Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya prezidenti Rejep Toyyib Erdog‘anning unga sovg‘a qilingan Turk dunyosi xaritasi bilan tushgan rasmi bo‘yicha munosabat bildirib, Kreml bu xaritada «uning markazi Rossiyada, Oltoyda joylashganini anglatuvchi qizil yulduz yo‘qligidan afsusda» ekanini ta’kidladi.
Yanvar-oktabr holatiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,6 mlrd dollarni tashkil etib, o‘n oylik davrda 7,8 mlrd dollarlik passiv tashqi savdo balansi kuzatildi. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga oshganiga qaramay, 2019 yildagi ko‘rsatkichga (34,3 mlrd dollar) yetib kelganicha yo‘q.
Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026 yilga qadar quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvati 8 ming megavattga yetkaziladi. Shuningdek, “yirik sanoat korxonalari ham o‘z energiya ta’minoti bo‘yicha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerak”.
2022 yilda «snos"lar tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash maqsadida davlat budjetidan 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Yakkabog‘ tumanida yashovchi 5 yoshli bola uyida chiroq soatlab o‘chayotgani bois mas’ullarga murojaat yo‘lladi. Qashqadaryo “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bir qator hududlarda “ta'mirlash ishlari olib borilishi sabab elektr ta’minotida uzilish bo‘lishini” ma’lum qilmoqda.
O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 mln nafardan ko‘proqni tashkil etmoqda. Shundan qariyb 3 mln nafari yoshga doir pensiya oluvchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,70 so‘mga ko‘tarilib, 10 756,03 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari esa pasaydi.
Doston Otabolayev karate WKF bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi. U Dubaydagi jahon chempionati finalida misrlik Abdulla Abdulazizni mag‘lub etdi (video).
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev videoselektor tarzida ilk «hokimlik soati»ni o‘tkazdi. U yig‘ilishda o‘ziga „hurmatli“ deb murojaat qilmasliklarini» aytib o‘tdi. Shuningdek hokim fuqarolarni qabul qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari Zoyir Mirzayev «fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan Telegram-bot tashkil etilishini» ta’kidladi.
Transport vazirligi inspektorlari endilikda avtomobil tashuvlari sohasida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni aniqlash, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish uchun planshetlardan foydalanadi. Dastlabki bosqichda Toshkent shahar va Toshkent viloyatida yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Endi OTM talabalari davlat imtihonidan yiqilsa, bir yil kutmaydi. Ular tomonidan qayta topshirish to‘g‘risidagi arizalar yig‘ilishiga qarab bir o‘quv yilida (3 yil davomida) ikki martagacha davlat imtihonlarini qayta topshira oladi.
Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi ulkan bayroq uchun 300 mln so‘m ajratish bo‘yicha qaror chiqardi. Keyinroq viloyat hokimi bunga e’tibor qaratib, shahar hokimi bilan kelishgan holda bayroq ustunini qurishni bekor qildi. Mablag‘lar yo‘l ta’miriga va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Aprel oyida ham viloyatning sobiq hokimi Zoyir Mirzayev 1 mlrd 350 mln so‘mlik bayroq qurilishini to‘xtatgan edi.
Senator Narimon Umarov matbuot anjumanida “Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri Senatga kiritilmaganini aytdi. Vaholanki, qonun iyun oyi oxirida Senat yalpi majlisida ma’qullangan edi. Mazkur holatga boshqa hech kim izoh bermadi.
Hafta boshida anomal iliq ob-havo saqlanib turadi. Chorshanba kuni Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik bo‘ladi. Havo harorati +13…+18 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Prezident qarori bilan Toshkent viloyatidan poytaxt tumanlariga o‘tkazilayotgan sug‘oriladigan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi ekinlari plantatsiya usulida joylashtiriladi. Intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, lizing asosida 7 yil muddatga aholiga beriladi. Toshkent shahar qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tashkil etiladi.
Yashnobod tumanida noma’lum shaxs mushuklarni paketga solib, pod’ezdga olib kirib, qiynagan va ulardan birini o‘ldirgan. Poytaxtga IIBBga ko‘ra, ushbu shaxs aniqlandi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Dushanba kuni poytaxtning 4 ta tumanida gaz quvurini qayta ulash ishlari rejalashtirilgani sababli ayrim hududlarda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
O‘zbekistonda to‘liq emlash kursini tamomlagan fuqarolarga koronavirusga qarshi ixtiyoriy buster doza bilan emlashga ruxsat berildi.
O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov 2022 yil uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Nomzodni Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy guruhiga a’zo davlatlar bir ovozdan ma’qullagan.
O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi chog‘ida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy, biologik xavfsizlik va xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlikka oid bitimlar, shuningdek, besh yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi imzolandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting