan qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Moliya vaziri Timur Ishmetov «2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha muhokamada budjet taqchilligi 3%dan 4%ga oshirilishini ma’lum qildi. Avvalroq hukumat limitga moslasha olmayotgani uchun deputatlardan budjet taqchilligining cheklangan miqdorini oshirishni so‘ragandi.
Toshkentda tramvay yo‘llarini quradigan Fransiya kompaniyasi, yoqib yuborilgan 34,2 ming quti tamaki, yana daraxtkushlik, «TTZ»dan «Mashinasozlar» metrosigacha ekspress avtobus, 800 mln yevroga 17 ta samolyot sotib olinishi, $40 mlrddan oshgan tashqi savdo aylanmasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Hukumat qarori bilan Strategik rivojlanish agentligi rahbarining barcha o‘rinbosarlari, xususan, Rustamxon Azizov, Aziz Gafurov va Aleksey Sim o‘z lavozimidan ozod etildi. Ushbu agentlik sentabr oyida prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi sifatida qayta tashkil etilgan edi.
23 noyabr kuni E guruhidan joy olgan Germaniya — Yaponiya bahsida 1:2 hisobi qayd etildi. Yaponiya «kambek» amalga oshirdi va irodali g‘alabaga erishdi. F guruhidagi Marokash — Xorvatiya bahsida esa hisob ochilmadi — 0:0.
Yevroparlament Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi tinch aholiga nisbatan vahshiyliklari uchun Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan oldi. Shuningdek, deputatlar Yevropa kengashini Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va «Qodirovchilar» polkini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.
Ikki qizni Indoneziyaga fohishalik qilish uchun yuborishni rejalashtirgan ikki fuqaro 5 yilu 1 oydan qamoq jazosiga hukm qilindi.
Andijon viloyati Jalaquduq tumanida oyoqlari kombaynning yanchuvchi qismiga kirib ketgan 35 yoshli erkak shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini quradi. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda. Liniyalardan biri “Do‘stlik” metro stansiyasidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tishi mumkin.
Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 40,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Jumladan, eksport hajmi qariyb $15,5 mlrdga (+23,8%), import esa $24,6 mlrdga (+21,2% ga) yetdi. Hisobot davrida — $9,1 mlrd qiymatida passiv saldo qayd etildi.
O‘zbekistonga AQShdan 131 tonna oziq-ovqat yordamining yillik partiyasi yetkazildi. Kundalik kaloriya va oqsil miqdorini oshirishga mo‘ljallangan sabzavot va dukkakli o‘simliklardan iborat ozuqaviy aralashma silga chalingan bemorlarni davolash muassasalari hamda «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga tarqatiladi.
Fransiya O‘zbekistonga umumiy qiymati salkam 800 mln yevroga teng 12 ta Airbus A320neo va A321neo samolyotlari, shuningdek, 5 ta ATR 72−600 samolyotlarini yetkazib beradi. Bundan tashqari, ikkita Airbus H145 vertolyotini xarid qilish rejalashtirilgan.
Markaziy bank 2023−2025-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy va muqobal ssenariylarini taqdim etdi. Regulyator asosiy e’tibor iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga erishishga qaratilishini ta’kidlab, pul-kredit siyosatida inflyatsion targetlash jarayoni davom etishini qayd etdi.
Yakkasaroy tumanida 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Nexia-3 34 yoshli piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchi kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etdi.
Namangan viloyati Pop tumanida ona va uning voyaga yetmagan farzandi hamda mehmonga kelgan qaynona is gazidan zaharlanib vafot etdi. Noyabr oyining o‘zida is gazidan 9 kishi halok bo‘ldi.
NASA`ning Orion kosmik kemasi Oyga uchib borib, Yerning sun’iy yo‘ldoshi atrofidan aylanib o‘tdi. Mazkur Artemis I missiyasi odamlarni Oyga olib chiqish, unda uzoq muddat qolish va Marsga keyingi parvozlarni amalga oshirish loyihasining boshlanishi bo‘ladi. Keyingi parvozda uni odamlar boshqarib borishi mumkin.
Yangihayot tumanidagi zavodlarning birida 297,4 mln so‘mlik 34,2 ming quti kontrabanda tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi. Bojxona qo‘mitasi noqonuniy olib kirish holatlari ko‘proq vodiy viloyatlarida uchrashini ma’lum qildi. Yil boshidan beri 19,2 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari olib qo‘yildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting