Prezident farmoni bilan, 2026-yil iyuldan davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar, shuningdek, mahalliy elektr jihozlari uchun narx preferensiyalari qisman bekor qilinadi. obyektni parallel loyihalash va qurish jarayonida xarajatlarni budjetdan moliyalashtirish taqiqlanadi.
Prezident farmoni bilan, 2025-yil 1-yanvardan xususiy provayderlarga sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi. “O‘zbektelekom”ning tashqi internet kanali bo‘yicha monopoliyasini 2020-yildayoq bekor qilish rejalashtirilgandi.
Prezident farmoni bilan, 2026-yildan UzGasTrade`ning tabiiy gaz eksport va importi bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi, shuningdek, “O‘zenergosotish”ning ham elektr energiyasi bo‘yicha shunday huquqi bekor qilinadi. Yana bir qator kompaniyalarning maxsus huquqlari bekor qilinmoqda.
Turizm masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident temiryo‘l va aviachiptalarni kamida olti oy oldin sotuvga chiqarishni topshirdi. Shuningdek, chet ellik ijrochilar konsertlarini o‘tkazishga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish va qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tish jarayonini osonlashtirish buyurildi.
Qator hududlar aholisi gaz bilan ta’minlanmagan va qishda elektrdan isitish uchun foydalanishga majbur bo‘lmoqda, dedi deputat Doniyor G‘aniyev. U hukumatdan qishki davr uchun ijtimoiy normani (hozir oyiga 200 kVt/soat) oshirishni so‘radi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov masalani o‘rganishga va’da berdi.
O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari birinchi chorakda 5,3 trln so‘mga oshib, 52,6 trln so‘mni tashkil etdi. Daromadlar o‘sishi 11,3 foizgacha sekinlashdi (2023-yil yanvar-mart oylarida o‘sish 12,8 foiz bo‘lgan).
May oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 2,8 foizgacha tezlashdi, bu 2017-yil dekabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yillik narxlar o‘sishi 10,5% dan oshdi. Ko‘rsatkichga gaz (+29%), elektr (+67%) va ijara (+17,3%) tariflarining oshishi ta’sir qildi. Dori-darmonlar narxi o‘sishda davom etdi.
O‘zbekiston va yana 5 ta davlat vakillari CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” vakillari faoliyatni muvofiqlashtirish va tez buziluvchi yuklarni muzlatkichli konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsorsium tuzishni taklif qildi.
Prezident va tadbirkorlarning yillik muloqoti bu yil Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tadi. U yerda xalqaro biznes-forum ham o‘tkaziladi. Ochiq muloqotni tashkil etish bo‘yicha komissiya tuzildi. “Qoraqalpog‘istonda biznes yuriting” dasturi doirasida yirik brendlarni respublikaga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomani tuzishdan avval mazkur shartnomadagi narxlarni oldindan majburiy tarzda jamoatchilikka ochiqlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu bo‘yicha prezident farmoni loyihasini ishlab chiqdi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi ikkita yoqilg‘i quyish shoxobchasi egalariga tabiiy gazdan foydalanganlik uchun 15 mlrd so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vaziyatni o‘rganishi natijasida qarzdorlik bekor qilindi.
Markaziy bank e’lon qilgan AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi ketma-ket yettinchi savdo kuni pasaymoqda. 24-maydan buyon milliy valyuta deyarli 125 so‘mga (1 foiz) mustahkamlanib, mart oyidan beri ilk bor 12 600 so‘mdan pastladi.
Prezident tomonidan Buxoro viloyatida uchta yirik obyekt — MTO gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi va Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi boshlandi.
Birinchi chorakda gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplash uchun davlat budjetidan 8,1 trln so‘m subsidiya ajratildi. Bu butun 2024-yil uchun rejalashtirilgan subsidiyalar umumiy hajmining 85 foizini tashkil etadi.
O‘zbekistonda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (OSAGO) bo‘yicha tariflarni oshirish rejalashtirilmoqda. ILMA 2019-yilda tasdiqlangan sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqmoqda. Amaldagi tariflar zararlarni qoplashga yetmayotgani aytildi.
O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar uchun belgilangan limitning 10 foizidan ortig‘i miqdorida gaz yoki elektr energiyasi iste’moli uchun oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanadi, dedi energetika vaziri. Iste’molchilar energoauditi bo‘yicha ham yangi tartib joriy etiladi.
Tariflar oshirilganidan so‘ng may oyida O‘zbekistonda 2023-yilning shu davriga nisbatan elektr iste’moli 324 mln kVt/soatga, gazniki 125 mln kub metrga kamaydi, dedi energetika vaziri. Uning aytishicha, abonentlar va korxonalar soni ko‘payishi bilan iste’molning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolatdir.
2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bir yil davomida 5,7 mlrd dollarga o‘sib (reja qilingan 2,9 mlrd dollar o‘rniga), 34,9 mlrd dollarga yetdi. Olti yil ichida qarz 3 baravar oshdi. O‘tgan yili davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari keskin ortdi.
Prezidentga iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Energiya auditini o‘tkazishning yangi tartibi yo‘lga qo‘yiladi, rahbarlarga energiya samaradorligi bo‘yicha KPI`lar o‘rnatiladi, tashkilotlar, hududlar va binolar uchun energiya iste’moli reytingi joriy etiladi.
2023-yilda O‘zbekistonga 30 ta davlatdan umumiy qiymati 197 mln 842 ming dollar miqdoridagi gumanitar yordam yuklari kirib keldi. U asosan Germaniya, Xitoy, Shveysariya, AQSh va Belgiyadan yuborilgan va katta qismi sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting