Prezidentga metallurgiya korxonalari, jumladan, OKMK, NKMK, metallurgiya kombinatining transformatsiya dasturlari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, 2025-yilda sohaga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilib, kaolin va ko‘mir ishlab chiqarishni oshirish rejalashtirilmoqda. NKMK yana 500 mln dollarlik yevrobondlar chiqaradi.
Noyabrda inflyatsiya darajasi 0,93% — 2011-yildan buyon ushbu oydagi eng past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya 10% gacha sekinlashdi. Oy davomida go‘sht narxi 0,3−1,2% oshdi, tuxum — 3,3%, yog‘ — 2,5%, kartoshka -10,1%, pomidor — 72%. Propan narxi 11,1%, benzinniki 4,7% qimmatladi.
O‘zbekiston Filippin bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Filippin so‘nggi ikki oy ichida Toshkent muzokaralarni yakunlagan to‘rtta davlatdan biriga aylandi, dedi prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov.
Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘paydi. Pul o‘tkazmalari AQShdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga o‘sgan.
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda banklar balansidagi foydalanilmayotgan issiqxonalar, qayta ishlash sexlari va muzlatkichli omborlarni bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan tajribali tadbirkorlarga 3 yil muddatga ishonchli boshqaruvga berish taklif etildi.
Prezident Buxoro hokimining hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish rejalaridan qoniqmadi va investitsiya, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish sohalarini yaxshilash kerakligini aytdi. Viloyatdagi hokimlar va ularning o‘rinbosarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tib, shu uchta yo‘nalish ustida ishlaydi.
O‘zbekistonda dala chetidan samarali foydalangan fermerlar tadbirkorlar reytingida qo‘shimcha ball olish, yer solig‘ini ikkiga bo‘lib to‘lash imkoniyati va boshqacha ko‘rinishdagi imtiyozlarga ega bo‘ladi. Har bir mahallada kamida 100 ta xonadonga limon va uzum ko‘chatlari tarqatiladi.
Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov mamlakat tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Xitoy bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlaganini ma’lum qildi. “22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi”, — deb yozdi u. Avvalroq mamlakat AQSh bilan muzokaralarni yakunlagandi.
Prezident “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida”gi yangi qonunni imzoladi. Vagon operatorlari va yo‘lovchi tashuvchilar narxlarni erkin belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi (davlat tomonidan tartibga solinadigan tashuvlar bundan mustasno).
Markaziy bank shubhali operatsiyalarning oldini olish uchun bir shaxsga beriladigan kartalar sonini vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Tarmoqlarda 1 kishiga 1 ta karta berilishi haqida tarqalgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Toshkent shahar hokimligi 1-yarim yillikda ijtimoiy soha, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlashga rejalashtirilganidan kam mablag‘ ajratdi. Maktab va shifoxonalardagi qurilish-ta’mirlash ishlariga ham kamroq mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, davlat apparatini moliyalashtirish va “boshqa xarajatlar” ko‘paydi.
Endi bir shaxs tomonidan ma’lum vaqt davomida bir nechta bojxona operatsiyalari amalga oshirilsa, ularni to‘lashning bosh ta’minotini taqdim etish mumkin. Bojxona qo‘mitasi arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va bosh ta’minotni qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Senat qo‘mitasida Andijondagi istirohat bog‘ida charxpalak qurish loyihasi tadbirkorlik xususiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, “Tashabbusli budjet”ning ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgani va g‘olib deb topilgani keskin tanqid qilindi. Huddi shunday holat Zarafshondagi aeroport binosini ta’mirlashda ham kuzatilgan.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov nega ba’zi davlatlarda xavfsizlik qoidalari ishlashi va ba’zilarida ishlamasligini tushuntirdi. “G‘arbda qoida ishlashi ular insofliroq ekanidan emas. Agar qayerdadir yong‘in holatida chiqish eshigi ishlamay qolsa, sug‘urta kompaniyasi o‘sha korxona egasini „burnidan buloq“ qiladi”, deydi u.
O‘zbekistonda oziq-ovqat eksporti 2023-yilga nisbatan 1,2 barobarga o‘sib, 2 mlrd dollardan oshdi. Ammo 64 ta tumanda eksport 2023-yilga nisbatan kamaygan, undan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan. Prezident hokimlarni dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, yangi imkoniyatlarni ishga solish haqida ogohlantirdi.
Behzod Hoshimov nega iqtisodchilar inson umrining statistik qiymatini baholashini tushuntirdi. “Kulfat yuz berganida inson umri uchun qancha kompensatsiya to‘lanishi kerak? Umr — bebaho, degan falsafa bilan yondashsak, kompensatsiya berish kerakmas, degan noto‘g‘ri xulosaga kelib qolish mumkin”, — deydi u.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostona muzokaralari yakunida Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini ko‘paytirish rejalarini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Markaziy banki bir foydalanuvchiga beriladigan kartalar sonini cheklamoqchi. Regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayevning ta’kidlashicha, ayrim mijozlar yuzlab kartalarga ega bo‘lib, bu firibgarlar tomonidan kartalardagi mablag‘ o‘zlashtirilishiga olib kelmoqda.
“Adolat” partiyasi deputati Muhammad Valiyev so‘nggi oylarda propan narxi keskin oshgani sababli mas’ul idoralarga so‘rovlar yo‘lladi. So‘rovlarda narxlar oshishining sabablari, ularni barqarorlashtirish va narx shakllanishining shaffofligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi savollar ko‘tarilgan.
Prezident huzurida xorijiy investitsiya jalb qilish sohasidagi natijalar tanqidiy tahlil qilindi. Davlat rahbari yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarurligini aytdi. Har bir dollar sanoatni rivojlantirishi, yangi ish o‘rni yaratishi kerak, dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting