Senat davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Mansabdorlar davlat mulkini shartnoma tuzmasdan ijaraga bergan, ijarachining mulkni qabul qilib olishiga asossiz to‘sqinlik qilgan va boshqa hollarda jarimaga tortiladi.
O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida “chiroyli” avtoraqamlar savdosi o‘tgan yilga nisbatan uch barobar ko‘proq — 212,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Yangi turar joy sotib olganlar obyektlari qurilishdan oldin taqdim etilgan loyihalarga mos kelmasligidan doimo shikoyat qiladi. “CaEX Bizning uylar 2024” ko‘rgazmasi davomida arxitektorlar nomutanosibliklarga nima sabab bo‘lishi va o‘zlari qanday muammolarga duch kelishi haqida gapirib o‘tdi.
DSQning Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov aksar xorijiy mamlakatlarda soliq yig‘ish bo‘yicha yagona stavka qo‘llanmasligini ta’kidladi. “Vaqt o‘tishi bilan, tizim butunlay mustahkamlangandan so‘ng soliqqa tortishning progressiv shkalasiga o‘tish haqida o‘ylash mumkin”, — dedi u.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi noyabr-dekabr oylarida Ai-91 va undan yuqori turdagi benzinni ko‘proq ishlab chiqarishni boshlaydi, 2025-yil boshidan esa Ai-80 ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish rejalashtirilgan, dedi “O‘zbekneftgaz” AJ rahbari o‘rinbosari Odil Temirov.
“O‘zbekneftgaz” Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi ko‘magida quduqlarni burg‘ulash muddatini 45 foizga, ularni qurish tannarxini esa 35 foizga qisqartirish imkonini beruvchi Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini ochdi. Kompaniya yetkazib beruvchi bilan 4,45 mln va 243,3 ming dollarlik ikkita shartnoma tuzdi.
O‘zbekiston Afg‘onistondan 1 mln tonnadan ortiq ko‘mir import qilish, shuningdek, Mozori Sharifdagi Imom Al-Buxoriy madrasasida qurilish ishlarini boshlash, Transafg‘on temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish loyihalarini amalga oshirish niyatida, deb xabar berdi Afg‘oniston TIV.
Aprel oyida Toshkentda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari martga nisbatan o‘rtacha 0,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa o‘rtacha 1,12 foizga pasaydi. O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli va Olmazor tumanlarida bo‘lib turibdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov neft-gaz sohasida investorlar bilan tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishga oid savollarga javob berdi. Uning aytishicha, ayrim hollarda investorlarga qo‘shimcha majburiyatlar yuklangan, biroq ular investitsiya muhitining yomonlashuvi xavfi tufayli oshkor etilmagan.
O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga yangi tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, shuningdek, tabiiy gazni import qilish xarajatlari hisobga olingan, dedi energetika vaziri. Hozircha ijtimoiy me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmayapti.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston YAIMi 2024-yilda 6,5 foizga, 2025-yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, investitsiyalar va sof eksport o‘sish omillari, energiya va suv resurslari taqchilligi esa cheklovchi omillar bo‘ladi.
Prezident qarori bilan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ulgurji va chakana savdo uchun to‘lov sifatida AQSh dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat berildi.
Prezident Coca Cola kompaniyasi raisi va bosh direktori Jeyms Kuinsini qabul qildi. Investitsiyalar hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Chorshanba kuni kompaniya mamlakatdagi to‘rtinchi zavodini ochdi. Beshinchisi kelasi yili ochilishi kutilmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston bilan 2024-yilgi maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha bayonotni e’lon qildi. Missiya, jumladan, mamlakatga manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish va daromadlarni deklaratsiyalashning samarali tizimini joriy qilishni tezlashtirishni tavsiya qildi.
Aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan biroz tezlashib, 13,7 foizni (+1 foiz) tashkil etdi. Respondentlar orasida dorilar va tibbiy xizmatlar narxi keskin oshganini qayd etganlar soni sezilarli darajada ko‘paydi.
O‘zbekiston aholisining yillik inflyatsion kutilmasi kommunal xizmatlar narxlari ko‘tarilishidan so‘ng keskin oshdi, deyiladi Markaziy bankning martda o‘tkazgan so‘rovi natijasida. Korxonalar ham bu omilni qayd etgan, ammo ular valyuta kursi o‘zgarishining inflyatsiyaga ta’siridan ko‘proq tashvishlanmoqda.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida vizasiz rejim joriy etiladi. Shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga hudud ichida do‘kon va binolar sotib olishga ruxsat berildi. Savdoda so‘m bilan birga dollar, rubl, yevro va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat beriladi.
Birinchi chorakda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashdi, lekin birlamchi bozorda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi, deya xabar berdi Markaziy bank. Mamlakat bo‘ylab ijara narxi (dollarda) biroz oshdi (+1,4 foiz), Toshkentda esa 9,2 foizga pasaydi. Poytaxtda yer narxi sotixiga 364 mln so‘mga yetdi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, Tojikiston Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga may oyi oxirigacha qo‘shilishi kutilmoqda.
Prezident imzolagan qonun bilan 2027-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish QQSdan ozod qilindi. Shuningdek, dam olish mavsumidan boshqa vaqtda bolalar oromgohlarida xizmat ko‘rsatgan tadbirkorlar foyda solig‘i to‘lamaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting