O‘zbekistonning tashqi qarzi hajmi 2021 yilda 16% ga oshib, 40 mlrd dollarga yaqinlashdi. Bu YAIMning 57 foizini tashkil etadi. Xususan, 2021 yilda davlat tashqi qarzi 11% ga oshib, 23,7 mlrd dollarga yetgan. Xususiy tashqi qarz 2021 yilning boshiga nisbatan 24 foizga o‘sib, 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan.
JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi oziq-ovqat narxlari va ochlikka sezilarli darajada ta’sir qilishini ta’kidladi. U Afrikaning ko‘plab mamlakatlari Qora dengiz mintaqasidan keladigan oziq-ovqat ta’minotiga bog‘lanib qolganini qayd etdi. Rossiya va Ukraina butun dunyo bug‘doy ta’minotining 24 foizini, kungaboqar yog‘i va kunjara eksportining taxminan 80 foizini tashkil qilishadi.
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat oldi. Parvozlar Sukhoi Superjet 100 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova iqtisodchilar Behzod Hoshimov, Botir Qobilov va Otabek Bakirovning Toshkent investitsiya forumidagi uning nutqi yuzasidan fikr-mulohazalari bildirilgan “Gazeta.uz” materialiga javob qaytardi. “Darslikdagi normalar hech bir davlatda bevosita ishlamaydi”.
1 mart holatiga ko‘ra, banklarning muammoli kreditlari (NPL) miqdori 265 mlrd so‘mga pasayib, 17 trln 212 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. NPL kamayishida «Ipoteka-bank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Xalq banki» ushbu kreditlarning bir qismidan halos bo‘lgani asosiy rol o‘ynadi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,57 so‘mga pasayib, 11 474,30 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Yirik kompaniyalar Rossiyani tark etishi fonida O‘zbekiston mintaqaviy sanoat va tijorat habiga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega, deb hisoblaydi tadbirkor Zafar Hoshimov. «„Xavf va tahdid sotuvchilari“ bizni yana qo‘rqitishiga va o‘tmishga qaytarishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi u.
Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistonga 60 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobiga mamlakatda soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizga, QQS undirishni 75 foizga yetkazish, soliq hisobotlarini tayyorlash va topshirish vaqtini ikki barobarga qisqartirish maqsad qilingan.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z yakuniga yetdi, uning doirasida 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ma’lum qilishicha, qiymati 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga ham erishilgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning to‘rtta bankiga 210 mln dollar kredit ajratadi. Ushbu mablag‘lar mahalliy korxonalarga tovar zaxiralarini yaxshiroq boshqarish va uzoqroq muddatlarda savdoni rejalashtirish maqsadida ajratiladi.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidovaning O‘zbekistonda savdoni liberallashtirishdagi risklar haqidagi so‘zlariga iqtisodchilar o‘z munosabatini bildirdi. “Maqolani 3 marotaba o‘qisam ham iqtisodiyotimizga liberalizatsiyaning qanday risklari mavjud ekanligini tushunmadim”, — dedi Botir Qobilov.
Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayeva yangi tashkil etilayotgan Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi bo‘yicha ayrim tafsilotlarni ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 40 ga yaqin yo‘nalishda ichki reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Birinchi bosqichda 70 o‘rinli uchta mintaqaviy samolyot kelishi kutilmoqda.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi davomida O‘zbekistonning savdoni liberallashtirishdagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi. Shunga qaramasdan, u ish o‘rinlarini yaratish, tashqi savdodagi defitsit, logistika va integratsiya bilan bog‘liq to‘rtta xavfni aytib o‘tdi. «Agar biz yetarli darajada oddiy bo‘lmagan mazkur to‘rtta muammoni hal qila olsak, tashqi savdo faoliyatini liberallashtirishning keyingi bosqichi haqida gapirishimiz mumkin», — dedi u.
Davlat soliq qo‘mitasi fevral oyida xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 183 mingdan ortiq iste’molchiga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilganini ma’lum qildi.
Prezident qarori bilan banklarning Uzcard va Toshkent fond birjasidagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, elektromobilda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanganlarni 2040 yilgacha litsenziya to‘lovlari va yig‘imlaridan ozod qilish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, elektromobil haydovchilari munitsipal avtoturargohlardan bepul foydalanishi mumkin. Avtoturargohlarga elektomobillarni tezkor quvvatlantiruvchi stansiyalar o‘rnatish taklifi ham bildirilmoqda.
Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayevaning xabar berishicha, Samarqandning yangi aeroporti 1-apreldan to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi. Hozirda aeroport majmuasini foydalanishga topshirish ishlari yakunlanmoqda.
Senatorlar organik mahsulotlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, hujjat bilan ishlab chiqarish jarayoniga ma’lum bir talablar, xususan qayta tiklanadigan tabiiy resurslar va ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha vazifalar qo‘yilmoqda. Organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda pestitsid, gormon, antibiotik va kimyoviy qo‘shimchalarni qo‘llash taqiqlanmoqda.
2023 yilda Buxoroda O‘zbekistondagi ikkinchi Hyatt mehmonxonasi ish boshlaydi. Ushbu tarmoqning birinchi mehmonxonasi 2016 yilda Toshkentda ochilgan edi, joriy yilning mart oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uni sotish jarayoni boshlanganini xabar qildi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, vazirlik, idora va barcha budjet tashkilotlari xizmat mashinalarining 2025-yilgacha kamida 10 foizi, 2030-yilgacha 100 foizi elektromobillarga almashtiriladi. Qolaversa, “tez yordam” mashinalari ham 2023−2026-yillarda elektrda harakatlanuvchi transportga o‘zgartiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting