Fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud umummilliy imtihonni o‘tkazadi. Imtihon ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1 dekabr kuni boshlanadi. Unda 15 yoshga to‘lgan va undan katta barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchiga 15 mln so‘m beriladi.
O‘zbekiston Afg‘onistonning Mozori Sharifidagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilish, texnik nosozliklar va jihozlarni ta’mirlashda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruh yubordi. Shuningdek, aeroportning 83 nafarga yaqin afg‘on texnik xodimlari O‘zbekistonda o‘qitiladi.
Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi tadbirkorning mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o‘tkazish evaziga pora olgan vaqtda ushlangani aytilmoqda. U sheriklari bilan har bir yuk ortilgan transport vositasiga 3,5 mln so‘mdan so‘ragan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
16 — 17 noyabr kunlari O‘zbekiston hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi. Shu kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati harorat kechalari 5−8° sovuqgacha, kunduz kunlari 0−3° iliqgacha bo‘ladi.
Moskva viloyatining Pribrejnaya ko‘chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida yuz bergan yong‘inda 2 kishi jarohatlangan va 4 kishi vafot etgan. Tashqi mehnat migratsiyasining Moskvadagi vakolatxonasi vafot etganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hozirga qadar tizim to‘liq raqamlashtirilmagani uchun xorijlik hamkasblari oldida uyalib qolayotganini ta’kidladi. «O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi», — dedi Abduqodir Toshqulov. U shuningdek, endi talabalar guvohnomasi ham ID karta shaklida bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Abduxakim Xadjibayev O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbariga o‘rinbosar etib saylandi.
O‘zining birinchi buyrug‘i bilan yangi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev avvalgi vazir Abduxakim Xadjibayevning buyrug‘i bilan qo‘llanilgan barcha intizomiy jazo choralarini bekor qildi.
Adliya vaziri gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani borasida fikr bildirar ekan, shartnoma shartini bajarmagani uchun ta’minotchi korxonalar ustidan sudga murojaat qilish kerakligini aytdi. «Shu yo‘l bilan hammasini tartibga solsa bo‘ladi. Mas’uliyati albatta oshadi, to‘lab ko‘rsin zararni keyin biladi qanaqa hal qilishini», — dedi Ruslanbek Davletov.
Juma kuni kechki payt huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Andijon viloyati prokuraturasi xodimi 15 ming dollar miqdoridagi porani olayotganida ushlandi.
Yanvar-oktabr oylari davomida sodir bo‘lgan 7684 ta yo‘l-transport hodisasida 1964 kishi halok bo‘lgan, 6886 kishi esa jarohatlangan. Bu raqamlar uzoq karantin cheklovlari amal qilgan 2020 yildagi jami ko‘rsatkichlardan ham oshishga ulgurgan.
Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik maktubini yo‘lladi. Davlat rahbari besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini 1000 dollarga yetkazish, sohaga ikki baravar ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilganini qayd etdi. U shuningdek, sana munosabati bilan 82 nafar tibbiyot xodimini davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkanini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Virusologiya instituti asoschisi, professor Shabat Xo‘jayev 98 yoshida vafot etdi. U O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lgan. Fan arbobi O‘zbekiston aholisini gepatit virusiga qarshi ommaviy emlash g‘oyasini ilgari surgan, 1990 yilga kelib, virusli gepatit B ga qarshi emlash dasturini ishlab chiqqan edi.
«Zarafshan Golden Group» MCHJ kompaniyasi rahbari, senator Ulug‘bek Fayziyev Navoiy viloyati Qiziltepa tumaniga hokim etib tayinlandi. Tumanga 25 yil rahbarlik qilgan Shabon Nabiyev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Tovuq sonlari va grechka, chaxoxbili, ramyon, qozon-kabob, kotletalar — Zira.uz tovuq go‘shtidan tayyorlanadigan sersuv taomlar retseptlarini taqdim etadi.
O‘zbekistonda yangi va eski avtomobillarni xarid qilish hamda vaqtincha olib kirish uchun to‘lovni xarid narxining 1 foizigacha kamaytirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, avtomobillar va uy-joylar oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun boj va yig‘imlarni unifikatsiya qilish taklif etilmoqda.
Bo‘stonliq tumanida 56 tup daraxt kesib tashlanishi, USAID O‘zbekistonga COVID-19 bilan kurashish uchun qo‘shimcha 2,5 mln dollar ajratishi, Shavkat Mirziyoyevning Turkiy kengash sammitidagi ishtiroki — “Gazeta.uz"ning 12 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Milliy tiklanish partiyasi rahbari elektron sigaretalarni cheklash taklifi bilan chiqdi. «32 mamlakatda elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak», — dedi Alisher Qodirov. Partiya fraksiyasi a’zolari uni qo‘llab-quvvatladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash sammitida Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tdi. U “Afg‘onistonning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbligini” aytib o‘tdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting