O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari yuk mashinalari tranzitini soddalashtirish va ruxsatnoma blankalarini bekor qilishga kelishib oldi. Bu yetkazib berish muddatini qisqartirishi va yuk xavfsizligini oshirishi kutilmoqda.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiyasiga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi. Unga ko‘ra, 1-maydan boshlab uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan yo‘llarni ekspluatatsiyasi uchun e’lonlar davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
Fransiyaning Axens kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish doirasida qator qurilmalarni loyihalashtiradi. Loyiha “O‘zbekneftgaz”ga Ai-80 benzin ishlab chiqarishdan voz kechib, 1 mln tonnadan ortiq Yevro-5 sinfidagi Ai-92 va Ai-95 benzinlarini ishlab chiqarishga o‘tish imkonini beradi.
Hukumat davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini qattiqlashtirdi. Aprel oyidan boshlab ular xorijiy valyutadagi operatsiyalarni faqat asosiy hisobraqam ochilgan banklar orqali amalga oshirishi mumkin.
MB raisi Mamarizo Nurmuratov o‘zbek so‘mining 2023-yil birinchi choragiga nisbatan devalvatsiyasi yuqori bo‘lganini izohladi. Asosiy sabab — valyutaga bo‘lgan talabning ortishi va qarz to‘lovlarining ko‘payishi. U 25-aprelda so‘m dollarga nisbatan keskin (50 so‘mga) mustahkamlanganining sababini ham tushuntirdi.
2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Bu haqda 25-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.
15-maydan boshlab “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass uchun 40 foizga oshiriladi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” narxlar oshishini elektr-energiya, yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash maqsadi bilan izohladi.
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9−11 foizgacha oshirildi.
O‘zbekistonga lift import qiluvchi tadbirkorlar olgan 3 yillik muvofiqlik sertifikatlari amal qilishi 20-martdan keyin to‘xtatib qo‘yildi. Biznes mas’ul idoralar vaziyat bo‘yicha asosli javob bermayotganini ta’kidlamoqda. Tadbirkorlar ochiq raqobatni so‘rab, import cheklovlarini xato deb atayapti.
2024-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga gaz importi 360 mln dollardan oshdi (martda — 152,9 mln dollar), bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobar ko‘pdir. Bu davrda “moviy yonilg‘i” eksporti 45,4 mln dollarni tashkil etdi. Yetkazib berishdagi farq 314,8 mln dollar bo‘ldi.
Joriy yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 91 mingtaga yetdi yoki bir yarim barobarga oshdi. Deyarli barcha modellar orasida ishlab chiqarishning o‘sishi kuzatilmoqda.
Paynet to‘lov xizmatini boshqaruvchi Uzpaynet kompaniyasi ta’sischisi o‘zgardi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansidagi 100 foiz davlat ulushi New Industrial Technologies`ga o‘tkazildi. Davaktiv xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha yana rasmiy xabar bermadi.
Mart oyida O‘zbekiston 1,35 mlrd dollarlik, yil boshidan buyon esa 2,66 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.
Mart oyida O‘zbekistonda 2023-yilning martiga nisbatan gaz (-6,5 foiz) va neft (-11,1 foiz), shuningdek, benzin (-1,6 foiz) qazib olish kamaydi. Ko‘mir qazib olish esa biroz oshdi (+0,9 foiz).
23-aprel kuni soat 10:00 da UzAuto Motors belgilangan muddatda to‘lov qilinmagani tufayli avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan Damas avtomobillari kontraktatsiyasini qayta ochadi. Narxlar o‘zgarishsiz qoladi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga ko‘ra, Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxida fevralga nisbatan 0,61 foiz, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxida esa 0,76 foiz tushish kuzatildi.
Energetika vazirligi 1-maygacha gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilsa, eski tariflar to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab ikki oy davomida amal qilishini bildirdi. Biroq bu faqat ijtimoiy norma doirasida (100 kubometr va 200 kVt/soatgacha) amal qiladi.
IMV va Jahon banki o‘rtasida “Raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risida bitim imzolandi. Jahon bankining krediti mamlakat qishloqlaridagi minglab yoshlarning IT ko‘nikmalariga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Soliq qo‘mitasi 2024-yilning birinchi choragi bo‘yicha O‘zbekistonning eng yirik 20 ta soliq to‘lovchisi nomini ma’lum qildi. Davlat korxonalari orasida NKMK, OKMK va “Hududgazta’minot”, xususiy sektor orasida esa UZBAT, Enter Engineering va boshqalar yetakchilik qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jami qiymati 14 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 9 ta davlat xaridi bo‘yicha bayonnomalarni bekor qildirdi. Xususan, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” buyurtmachiligidagi 9,4 mlrd so‘mlik davlat xaridida affillangan shaxslar g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting