Prezident qarori bilan respublikada gidroenergetikani rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2030 yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 3416 MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xususiy investorlar quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz hamda 5 MVtgacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona energetika tizimiga ulanmagan holda iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish huquqiga ega bo‘ldi.
Iyul oyida Toshkent viloyati Qibray tumanida bir oilaning to‘rt a’zosi (ota, ikki qizi va o‘g‘il) hamda uyda ishlagan quruvchini o‘ldirgan qotilga umrbod qamoq jazosi tayinlandi. U maxsus tartibli koloniyada jazo o‘taydi.
Osiyo taraqqiyot bankining 162 mln dollarlik loyihasi doirasida Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasi elektrlashtiriladi. «Buxoro-Xiva» liniyasining elektrlashtirilishi yillik yo‘lovchi tashish hajmini 2026 yilga kelib uch yarim barobardan ziyodga oshiradi. Loyiha natijasida yillik yuk tashish hajmi 2026 yilda jami 11,8 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Bosh prokuratura Toshkentda kesib tashlangan daraxtlar uchun to‘langan 1,8 mlrd so‘m miqdoridagi jarima puli Ekologiya qo‘mitasiga o‘tkazib berilmayotgani bo‘yicha izoh berdi. Bunga dastlabki tergov to‘xtatib qo‘yilgani sabab qilib ko‘rsatdi. Ayni damda tergov jarayoni qayta tiklangan.
Shaxriyor Nurulloyev Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori etib tayinlandi. Bungacha u Prezident Administratsiyasida ishlagan.
Og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatida Akbar Jo‘rayev oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni bo‘ldi. Ruslan Nurudinov esa kumush medalga ega chiqdi. Ikki og‘ir atletikachi chempionatda jami 6ta medal sohibiga aylanishdi.
Denovdagi portlash yuzasidan uch mansabdor hibsga olingani, TikTok uzilishlar bilan ishlay boshlagani, «Qo‘yliq» bozorining bosqichma-bosqich ko‘chirilishi, G‘afur G‘ulom bog‘ini ijaraga olgan investor majburiyatlarini bajarmagani, tuproqshunos Galina Stulinaning Orol dengizi haqidagi intervyusi va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 16 dekabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Baxshichilik san’ati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Kogon hokimiyati shaharda yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan bosh bekat hududida joylashgan do‘konni beg‘araz qabul qilib oldi. Hokimlik kelgusida uni muhtoj oilaga yashash sharoitini yaxshilash maqsadida berilishini ma’lum qildi.
Senatorlar navbatdagi yalpi majlisda Shuhrat Mahmudov, Rustam Haydarov va Djamol Choriyevni 10 yillik muddatga Oliy sud sudyasi etib saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda Toshkent maktablarida 550 ming o‘quvchi tahsil oladi. Besh yil ichida shaharda 30 ta maktab qurish rejalashtirilmoqda, biroq bu sinflarda joy yetishmasligi muammosini hal uchun yetarli emas. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat har yili 20−30 tadan maktab qura oladigan darajaga yetgunicha vaqtinchalik yechim sifatida bo‘sh binolarni ishbilarmonlardan ijaraga olish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan investor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganini ma’lum qildi. U bog‘ni ijaraga berish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.
Denovdagi savdo markazida yuzaga kelgan portlashda shahar gaz bo‘limi boshlig‘i hamda Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimi aybdor deb gumon qilinib, qamoqqa olindi. Ular o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik va moddiy qimmatliklar olganlikda ayblanmoqda.
Rossiyada A. U. Ye. (mahbus banditlar birligi) ramzi tushirilgan bosh kiyimdagi O‘zbekiston fuqarosi so‘roq qilindi. Uning jinoyatchilik olamiga aloqasi yo‘qligi hamda ruschani va RF qonunlarini yaxshi bilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Urganch shahri markazida Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari hududida 500 metrlik yangi tunnel foydalanishga topshirildi. Yerosti yo‘li soatiga 3200 ta avtomobil o‘tkazish imkoniyatiga ega. Viloyat hokimi Farhod Ermanov bu kabi tunnel viloyatlar orasida yagona ekanligini ta’kidladi.
Orol dengizining qurigan tubida qanday jarayonlar sodir bo‘lmoqda? Ushbu hududlarga ekilgan saksovullar unib-o‘sdimi? Ular tevarak-muhitga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Bugungi Orolbo‘yi haqida umidli qarashlar bormi? Tuproqshunos, biologiya fanlari doktori Galina Stulina tuproqshunoslik kasbini tanlash sabablari, Orolbo‘yi deganda qaysi hududlar tushunilishi, Orolqum cho‘liga uyushtirilgan ekspeditsiyalar va ushbu hududlarning istiqbollari, ayollarning fandagi muvaffaqiyatlari asoslari haqida.
Yil boshidan beri O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida 115 nafar inson jarohatlandi, 125 kishi esa halok bo‘ldi. Aynan qish mavsumida har uchta noxush holatdan bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanishdan kelib chiqmoqda.
Poytaxtning Bektemir tumani hokimi Tapil Maxamadziyayev «Qo‘yliq» ulgurji bozori Food City majmuasiga bosqichma-bosqich ko‘chishini tasdiqladi. «Food City`da shundoq sharoitlar yaratilganki, bunaqa sharoit Ecobozor`da ham yo‘q. «Qo‘yliq»da asfaltda o‘tirib sotgandan ko‘ra, o‘sha yerga oborib sotgan ma’qul», — dedi u.
Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertramga tarmoqni O‘zbekiston qadriyatlari va mintalitetiga moslash taklifini bildirdi. Kompaniya mas’ullari esa uning takliflarini inobatga olinishi qatorida, TikTok`ga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan. Tarmoq hanuz uzilishlar bilan ishlayapti.
Gonkongdagi Jahon savdo markazida katta yong‘in sodir bo‘lgani, KXDR asoschisi Kim Ir Senning ukasi vafot etgani, Braziliyada mer va deputat park taqdiri haqidagi bahsni ringdagi duel orqali hal qilgani, Yaponiyada koronavirusning omikron shtammiga chalinishga doir 15 ta yangi holat aniqlangani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting