2023-yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 16 foizga — 2,6 mlrd dollardan 2,2 mlrd dollargacha qisqardi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YAIMga nisbati tarixiy maksimum — 8,6 foizga yetdi (7,8 mlrd dollar).
Toshkent shahri hokimligi prezidentning poytaxtdagi ikki tumanga tashrifi yakunlari bo‘yicha loyiha konsepsiyalarini ishlab chiqishga 825 mln so‘m ajratdi. “Chorsu” va “Eski jo‘va” bozorlari rekonstruksiyasi, “turizm halqasi”da yo‘laklar, mahallalarda mikro bog‘lar qurish va boshqalar shular jumlasidan.
Prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov budjet taqchilligi bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun fiskal qoidalarni kengaytirish va takomillashtirish, shuningdek, yangi qoidalarni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini aytdi. “Bu yilgi asosiy masala — makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash”, — dedi u.
Yunusobod tumanida 14 ta davlat tashkiloti 24,5 gektarni egallab turibdi. Bosh vazir va Toshkent hokimiga yirik developerlar uchun ularning o‘rnida savdo obyektlari qurish taklifini berish topshirildi. Shuningdek, Yevro-5 standartidagi mashinalar xarid qilishning yangi mexanizmlari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Poytaxtdagi Maxtumquli ko‘chasida joylashgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning Yashnobod filiali o‘rnida 21 qavatli bino qurish reja qilinmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusni bank rahbari kiritgan. Boshqa banklar rahbarlariga ham xuddi shunday loyihalarni amalga oshirishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov va xalq deputatlari kengashi tomonidan Toshkent shahri planetariysiga maketlar sotib olish, joriy ta’mirlash, yong‘in xavfsizligi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda kirish qismiga Planetariy so‘zini o‘rnatish uchun qariyb 1 mlrd 450 mln so‘m ajratildi.
Texnik xatolik tufayli pensiya oluvchilarning 3 foizi kartalariga pensiya o‘tkazish bekor qilingani haqida bildirishnoma olgan. Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki pullar qaytarilishiga ishontirdi. Barcha pensionerlar 5-aprelgacha pensiyasini oladi.
Fevral oyida O‘zbekiston 12 tonna qimmatbaho metall sotgan holda dunyoda eng ko‘p oltin sotuvchiga aylandi. 2023-yilda mamlakat oltin sotish bo‘yicha ikkinchi bo‘lgandi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi O‘zbekistonga avtomobillar olib kirishni cheklash rejasiga izoh berdi. Agentlikning tushuntirishicha, “butun dunyoda shu narsa bor, faqat O‘zbekistonda ishlamayotgandi”. O‘zgarishlarni 1-apreldan joriy etish reja qilingandi, lekin ayni paytda hujjat loyiha holatida.
Universal sug‘urta kompaniyasining ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan litsenziyasi 2-aprelda bekor qilindi. Sug‘urta tashkiloti ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajaradi.
“Toshkentning yer o‘ta cheklangan sharoitida bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur”, — dedi prezident. U yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish imkoniyatlari haqida gapirdi.
Prezident tadbirkorlarga Yunusobod tumanida loyihalar uchun bo‘sh joy topish qiyinligini aytdi. U Amir Temur shoh ko‘chasidagi sakkizta davlat idorasining eski binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obyektlari, ofis va yerosti avtoturargohiga ega mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga berishni taklif etdi.
Prezident viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 86 ta tumanidagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan qurilishi bo‘yicha loyihani ma’qulladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankidan 240 mln dollarlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonda tadbirkorlarga tashkil etgan yangi ish o‘rinlariga qarab ayrim soliq imtiyozlari beriladi. Bunda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan ayrim tadbirkorlar soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘z balansiga O‘zbekistondagi eng yirik kompaniya — Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2 foiz aksiyasini oldi. O‘tgan yillarda kompaniyani qisman xususiylashtirish rejalari haqida xabar berilgan edi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent jamoat transportida naqd pul bilan to‘lov narxini 3000 so‘mgacha oshirish rejasi borligini aytdi. Bunda naqdsiz to‘lovlar miqdori 1700 so‘m holida o‘zgarishsiz qoladi. “Elektron to‘lovga o‘tishga harakat qilyapmiz. Aholini shu narsaga qiziqtiryapmiz”, — dedi vazir.
O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.
Kinorejissor Sarvar Karimov “Gazeta.uz"ning “Mifonomika” loyihasida mehmon bo‘lib, soliq to‘lovchilarning pullarini kino sohasiga ajratish qanchalik o‘rinli ekani haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Davlat “30 yil shu narsani qilib ko‘rdik, demak, boshqacha yondashuv kerak”, deyishga kuch topa olishi lozim, deydi u.
Martda 0,7 foizlik inflyatsiya qayd etildi. Yillik inflyatsiya 7,98 foizgacha sekinladi, bu — 2016-yil maydan beri eng past ko‘rsatkich. Statistika agentligiga ko‘ra, go‘sht narxi 5 oydirki pasayib bormoqda, sut, shakar, un, kartoshka, piyoz, sabzi qimmatlashgan. Benzin, temiryo‘l va havo transporti narxlari oshdi.
Vazirlar Mahkamasi yengil avtomobillar uchun metanning eng baland chakana narxini ikki oyga uzaytirdi. Bir kubometr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting