Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,07 so‘mga pasayib, 10 839,97 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Toshkent viloyatida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan qurilgan 240 MVt quvvatli yangi issiqlik elektr stansiyasi elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi.
O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz vebsaytida 2021 yil davomida 298,8 mlrd so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning 48 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xarid qilingan.
O‘zbekiston va Tojikiston transport vazirliklari pandemiya tufayli to‘xtab qolgan avtobus qatnovini qayta tiklash masalasini muhokama qildi. Qolaversa, «O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy» transport koridorini rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Prezident qarori bilan Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomi berildi. SamDUni flagman universitet darajasiga olib chiqish maqsadida transformatsiya dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, universitet tarkibida ikki institut va bitta filial tashkil etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘ hamda harbiy texnika bilan ta’minlash, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish, serjant-yo‘riqchilarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. «Yangi usullar paydo bo‘layotgan hozirgi sharoitda muvaffaqiyat, ko‘p jihatdan, komandir-serjant boshqaradigan kichik bo‘linmalar harakatiga bog‘liq», — dedi u.
Koronavirusga qarshi emlangan fuqarolar o‘rtasida bosh sovrini avtomobil bo‘lgan yutuqli o‘yin tashkil etiladi. Qolaversa, SSV ish beruvchilardan 20 yanvarga qadar xodimlari koronavirusga qarshi emlanishini ta’minlashni so‘radi (yangilandi).
2021 yilda O‘zbekistonda aholi soni 712,4 ming kishiga ko‘payib, jami 35 mln nafardan ortiqni tashkil etdi. Aholining 49,7 foizi ayollar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Hududlar kesimida eng ko‘p aholi Samarqand viloyatida (4 mlndan ortiq) yashashi qayd etildi.
«Kapitalbank» bankomatlari faoliyati xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatiladi. Bankomatlar bosqichma-bosqich mart oyining o‘rtalariga qadar o‘chiriladi. 2021 yil 1 dekabr holatiga mamlakatdagi barcha bankomat va infokiosklarning 25 foizi «Kapitalbank»ga tegishli.
USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi hunarmand ayollar (5−50 mln so‘m miqdorida qo‘shma moliyalashtirish) va ayollar hunarmandchiligi korxonalarining (50−200 mln so‘m) loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
«Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotiga a’zolikda hamda 1999 yilning 16 fevralida Toshkentda bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi. U 23 yil davomida qidiruvda bo‘lgan.
Baliq yetishtirish bo‘yicha Jizzax tajribasi har bir viloyatda joriy etiladi. 1 fevraldan xonadonida baliq yetishtiruvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi, ularga ajratiladigan kredit BHMning 300 baravari — 81 mln so‘mgacha oshiriladi. Qolaversa, ularning yer hamda mol-mulk solig‘i 50 foizga qisqartiriladi. Shu asosda 2022 yilda butun respublika bo‘yicha 700 ming tonna baliq yetishtirish maqsad qilingan.
Koronavirus bo‘yicha kunlik holatlar ketma-ket oltinchi kun o‘sishda davom etayapti — payshanba kuni yana 824 kishida virus aniqlandi. Birgina poytaxtning o‘zida 434 ta holat qayd etildi. 3 kishi esa COVID-19 oqibatida vafot etdi.
15, 16 va 18 yanvar kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida shamol kuchayishi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, ayrim hududlarda esa kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bugun 03:00 larda Toshkent shahar tez yordam stansiyasiga borib, «tez yordam» holatini tekshirdi. Uning topshirig‘i bilan qo‘shimcha 40 ta tez tibbiy yordam mashinasi xizmatga biriktiriladigan bo‘ldi. Vazir shuningdek, Toshkentning 12 ta tumanida kasallik klinik belgilarsiz va yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish uchun COVID-poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi.
Poytaxtdagi Xalqlar do‘stligi maydonida bo‘lib o‘tayotgan harbiy texnikalar ko‘rgazmasida harbiy mashinalardan biri yonib ketdi. Jabrlanganlar yo‘q.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Aleksandr Lukashenkoning Qozog‘istondagi voqealar ortidan O‘zbekiston saboq olishi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. U mazkur bayonotni «asossiz» deb atadi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — dedi davlat rahbari.
Aleksandr Lukashenkoning so‘zlariga javob qaytargan Shavkat Mirziyoyev, Mudofaani boshqarish milliy markazi ochilgani, qurol yordamida to‘xtatilgan Malibu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot, poytaxtda portlatilgan «o‘t o‘chirgich» bo‘yicha 13 kishiga qo‘yilgan ayblov, Marokash shartnomasiga qo‘shilgan O‘zbekiston, hokimlarning kengash raisi maqomi bekor qilinmaganiga izoh bergan Senat va boshqa xabarlar «Gazeta.uz» ning 13 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaani boshqarish milliy markazi ochilishida ishtirok etdi. Mazkur markaz mamlakatdagi barcha kuch tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirishga ixtisoslashgan.
O‘zbekiston «omikron» tarqalayotgani munosabati bilan 15 yanvardan Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklov joriy etmoqda. Cheklovlar avialoqalarga hamda vatanga qaytayotgan fuqarolarga taalluqli emas.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting