O‘zbekiston Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilishni boshlashi, Andijonda 6 kishi zo‘rlaganini aytgan ayol tuhmat uchun javobgarlikka tortilishi, Behzod Musayev tunda Toshkent shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rganishi — “Gazeta.uz"ning 15 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
«Samarqand» xalqaro aeroporti faoliyatining to‘xtatilishi 15 dekabrga qadar uzaytirildi.
Qonunchilik palatasiga kiritilgan Davlat budjeti loyihasiga muvofiq, 2022 yildan e’tiboran avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilinadi. Deputat Doniyor G‘aniyevning yozishicha, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji ham yagona miqdorda — BHMning 3 baravari etib belgilanishi kutilmoqda.
Antikorrupsiya agentligi Mehnat kodeksiga davlat organlariga o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishni taqiqlovchi o‘zgartishlar kiritishni taklif qildi. Qarindoshligi haqida xabar bermagan xodimlarga 5,4 mln so‘mgacha, xodimlarning qarindoshligini bila turib chora ko‘rmagan mansabdorlarga esa 8,1 mln so‘mgacha jarima qo‘llanilishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan mahallalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda investitsiya dasturlari ishlab chiqilishini, bunga esa hokim yordamchilari mas’ul bo‘lishini ma’lum qildi. «Bundan buyon investitsiya dasturlarini hokimlarning o‘zi mahallabay tamoyili asosida ishlab chiqadi. Ya’ni, dastur vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi», — dedi davlat rahbari.
Uchinchi chorak yakuniga ko‘ra, deyarli barcha banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari ijobiy darajada saqlanib qoldi. Spot`ning yozishicha, eng daromadli banklar uchligiga faqat davlat ishtiroki yuqori bo‘lgan — O‘zsanoatqurilishbank, O‘zmilliybank va Ipoteka bank kirgan. 4 ta tirojat banki esa zarar ko‘rishda davom etmoqda.
Andijon tumanida 6 nafar erkak tomonidan dala shiyponida zo‘rlanganini aytgan 20 yoshli kelin tuhmat qilganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Noyabrdagi jinoyat ishi appelyatsiyada ham ko‘rib chiqilgan va hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Jizzax viloyatida prezident maktabi ochildi. Maktabga 10 000 nafar nomzod orasidan 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu maktab 70,7 mlrd so‘m evaziga davlat budjeti hisobidan qurilgan.
O‘zbekistonlik qizlardan tashkil topgan IT Queens jamoasi AI Journey 2021 konferensiyasida qatnashib, dipfeyk materiallarni aniqlay oladigan ishlanmani taqdim etdi. Tadbir ishtirokchilari orasida bo‘lgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin loyiha muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,82 so‘mga pasayib, 10 721,24 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston qurolli kuchlarining hamkorlikdagi o‘quv mashqlari 17−24 noyabr kunlarida «Termiz» poligonida bo‘lib o‘tadi. Unda Su-30SM qiruvchilari, harbiy samolyotlar va uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish rejalashtirilgan.
YUNISEF Afg‘onistonda yosh nikohlar soni ortib borayotganidan xavotirda. «Afg‘onistondagi o‘ta og‘ir iqtisodiy vaziyat ko‘proq oilalarni yanada qashshoqlikka duchor qilmoqda va bolalarni ishga yuborish yoki erta yoshda qizlarni turmushga berish kabi umidsiz tanlovni amalga oshirishga majbur qilmoqda», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Behzod Musayev tunda poytaxt shifoxonalarida bo‘lib, bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatini o‘rgandi. Keyin u ertalab soat 4:30 da yig‘ilish o‘tkazdi, shundan so‘ng 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi.
Energetika vazirligi energoresurslarga bo‘lgan mavsumiy talab bilan bir vaqtda ularni yetkazib berish hajmining o‘sishi elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘layotganini ma’lum qildi. Shuningdek, chang bo‘roni, suv resurslari tanqisligi, energoresurslardan oqilona foydalanmaslik va tarmoqqa noqonuniy ulanishlar elektr ta’minotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Toshkentda noyabr-dekabr oylarida «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida Yoshlar oyligi o‘tkaziladi. Tadbir doirasida sport festivallari, intellektual loyihalar, madaniyat va san’at, moda va dizayn ko‘rgazmalari, Poytaxt party konsert dasturlari va boshqalar bo‘lib o‘tadi. Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev «ko‘plab syurprizlar» borligini ma’lum qildi.
Seshanba kuni mamlakatga Volga bo‘yi orqali nam va sovuq havo massasi kirib keladi. O‘zbekistonning barcha hududlarida yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, qorga aylanadi. Havo harorati kunduz kuni 0…-3 daraja sovuqgacha pasayadi.
Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 4,1 mlrd so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uning har kilosi 3,7 dollardan sotish ko‘zda tutilgan. Chigirtkalarni dalalardan yig‘ib olish uchun esa aholi vakillari jalb qilinadi.
OTM vaziri Abduqodir Toshqulov ta’lim muassasalarida guruh murabbiyi o‘rniga joriy etilgan «tyutor» lavozimi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalar ekan, uni o‘qituvchilarga yuklash holatlari uchrayotganini aytdi. «Maqsad professor o‘qituvchilarni o‘ziga asosiy ishiga xos bo‘lmagan ishlardan ozod qilish, u sifatli dars o‘tsin», — dedi u. Vazir shuningdek, darsga kechikib va xatto tayyorlanmasdan kelayotgan o‘qituvchilar vijdonan dars o‘tmayotganini tanqid qildi.
O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida — yangi namunadagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarildi. 1 noyabrga qadar elektromobillar uchun rasmiylashtirilgan davlat raqami belgilari bepul almashtirib beriladi.
Fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud umummilliy imtihonni o‘tkazadi. Imtihon ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1 dekabr kuni boshlanadi. Unda 15 yoshga to‘lgan va undan katta barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchiga 15 mln so‘m beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting