Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan yangi “qattiq moliyaviy sanksiyalar” qo‘llashga kelishib oldi. Unga ko‘ra, Rossiyaning sanksiya ostidagi banklari SWIFT tizimidan uzib qo‘yiladi. Shuningdek, Rossiya hukumatiga aloqador shaxslarning xorijdagi aktivlari muzlatiladi.
Uzauto Motors kompaniyasi agar avtomobillari narxini oshirmoqchi bo‘lsa, unda oldin 10,7 trln so‘mlik (taxminan $993,5 mln) yangi avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im va utilizatsiya yig‘imini to‘langanligini isbotlashi kerak, degan fikrda deputat Rasul Kusherbayev va iqtisodchi Otabek Bakirov. Davlat organlari yig‘imlar to‘lovlari haqida to‘liq ma’lumotni oshkor qilmayapti yoki taqdim etmayapti. Shunga qaramasdan «Gazeta.uz» 8 oy mobaynida beshta ishlab chiqaruvchi 3,3 trln so‘mdan ko‘proq utilizatsiya yig‘imini to‘laganligini aniqlashtira oldi.
2021-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 302 ta ta’lim muassasacida 16,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. 12 ta ta’lim muassasasidagi 2,7 mlrd so‘mlik kamchiliklarda esa jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlanib, huquqiy baho berish uchun tegishli organlarga yuborilgan.
Yaqinda O‘zbekistonning «O‘zagroeksportbank» bankini sotib olgan va sanksiyalar ostida qolgan Rossiyaning «Sovkombank» banki valyuta ayirboshlash, xorijiy valyutadagi depozitlarni qabul qilish va valyuta o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, ushbu bank kartalaridan Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlarida foydalanib bo‘lmaydi.
Yevroosiyo hukumatlararo kengashi O‘zbekistonning to‘rt yo‘nalishda, jumladan, temir yo‘l transportini raqamlashtirish, «Yevroosiyo Ekspress» loyihasi va boshqa yo‘nalishlarda YeOII ishidagi ishtirokini kengaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, bosh vazir Abdulla Aripov temir yo‘l va avtomobil transportida yo‘lovchi tashishni tiklashni taklif qildi.
25 fevral kuni Yevrosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini ta’kidladi.
ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov va Yevropa parlamentining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Devid Makallister O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi hamda «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimidan foydalanish doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,15 so‘mga ko‘tarilib, 10 860 so‘mni tashkil etdi. Yevro kursi pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Bloomberg nashri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida rossiyalik milliarderlar 39 mlrd yo‘qotganligini ma’lum qildi. «Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov 6,2 mlrd dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Alisher Usmonovning boyliklari 1,2 mlrd dollarga kamaygan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 10,57 so‘mga qimmatlab, 10 850,85 so‘mgacha ko‘tarildi. Bundan tashqari, yevro va rubl kurslari pasaydi.
Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda jismoniy shaxslar va norezidentlarga davlat qimmatli qog‘ozlarini xarid qilish huquqi beriladi. Hozirgi kungacha DQQni jismoniy shaxslar va norezidentlar orasida joylashtirilishi qonunan nazarda tutilmagan edi.
«O‘zagroeksportbank» 100 foiz davlat ulushi Rossiyaning «Sovkombank"i tomonidan 4 mln dollarga sotib olindi. Ushbu bitim ochiq tender orqali tuzilgan. Tenderda 4 ishtirokchi bankni xarid qilish istagini bildirgan.
Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning beshta bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi munosabati bilan, ushbu banklarda ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamlariga o‘tkazilgan har qanday mablag‘lar qaytarilishi yoki muzlatilishi mumkin. InfinBank matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha aniq ma’lumotlar yoki aniq ssenariylar yo‘q. «Bank o‘z mijozlarini ushbu holat bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishga qaror qilgan», — dedi u.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 29,59 so‘mga pasayib, 10 840,28 so‘mni tashkil qildi. Yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
1-martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha yuridik shaxslarga sement, sement klinkeri va qurilish oynasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat berildi. Shuningdek, kompaniyalarga qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda Afg‘oniston orqali o‘tayotgan transport vositalari va yuklar harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqishga kelishilgan. Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
OTB O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kmni yangilash, SARES-2 koridoriga kiruvchi G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu yo‘lining 87 kmni rekonstruksiya qilishga sarflanadi. Qolaversa, bank tadbirkor ayollar uchun 150 ming dollarlik grant ham beradi.
Yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 3,49 mlrd dollarni (import — 2,09 mlrd, eksport — 1,399 mlrd dollar) tashkil etdi. Bunda oltin eksporti asosiy rolni o‘ynadi va 586,6 mln dollar hajmida sotildi. 2021 yilning yanvarida oltin eksport qilinmagan edi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,27 so‘mga pasayib, 10 869,80 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan DXR va LXRlarni tan olish haqidagi farmoni ortidan jahon bozorlari «quladi». Moskva birjasi 2008 yilning noyabridan beri eng shiddatli pastlashni boshdan kechirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting