Uzcard 7 martdan «Mir» to‘lov tizimi kartalarini qabul qilish tiklanganini ma’lum qildi. To‘lov tizimi kartalari Uzcard tizimi hamkor banklarining barcha qurilmalari tomonidan qabul qilinadi.
Har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelib, insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar ortda qolishiga sababchi bo‘ladi. Urush natijasida xalq kambag‘allashadi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash tanazzulga yuz tutadi, butun boshli avlodlar, umrlar boy beriladi. Urushning iqtisodiyot va inson kapitaliga salbiy ta’siri haqida — «Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi Muqaddamxon Saidrasulova maqolasida.
Jahon bankining yangilangan prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25% ga qisqarishi kutilmoqda. Mazkur tendensiya Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar sabab Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi va rubl kursining keskin qulashi bilan izohlangan. O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21% ga qisqarishi kutilmoqda.
Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekiston shaharlariga parvozlar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Jumladan, iFly 5 martdan boshlab kompaniya mamlakatga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha barcha rejali reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatadi. Bekor bo‘lgan reyslarda uchishni rejalashtirganlarga chipta xarid qilgan aviakassalariga murojaat qilishlari tavsiya etildi.
Juma kuni jismoniy shaxslar banklardan 86,5 mlndan ortiq miqdorda Rossiya rubli xarid qilgan bo‘lsa, 7,3 mln miqdorida rubl sotishgan. 3−4 mart kunlari o‘zbekistonliklar tomonidan banklardan jami 146,7 mln miqdorida Rossiya rubli sotib olindi va 12,8 mln rubl sotildi. Oradagi farq 11 barobardan ortiqroqni tashkil etdi.
UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan ilk kundayoq, sotilgan mashinalarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilinganini ma’lum qildi. Xususan, bir shaxs tomonidan 35 ta avtoulovga shartnoma tuzilgani aniqlandi. Kompaniya qayta sotuvchilar uchun yetkazib berish muddatini yana 120 kunga oshirishini eslatib o‘tdi.
Markaziy bank tijorat banklari rubl kursini mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilayotganini ma’lum qildi. O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutani (naqd va naqdsiz shaklda) olib kirish va olib chiqish bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatilgani aytildi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, «rubl uchun imtiyozli koridor bekor qilingan».
AQShning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni istisno qildi. OFAC hujjatiga ko‘ra, sanksiyalar tadbirkor 50 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qiladigan kompaniyalarga qo‘llanilamaydi. Ushbu istisno ilgari boshqa sabablarga ko‘ra cheklangan Alisher Usmonovga tegishli aktivlari yoki kompaniyalarning moliyaviy operatsiyalariga taalluqli emasligi aytildi.
Qashqadaryoda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i sherigi bilan pora olayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Antikorrupsiya agentligi Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi faoliyatida 1,2 mlrd so‘mdan ko‘proq moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqladi. Birlashmada aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘langani, tibbiyot texnikalari qimmat narxda sotib olingani, pullik tibbiy xizmatdan tushgan mablag‘lar maqsadsiz sarflangani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 10,18 so‘mga ko‘tarilib, 10 910,43 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, rubl kursi ham ko‘tarildi. Yevro kursi esa pasaydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni jismoniy shaxslar banklardan 60 mln rubl xarid qilgan bo‘lsa, qariyb 5,5 mln Rossiya valyutasini sotgan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni “Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaroga qadar rublda import shartnomasi tuzganlar tezroq eski narxlarda to‘lovini amalga oshirish manfaatiga egaligi” bilan izohladi.
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM xoldingi O‘zbekistondagi «Kapitalbank» aksiyalarini sotilganini e’lon qildi. Xolding tarkibidagi «Telekominvest» (Rossiya) va FINANCE TCI (O‘zbekiston) kompaniyalari fevral oyida «Kapitalbank»dagi ulushini 61,54 foizga yetkazgan edi.
Prezident «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi mumkin. Talabgorlar geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligiga murojaat qilishi lozim. Huquq 10 yil davomida amal qiladi, geografik ko‘rsatkichni boshqa davlatlarda ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Samarqand viloyatida fuqaroni Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga noqonuniy tarzda ishga kiritib qo‘yishga uringan shaxs 50 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Qolaversa, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ham ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘yishga va’da bergan shaxslar qo‘lga olindi.
Apple, BMW, Lego, Ikea, Canon, FedEx kabi logistika, raqamli texnologiyalar, onlayn-do‘konlar, yetkazib berish xizmatlari va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi global kompaniyalar Ukrainadagi urush ortidan Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda.
O‘zbekistonda banklar o‘zining valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Rossiya rublini almashtirishni boshladi. Markaziy bank ularga valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi “maqbul bo‘ladigan farq darajasini” saqlab qolishni tavsiya qildi.
3-martdan boshlab Uzauto Motors Chevrolet Traverse va Tahoe avtomobillarining yangi modellarini xarid qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshladi. Traverse narxlari 469,2 mln so‘mdan boshlansa, Tahoe narxlari 597,6 mln so‘mdan boshlanadi.
Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,38 so‘mga pasayib, 99,73 so‘mni tashkil qildi. Rubl kursi 2017 yil 5 sentabrdan buyon ilk bor 100 so‘mdan pasaydi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, dollar kursi esa ko‘tarildi.
Yevropa Ittifoqi VTB (Rossiyadagi ikkinchi yirik bank), Rossiya banki, “Открытие”, Sovkombank, Novikombank, Promsvyazbank va VEB banklarini SWIFT tizimidan uzib qo‘ydi. Shuningdek, YeI Rossiyaga yevrodagi banknotlarni sotish, yetkazib berish va eksport qilishni ham taqiqladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting