Samarqand shahrida itlar yo‘lda ketayotgan bolakayga tashlandi. Voqeaga guvoh bo‘lgan taksi haydovchisi itlarni haydab, bolakayga yordam berdi. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan, itlarning egasi aniqlangan taqdirda unga nisbatan chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida urg‘ochi jayron va uning bolasini otib o‘ldirgan brakonerlar qo‘lga olindi. Jonivor Qizil kitobga kiritilgan bo‘lib, yetkazilgan zarar 33 mln so‘mga baholanmoqda.
Qozog‘iston bilan chegaradagi “G‘ishtko‘prik” bojxona posti oldida 58 yoshli erkak yo‘lda ketayotgan notanish shaxsga pichoq bilan jarohat yetkazdi. PPX xodimlariga ham qarshilik qilgan shaxs rezina tayoq yordamida zararsizlantirildi. Jarohatlangan erkak kasalxonaga yotqizilgan.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘ldi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya rahbari, Shvetsiya bosh vaziri va Yevropa kengashi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng buni tasdiqladi.
BAAda o‘tgan Xalqaro biologiya olimpiadasida O‘zbekistondan 2 nafar maktab va 1 nafar litsey o‘quvchisi bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ularga 66 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 27 yoshli yigit ko‘p qavatli uyning balkon qismidan tushib, vafot etdi. Mart oyidan beri unda ruhiy buzilish kuzatilgani aytilmoqda. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshladi.
Ruminiyada badiiy gimnastika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Anastasiya Saranseva va Mishel Nesterova bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu natija orqali tarixda ilk bor o‘zbekistonlik gimnastikachilar JCHda medalli bo‘ldi.
Tijorat banklari 11-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 500−11 555 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 610−11 615 so‘m.
AQSh elchixonasi O‘zbekistondagi muddatidan ilgari prezidentlik saylovi yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida Qo‘shma Shtatlar Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini amalga oshirish va mamlakatda boshqaruv tizimini takomillashtirishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda prezidentlik saylovi “yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan” bo‘lsa-da, “haqiqiy raqobat"dan xoli bo‘ldi, deydi YXHT DIIHB missiyasi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, saylov kuni “sokin o‘tdi”, lekin qonunbuzarliklarsiz emas. OAVda tanqidiy yoritilmagani saylovchilarning “ongli tanlov"iga to‘sqinlik qildi.
“Gazeta.uz” prezident saylovi kuni Toshkentdagi bir nechta saylov uchastkalarida bo‘ldi va saylov okrugidagi 822 ta saylov uchastkasidan to‘plangan ovozlarni sanab chiqish jarayonini kuzatdi. Saylov g‘olibi Shavkat Mirziyoyev poytaxtda respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamroq ovoz to‘pladi.
Ekologiya vazirligi poytaxt va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindixonalarga 25 ta kamera o‘rnatdi. Yana 200 tasi o‘rnatilmoqda, keyin esa ular butun mamlakatni qamrab oladi (jami 1000 ga yaqin kameralar bo‘ladi). Vazirlik maishiy va qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlaganlik uchun jarimalarni eslatdi.
Qishdagi anomal sovuqda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi piyoz hosilining yo‘qotilishi Rossiyada bu sabzavot narxining keskin oshishiga olib keldi. May oyida Rossiyada piyozning o‘rtacha narxi kilogrammiga 73,3 rublga yetdi. Mamlakatga eng ko‘p piyoz yetkazib beruvchi davlatlardan biri O‘zbekiston hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va a’zolari “Amerika Ovozi” muxbirining savollariga javob berar ekan, MSKga hech kim tazyiq o‘tkazmagani, u mustaqilligi va Konstitutsiyaga asosan faoliyat olib borishi, qolaversa, YeXHT DIIHB “oliy hakam emasligi va unga yoqish uchun saylov o‘tkazilmasligini” ta’kidlashdi.
NATO davlatlari Ukrainaning harbiy blokka a’zo bo‘lish bo‘yicha arizasini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishga kelishdi. “Bu bizning NATO`ga yo‘limizni qisqartiradi”, — dedi Ukraina Tashqi ishlar vaziri.
Ta’mirlash ishlari tufayli 11-iyul kuni poytaxtning Yangihayot, Yashnobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlaridagi ba’zi ko‘chalarda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Alisher Usmonov dividendlardan eng ko‘p daromad olgan rossiyaliklar reytingida 7-o‘rinni egalladi. Ro‘yxatda milliarder “Metalloinvest”dan 64,7 mlrd rubl dividend olgani ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonda o‘tgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘yicha MDH kuzatuvchilari o‘z missiyasini yakunladi. Missiya “saylov muqobillik asosida, shaffof, ochiq, adolatli va demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tganini” qayd etdi.
Rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin poytaxtning “Bunyodkor” futbol klubi bosh murabbiyiga aylandi. Bungacha u Qirg‘iziston futbol terma jamoasi bosh murabbiyi edi.
Toshkent hayvonot bog‘ida 3 ta pushti flamingo jo‘jalari dunyoga keldi. Hozirda ularning patlari rangi kulrang, pushtilari bir necha oyda chiqadi. Shu paytga qadar flamingolarning ko‘payishiga maydonning kichikligi va tashrif buyuruvchilarning juda yaqin kelishi imkon bermagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting