Dushanba kuni 1123 nafar kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, shu bilan ketma-ket ikkinchi kun virusning kunlik holati kamaymoqda. 3 bemor esa vafot etdi. Qolaversa, 98 kishida pnevmoniya qayd etildi.
Respublika maxsus komissiyasi 25 yanvardan xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida fuqarolardan koronavirus infeksiyasiga ekspress test olish tartibini bekor qildi. Bunda tashrif buyuruvchilar kamida 48 soat oldin topshirgan manfiy PZR-test ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.
Yakshanba kuni 1296 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi ijobiy natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkich shanba kuni qariyb — 1500 ga yetgan edi. Ikki bemor kasallik oqibatida vafot etdi. Qolaversa, 172 kishida pnevmoniya aniqlandi.
O‘zbekistonda juma kuni koronavirusning kunlik holati 1390 taga yetdi, ketma-ket to‘rtinchi kun antirekord qayd etilmoqda. Qolaversa, SSV pnevmoniya holati bo‘yicha yana xabar bera boshladi — u bir kunda 289 kishida aniqlandi.
Ketma-ket uchinchi kun antirekord qayd etildi — payshanba kuni 1321 kishida koronavirusga topshirilgan test musbat natijani ko‘rsatdi. 3 nafar bemor esa virus asoratlaridan vafot etdi.
Ketma-ket ikkinchi kun antirekord yangilandi, chorshanba kuni yana 1307 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Yana 4 nafar bemor virus asoratlari oqibatida vafot etdi.
Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning so‘zlariga ko‘ra, «5 yanvardan keyin murojaat qilgan bemorlarning 90−95 foizida o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti». U davolanish muddati o‘rtacha 5 kunni tashkil qilayotgani va kasallik bemorlarda yengil kechayotganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni Toshkent shahridagi 508 ta budjet tashkiloti va tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazildi. Buning natijasida koronavirusga qarshi emlanmagan 1044 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatildi, 200 nafari esa jarimaga tortildi. Yana bir tashkilot faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Seshanba kuni koronavirusning kunlik holati 1214 taga yetib, antirekord yana yangilandi. 3 nafar bemor esa vafot etdi. Bunga qadar, eng ko‘p holat 16 yanvar kuni — 1037 kishida virus qayd etilgandi.
YUNISEF vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening ma’lum qilishicha, O‘zbekiston birinchi chorakda COVAX dasturi doirasida 11 mln dozadan ko‘proq vaksina qabul qilib oladi. COVAX orqali hozirgacha yetkazib berilgan vaksinalar hajmi 10 mln dozadan oshgan.
Yakshanba kuni O‘zbekistonda pandemiya davridan beri ilk marotaba 1037 kishida koronavirus aniqlandi, shuni yarmidan ko‘pi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, bemorlarning yana 3 nafari vafot etdi.
O‘zbekistonga kirayotganlardan ekspress test olish tartibi joriy qilinishi navbatlar va odamlarning noroziligini yuzaga keltirdi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati bir kun ichida mamlakatga tashrif buyurgan 15 mingdan ortiq kishining 151 nafarida koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi.
15 yanvar kuni O‘zbekistonda 912 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallanish holatlarining yarmi Toshkent shahrida (456 ta) qayd etildi.
Poytaxtning 12 tumanida 24 soat faoliyat olib boruvchi kovid-poliklinikalar o‘z ishini boshladi. Bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, PZR-test, zarur dori-darmonlar bilan ta’minlangan (ro‘yxat).
Koronavirus bo‘yicha kunlik holatlar ketma-ket yettinchi kun o‘sishda davom etmoqda — juma kuni yana 876 kishida virus aniqlandi. Eng ko‘p kasallanish holatlari Toshkent shahrida (434 ta holat) qayd etildi. 2 kishi esa COVID-19 oqibatida vafot etdi.
Maxsus komissiya qarori bilan 15 yanvardan O‘zbekiston aeroportlarida koronavirusga qarshi majburiy test topshirish joriy etilmoqda. Test topshirish narxi so‘m ekvivalentida 5 AQSh dollari miqdorida bo‘ladi. Talabalarga 50 foiz chegirma beriladi.
Koronavirus bo‘yicha kunlik holatlar ketma-ket oltinchi kun o‘sishda davom etayapti — payshanba kuni yana 824 kishida virus aniqlandi. Birgina poytaxtning o‘zida 434 ta holat qayd etildi. 3 kishi esa COVID-19 oqibatida vafot etdi.
O‘zbekiston «omikron» tarqalayotgani munosabati bilan 15 yanvardan Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklov joriy etmoqda. Cheklovlar avialoqalarga hamda vatanga qaytayotgan fuqarolarga taalluqli emas.
12-yanvar kuni O‘zbekistonda yana 714 kishi koronavirusga chalindi. Bu oldingi kundan 110 nafarga ko‘p. Kasallanish ketma-ket 5-kun yana ortmoqda. Shuningdek, 3 kishi virusdan vafot etdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov 15 yanvardan tashkilotlarning emlanmagan ishchilari masofaviy ishlashga yuborilishini ma’lum qildi. «Keyingi besh kun ichida ishchilari vaksinaning birinchi dozasini olgan muassasalar avvalgidek ishlashda davom etishlari mumkin», — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting